Ellarni birlashtiruvchi yoʻllar

12:26 12 Mart 2026 Jamiyat
547 0

Iqtisodiyot qon tomiri hisoblangan yoʻllarning ravonligi farovonligimiz ramzidir. Ravon yoʻllar transport vositalari umrini uzaytiradi, manzilga bexavotir va tez yetib olishga imkoniyat yaratadi. Shu jihatdan, hududlarni bogʻlovchi trassalardan tortib, mahalliy yoʻllargacha alohida eʼtibor berilmoqda. Bugun barpo etilayotgan keng va ravon, zarur infratuzilmaga ega zamonaviy yoʻllar Namangan viloyatida ham uzukka koʻz qoʻyganday yarashib turibdi.

— Yangi va zamonaviy rusumdagi avtomobillar uchun ravon yoʻllar kerak, — deydi viloyat avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi boshligʻi Dilshodbek Sayfiddinov. — Viloyatimizda umumiy foydalanilayotgan 3229 kilometr avtomobil yoʻllari boʻlib, ularni tekis holda saqlash, joriy taʼmirlash va atrofini koʻkalamzorlashtirish doimiy nazoratimizda. Xususan, keyingi yillarda yoʻlsozlikda zamonaviy andozalarga oʻtildi. Qurilish va taʼmirlash ishlariga ilgʻor texnologiya kirib kelyapti. Aholining koʻp eʼtirozi ichki yoʻllar muammosi bilan bogʻliq. Toʻgʻri, odamlarni qiynab kelgan qishda loy, yozda chang yoʻllar bor. Ularga fayz kiritish ishlari davom etmoqda. Masalan, oʻtgan yilning oʻzida birgina “Tashabbusli byudjet” doirasida gʻolib chiqqan mahallalarning 564 kilometr uzunlikdagi koʻchalariga asfalt yotqizildi.

Keyingi paytda olis mahallalar yoʻllari nosozligi bilan bogʻliq muammolar bosqichma-bosqich yechimini topayotgani kishini quvontiradi. Bunda ayni hududlarda istiqomat qilayotgan aholining faolligi yaxshigina hissa qoʻshayotganini ham taʼkidlash oʻrinlidir. Masalan, Toʻraqoʻrgʻon tumanining markazdan 20 chaqirim uzoqlikdagi Shovon mahallasida 8 kilometrga yaqin yoʻl koʻpchilikning moliyaviy ishtiroki bilan asfaltdan chiqarildi.

– Hududimiz oʻtgan yili “Obod mahalla” dasturi asosida butunlay yangi qiyofaga kirdi, – deydi mehnat faxriysi Muhammajon Yoʻlchiboyev. – Davlat hisobidan ajratilgan katta mablagʻ hisobiga toza ichimlik suv taʼminoti barcha xonadonlarga yetib bordi, qoʻshimcha quvvat transformatorlari oʻrnatilishi bilan tarmoqdagi uzilishlarga butunlay barham berildi. Fuqarolar yigʻini uchun zamonaviy bino tiklandi, kichkintoylarimizga oʻyin maydoni qurildi. Bunday xayrli ishlar jamoatchilikning qarashini oʻzgartirdi. Davlat shuncha ishlarni qilib beryapti, biz tomoshabin boʻlib tursak yarashmaydi-da, kelinglar mahalla obodligi uchun oʻz hissamizni qoʻshamiz, deyishdi koʻpni koʻrgan nuroniylar. Tadbirkorlar bilan kengashib, hududdagi ichki yoʻllarni asfaltlashga kelishdik. Ishbilarmonlar homiyligida uch milliard soʻmga yaqin mablagʻ toʻplandi. Hozirda koʻchalarimizning bari asfalt bilan qoplangan. Uni yotqizish jarayonida mahalladoshlarimiz yana faollik koʻrsatishdi. Yangilangan yoʻl uzoq yillar xizmat qilishi uchun har bir oila hovlisi roʻparasidagi asfalt yoqasini sementli aralashma bilan chegaralab chiqdi. Har kuni tongda koʻchaga chiqqan chogʻim ravon yoʻllarni koʻrib dilim yayraydi. Endi yogʻin-sochinli kunlardan ham koʻnglimiz toʻq, loyli koʻchalar tarixda qoldi.

Eʼtiborli jihati, endilikda Shovondagi singari ibratli ish viloyatning koʻplab mahallalariga koʻchgan. Joylarda “Tashabbusli byudjet”dan ajratilgan mablagʻni kutib oʻtirmasdan ichki yoʻllarni asfaltlash harakatini barcha tumanlarda uchratasiz.

Viloyatda yoʻlsozlikdagi yirik loyihalar izchillik bilan ijrosini topayotgani alohida eʼtiborga molik. Ulardan biriga muvofiq Pungon — Namangan avtomobil yoʻli qayta qurilmoqda. Mamlakatimiz poytaxtini vodiy viloyatlari bilan bogʻlovchi Fargʻona halqa yoʻlining bir qismi boʻlgan mazkur trassada ayni paytda bir kecha-kunduzda oʻrtacha 20 mingdan ziyod transport vositalari qatnaydi. Keyingi paytlarda harakat oqimining jadal ortishi natijasida uning oʻtkazish qobiliyati pasaya boshladi. Albatta, bunday holat tirbandliklarni yuzaga keltirishi tabiiy. Shundan kelib chiqib, 75 kilometrlik yoʻlni rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha ishlab chiqildi. Bir muddat avval ijrosiga kirishilgan 246,8 mln. dollar qiymatidagi ushbu loyiha Xitoyning “CITIC Construction” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

“Moliyalashtirish — loyihalash — qurish” tamoyiliga asoslangan avtoyoʻlni rekonstruksiyalash ishlari toʻrt yilga moʻljallangan boʻlib, ayni paytda qatnov tartibini ikki tasmalidan toʻrt tasmali sement-beton qoplamaga oʻtkazish, yuk koʻtarish qobiliyatini amaldagi 10 tonnadan 13 tonnaga oshirish, transport vositalari kunlik harakat jadalligini oʻrtacha 40 mingtaga yetkazish koʻzda tutilgan.

Boshqa bir loyiha esa Namangan shahri — Uchqoʻrgʻon avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilishga yoʻnaltirilgan. Uychi tumani orqali Uchqoʻrgʻon va Norin tumanlarini viloyat markazi bilan bogʻlovchi 17,5 kilometr masofada yangi yoʻnalish boʻyicha qayta qurish rejalashtirilgan ushbu obyektning umumiy qiymati 184 mlrd. soʻmni tashkil etadi. Loyiha doirasida koʻprik qurilishi ham koʻzda tutilgan.

Barchamizga yaxshi ayonki, safarning bexatar boʻlishi yoʻllarning ravonligi bilan chambarchas bogʻliq. Bunda transport vositalari harakatiga piyodalarning xalaqit bermasligiga ham ahamiyat qaratish kerak. Namangan shahrining Sardoba dahasida barpo etilib, yoʻlovchilar oʻtishi uchun yaqinda tiklanib, ishga tushirilgan osma koʻprik ayni maqsadga xizmat qiladi. Uni qurish hududda joylashgan katta bozor yonidagi tirbandlikni bartaraf etish zaruratidan kelib chiqqan. Uzunligi 38, eni 3 va asosiy yoʻldan balandligi 6 metrni tashkil qiladigan inshoot foydalanishga topshirilishi bilan Alisher Navoiy nomli koʻchaning ushbu qismida transport vositalari tirbandligiga barham berildi.

Xalqimiz orasida “Yoʻl qurmoq — savob” degan naql yuradi. Iqtisodiyotimizning qon tomiri, ellarni, dillarni va koʻngillarni birlashtiruvchi muhim vosita. Qaysi mamlakatda yoʻllar kaftdek tekis va zamonaviy asosda barpo etilgan boʻlsa, oʻsha yurtda taraqqiyot ildam odimlaydi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер