Elektron sigaretalar muomalasi taqiqlanmoqda
Foto: Yunus Bo‘riyev, Davronbek Ernazarov / «Xalq so‘zi»
Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ba’zi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda aholi o‘rtasida, ayniqsa bolalar va yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, shu jumladan tamaki mahsulotlari tarqatilishining va iste’mol qilinishining oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda tamaki mahsulotlarining yangi turlarini, xususan, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalarni qonunga xilof ravishda mamlakatimizga olib kirish hamda muomalaga kiritish hollari ko‘paymoqda.
Shu munosabat bilan, tamaki mahsulotlarining, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarining, shu jumladan elektron sigaretalarning va ular uchun suyuqliklarning muomalasini mamlakatimiz hududida taqiqlash, ularni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish, shuningdek, tamakini qizdirish tizimlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish uchun javobgarlik belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlarini, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalarni va ular uchun suyuqliklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek olib kirish va olib chiqish uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Ushbu Qonun nafaqat aybdor shaxslarni jazolashga qaratilganligi bilan, balki sodir etgan noqonuniy harakatlari to‘g‘risida o‘z ixtiyori bilan hokimiyat organlariga arz qilgan va muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni topshirgan shaxslarni javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutishi bilan ham ahamiyatli ekanligi qayd etildi.

Senatorlar tomonidan Qonun aholining hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishga, millat genofondini saqlashga hamda atrof muhitni tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlaridan muhofaza qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.





Foto: Yunus Bo‘riyev, Davronbek Ernazarov / «Xalq so‘zi»
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring