Elektron hisobvaraq-fakturalarda xavf darajasini baholashda yangicha yondashuv

11:29 17 Oktyabr 2025 Jamiyat
216 0

Soliq qoʻmitasi tomonidan “Elektron hisob-varaq fakturalarni xavf darajasiga qarab inson omilisiz avtomatlashtirilgan tarzda tahlil qilish tizimi” haqida jurnalistlar uchun taqdimot oʻtkazildi.

Taqdimotda qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining “Qishloq xoʻjaligi sohasida qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida 2026-yil 1-yanvardan elektron hisobvaraq-fakturalarni (EHF) xavf darajasiga qarab real vaqt rejimida avtomatlashtirilgan tarzda tahlil qilish tizimini joriy qilish belgilangan.

Mazkur Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda yangi tizim ishlab chiqilgan boʻlib, bu EHF rasmiylashtirishda qonunbuzilish ehtimolini baholash imkonini beruvchi kompleks mezonlar tahliliga asoslanadi. Shu bilan birga, yangi tizim soliq maʼmuriyatchiligining raqamli transformatsiyasida muhim bosqichga aylanishi va iqtisodiyotda yashirin aylanmalar ulushini keskin kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Hujjatga koʻra, yangi tizim har bir EHFni yaratish jarayonidayoq avtomatik tahlil qiladi va unga xavf darajasini belgilaydi. Agar yuqori xavf belgilari aniqlansa, EHFning maqomi xaridorga koʻrsatiladi. Bu esa soliq oqibatlarini baholash va hamkor tanlashda ehtiyotkorlikni taʼminlaydi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, hozirgi bosqichda tizim sinov tariqasida ishlamoqda va tadbirkorlik subyektlari yoʻl qoʻyayotgan yirik xatolar va qonunbuzilishlarni avtomatik ravishda aniqlaydi, ularga nisbatan hech qanday taʼsir choralari qoʻllanilmayapti.

Tizimda yuqori xavf darajasiga ega EHF boʻyicha quyidagilar nazarda tutiladi:

— ularning ulushi hisobot davrida rasmiylashtirilgan jami EHFlar sonining 10 foizidan oshmasligi;

— QQS summasi sotuvchi (yetkazib beruvchi) yoki xaridor (buyurtmachi) tomonidan byudjetga toʻliq toʻlangandan keyin hisobga olinishi.

Maʼlumotlarga koʻra, iyul oyidan boshlab Soliq qoʻmitasining rasmiy veb-sayti va boshqa axborot kanallarida tadbirkorlar tomonidan elektron hisobvaraq-fakturalar (EHF) rasmiylashtirish jarayonida yoʻl qoʻyilayotgan qoʻpol xatolar va soliq qonunchiligi buzilishi holatlariga oid misollar eʼlon qilib borilmoqda. Bu holatlar yangi tizim yordamida aniqlanmoqda.

Oʻrganish natijalariga koʻra, joriy yilning iyul — sentyabr oylarida 27 ta soliq toʻlovchi tomonidan iqtisodiy mazmunga mos kelmaydigan operatsiyalar amalga oshirilgani aniqlandi. Bu bilan 27 ta shubhali korxona tomonidan 281 ta korxonalarga 5,9 trln. soʻmlik EHF rasmiylashtirilgan va 706 mlrd. soʻm QQS summasini hisob (zachyot)ga olish holatlari kuzatilgan.

Taqdimotda soliq organlari tomonidan xufiyona iqtisodiyotning oldini olish, qonun ustuvorligini taʼminlash, shu bilan birga insofli, soliqlarni oʻz vaqtida, vijdonan toʻlaydigan soliq toʻlovchilarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida shubhali operatsiyalarni aniqlash boʻyicha tizimli ishlar olib borilayotgani aytib oʻtildi. Bu soliq majburiyatlarini bajarishda shaffoflik va adolatni taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

“Xalq soʻzi”.

Akmal MUHAMMADOV olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?