Doʻst bilan obod uying...

12:31 12 Oktyabr 2024 Jamiyat
499 0

Faxriddin BOZOROV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbek va qirgʻiz xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik ming yillarga borib taqaladi. Tili, dini, urf-odatlari va qadriyatlari bir-biriga yaqin bu xalqlar oʻrtasidagi qardoshlik rishtalarini uzib boʻlmaydi. Chunki ular qadrdon qoʻshni, boshiga ogʻir kunlar tushganda yelkadosh boʻlib, bir-birini qoʻllab-quvvatlab yashab kelishgan. Soʻnggi yetti yilda oʻzbek-qirgʻiz xalqlari oʻrtasidagi azaliy qoʻshnichilik aloqalari yanada mustahkam asosga ega boʻldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan odilona va oqilona siyosat tufayli Oʻzbekiston Markaziy Osiyoga, xususan Qirgʻizistonga ham chegaralarini keng ochdi. Chegara postlarida ortiqcha ovoragarchiliklarga barham berildi, soddalashtirilgan yagona tartib joriy etildi. Bundan ikki xalq vakillari ham birdek manfaatdor.

—Qirgʻizistonning Oʻsh viloyatidagi qarindoshlarimnikiga tez-tez borib turaman,—deydi Jizzax shahrida yashovchi onaxon Arzixon Alimova. —Har gal chegaradan oʻtayotganimda ilgarigi qiyinchiliklar koʻz oʻngimdan oʻtadi. Buni sezib turgan chegara posti xodimlari “opa, bemalol oʻtavering, hech qanday toʻsiq yoʻq” deyishadi. Allohga shukur, shunday yorugʻ kunlar ham kelar ekan, deb duoga qoʻlimni ochaman. Rostini aytsam, bundan 7-yil oldin yaqinlarimizning taʼziyasiga ham bora olmaganmiz. Soatlab, chegara yonida sargʻayganmiz, turnaqator navbatlarning oxiri koʻrinmasdi. Baʼzan yigʻlab-yigʻlab uyga qaytib ketgan kunlar ham boʻlgan. Shuning uchun davlatimiz rahbariga oʻzimning cheksiz minnatdorligimni bildiraman.

Arzixon Alimova asli Qirgʻizistonning Oʻsh viloyatida tugʻilgan. 1980-yilda Jizzax shahriga kelin boʻlib tushgan. Onaxon qoʻli gul hunarmand. Qirgʻiz qurogʻi kashtasi ustasi. Yoshligida buvisidan oʻrgangan hunarni bugun Jizzaxda koʻplab yoshlarga oʻrgatib kelmoqda. Turli zarhal ranglarda jilo sochuvchi qirgʻiz quroqchiligi nafaqat yurtimizda balki Qirgʻiziston va Qozogʻistonda ham mashhur.

Quroqchilik haqida gap ketganda, shuni aytish joizki, u milliy hunarmandchiligimizning betakror turi boʻlib, mayda mato boʻlaklari bir-biriga mos tarzda ulanib, serjilo manzara yaratiladi. Aslida buyam bir sanʼat va sohibidan juda katta mahorat talab etadi. Chunki quroqchilik milliy hunarmandchiligimizning betakror turlaridan hisoblanadi. Turli rang va shakldagi mayda mato parchalaridan buyum, bezak hosil qilinadi. Koʻrpa, koʻrpacha, choyshab, soʻzana, dasturxon, gilam va boshqa jihozlar qadimda shu usulda tayyorlanib, koʻzni quvnatadigan serjilo sanʼat namunalari yaratilgan.

—Yoshligimda oilamizda quroqchilik asosiy hunarimiz boʻlgan,— deydi Arzitxon opa. — Ayniqsa, buvim mohir quroqchi edi. Uning qoʻlida sayqal topga soʻzanalarning bozori chaqqon boʻlib, xaridorlar oldindan buyurtma berishardi. Bunday quroq koʻrpacha va soʻzanalar kelin uylariga fayz kiritgan. U paytlar xonalarni quroq soʻzanalar bilan bezash urfga aylangan edi. Jizzax shahriga kelin boʻlib tushganimdan soʻng bu kasbni davom ettirib, bu yerda ham koʻplab xaridorlar topdim. Eng quvonarlisi esa xorijliklar men tikkan quroqlarga ishqiboz boʻlib, buyurtmalar bera boshladi. Shu tariqa oʻzimning hunarmandchilik seximni ochib, shogirdlar tayyorlayapman. Bugun qirgʻiz va oʻzbek nusxalari bilan uygʻunlashgan yangi quroqlar paydo boʻldi. Bu — oʻzbek-qirgʻiz xalqlarining azaliy doʻstligi bardavom ekanini anglatadi.

Darhaqiqat, Arzixon opa shu yerda —Jizzax shahrida palak yozdi. Farzandlar oʻstirib elga qoʻshdi. Shu zaminni oʻzining Vatani deb biladi. Yurtga boʻlgan cheksiz muhabbatini oʻz qoʻllari bilan tikkan soʻzanalarda aks ettiradi. Onaxonning oʻzbek va qirgʻiz xalqlari doʻstligi, qardoshligiga qoʻshgan hissasi davlatimiz tomonidan munosib baholanib, 2023-yilda “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi.

—Koʻpincha oʻz-oʻzimga “men nechun sevaman Oʻzbekistonni” degan savolni beraman. Va shu zaminda tomir otganim, farzandlarimni elga qoʻshganim va bu yerda yashovchi turli millat vakillari bilan qadrdon boʻlib ketganim koʻz oʻngimdan oʻtadi,— deydi onaxon.— Yurtni sevish uchun unga munosib farzand boʻlish kerak. Buni men oʻzimga shior qilib olganman. Bolalarimni ham Vatanga munosib farzandlar boʻlish, uning tarixini oʻrganish, qadriyatlarini hurmat qilish ruhida tarbiyalayapman.

Jizzaxlik onaxon Hosiyatxon Mustafoyeva ham Arzixon opa yaratgan soʻzanalarga qarab, quroqlarda hunarmandning Vatanga boʻlgan mehri aks etib turgani haqida soʻzlaydi. Hosiyatxon opa olima ayol. 30-yil Jizzax politexnika institutida talabalarga saboq bergan. Toʻqimachilik, tikuvchilik sohasini yaxshi biladi. Qoʻl mehnati orqali kashtalarga mehr oʻtadi, deb hisoblaydi.

—Arzixon opani uzoq yillardan buyon bilaman, — deydi H. Mustafoyeva. —Juda mehnatkash va qoʻli gul ayol. Tinim bilmaydi, hech ishdan bosh koʻtarmaydi. Zehni oʻtkir, tafakkuri yuksak hunarmand ekani uchun ham uning qoʻlida sayqallangan quroqlar misoli mehrdan, muhabbatdan soʻzlayotgandek tuyuladi. Uning tarixga qiziqishi, mustaqilligimiz uchun kurashgan milliy qahramonlar haqida koʻp oʻqib oʻrganayotganini bilaman. Ayniqsa, Arzixon opa Oloy malikasi nomini olgan Qurbonjon dodxoh haqida koʻp gapiradi. Bugungi dorilamon kunlarga yetishimizda shunday milliy qahramonlarning hissasi katta deb hisoblaydi.

Haqiqatda Arzixon opaning qadimiy va milliy quroqchilik namunalari yurtimizda turizmni rivojlantirishga katta hissa boʻlib qoʻshiladi. Chunki xorijliklar qoʻlda yaratilgan va sharq xalqlarining qadimiy orzu intilishlari aks etgan serjilo soʻzanalarning asosiy xaridoridir. Shu jihatdan Arzixon opa Toshkent shahrida ham oʻz koʻrgazmasini ochishni niyat qilgan.

—Qurbonjon dodxoh Toshkent shahrida ham savdo-sotiq bilan shugʻullangan,— deydi Arzixon opa. —Naslli ot, qimiz, turli matolar savdo-sotigʻi avj olgan. Shu bois men ham Toshkent shahridagi Oloy bozori hududida qirgʻiz oʻtov tikib, oʻzining quroqlarim bilan bezasam, sayyohlar uchun koʻhna tarix durdonalarini yaratsam, nur ustiga nur boʻlardi. Oʻtov yonida Qurbonjon dodxoh siymosi aks etib tursa, ikki xalq doʻstligiga ramz boʻlib xizmat qilardi.

Zotan, yurtimizda yashayotgan turli millat va elatlarning tili, dini, urf-odatlari va qadriyatlari hurmat qilinadi. Bu yangi Konstitutsiyamizda ham oʻz aksini topgan. Shunday ekan, yurtimizda bir ota-ona farzandlaridek ahil yashayotgan xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikni yanada mustahkamlash har birimizning vazifamizdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер