“Doʻppi tikdim ipaklari tillodan...”

18:59 19 Iyun 2025 Jamiyat
216 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Nurota togʻlari janubda hosildor yerlar, shimolda lalmikor tekisliklar orqali bepoyon Qizilqum choʻlliklariga tutashib ketadi. Mazkur hududdagi oʻnlab qishloq va ovullarda ming-ming yildirki nurotaliklar istiqomat qilib, turmush tarzi, udum va anʼanalari, odat hamda moddiy va nomoddiy ulkan madaniy merosi bilan umuminsoniy qadriyatlar xazinasida bebaho ulushga ega.

Ular orasida ellik ming yillik tarixga ega Nurota chashmasi shunchaki obi-hayot manbasi emas, balki el maʼnaviy boyligining timsoli sifatida ham qadrli. Ushbu buloq oftobga tutgan koʻzgu ziyosida yurtimiz ulkan maʼnaviy zaxiralarining bobomeros boyliklari jilva qiladi. Chashma sobit togʻlar bagʻridan suv olganidek, nurotaliklarning maʼnaviy bahra ildizlari qadim-qadim oʻtmishga bogʻlangan. Xususan, har bir oilada oʻz maktabiga ega chevarlik Chashmaga teng tarixga ega. Yangi-yangi jihatlar bilan sayqal topgan mazkur sanʼat endilikda ulkan maʼnaviy meros sifatida turli tadqiqotlar manbai hamdir. Har bir kashtachilik namunasi oʻz davrining kayfiyatini ifodalaydi.

— Kashtachilik maktablari orasida Nurota kashtachiligi oʻzining kompozitsion tuzilishi va yorqin koloriti bilan ajralib turadi, — deydi nurotalik sanʼatshunos Amin Qodirov. — Hayotda bevosita qoʻllanadigan turli shakldagi kashtachilik buyumlari “soʻzana”, “nimsoʻzana”, “zardevor”, “joypoʻsh”, “belbogʻ”, “peshonaband”, “shona-xalta”, “oyna-xalta”, “qalamdon-qopi” kabi buyumlarning har biriga ishlatilishiga koʻra naqsh tanlanadi. Bizning anʼanaviy kashtachiligimizda shoh, novda, barg singarilar qoʻshimcha unsurlar sifatida qoʻllanilib, asosiy mohiyatni ochib berish, gullar zimmasiga yuklatiladi. Har bir tasvir orzu niyatni ifoda etadi. Masalan, anor — farzand belgisini anglatsa, qalampir — yomon koʻzlardan asraguvchi tumor sifatida anglashiladi, bodom — rizq-roʻz, ochilgan gullar — muhabbat, shoxchali gullar majmuasi — farovon hayot, qushlar baxt-omadni ifodalaydi.

Nurota kashtachilik maktabi xom-ashyoga dastlabki ishlov berishdan tortib, yakunida tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab olishi bilan ajralib turadi. Bunda u sanʼat darajasiga koʻtarilganligi, har bir namuna alohida ahamiyatga ega boʻlib, unda maʼlum bir yoʻnalishlar oʻz aksini topganligida kuzatish mumkin. Turli naqshlar, novda, barg, gullar singari unsurlar bu yerda xalqning orzu-havas, turmush tutumini ifodalaydi.

— Nurota kashtachiligi hududning sayyohlik jozibadorligini taʼminlovchi omillardan biri, — deydi sanʼatshunos Musallam Ibragimova. — AQSH, Xitoy, Fransiya, Yaponiya va yana boshqa oʻnlab mamlakatlardan kelgan sayyohlar nurotalik chevarlar tomonidan tayyorlangan sanʼat asarlar qoshida uzoq turib, oʻz hayrat va tahsinlarini izhor etishadi. Fransiyalik sayyoh Dominiko Bigo “Oʻzbekiston nihoyatda boy tarixga ega, madaniy meros qadrlangan mamlakat. Birgina xalq amaliy sanʼatining oʻzi ming-ming yillik taraqqiyotni koʻz oʻngingizda gavdalantiradi”, deb muzeyimiz tashrif kitobiga yozib ketdi.

— Oʻzbekistonga sayyohlik tashrifimizning eng esda qolarli voqeligi nurotalik ayollarning kashtadoʻzligi boʻldi, — deydi shveysariyalik sayyoh Elvira Eberxard. — Ushbu sanʼat hududda qizlarga bolaligidanoq oʻrgatilishi, buvi va onalarning keyingi avlodga ustozligi, uning ming-ming yillardan buyon izchil davom etayotganligi hayratimni oshirdi. Nurota kashtasi va Chashmasi uchun yana yurtingizga kelmoqchiman.

Nurota kashtachiligi qadim-qadimdan ayollarning bandligini taʼminlashdek ijtimoiy ahamiyatni kasb etib qolmay, uning sir-u sinoatini oʻrganish jarayonlari qaynona-kelin munosabatlarida samimiyat omili hamdir. Sanʼatgagina xos nafosat, sabr-u qanoat kabi xislatlar boqiyligini taʼminlovchi ulkan tarbiya maktabi. Hamsuhbatimiz Saodat Rahmatovaning uchinchi asr bilan yuzlashgan momomeros kashtasini hamon sotmaganligini shunday izohlaydi.

— Bu soʻzana men bilan qoʻshib hisoblaganda oltinchi avlodni koʻryapti, – deydi taʼlim faxriysi S. Rahmatova, — Uni sotib boʻlmaydi, faqat meros qilib berish kerak. Menga qaynonam rahmatli qanday topshirgan boʻlsa, kelinimga shundayligicha qoldiraman.

Nurota kashtachilik maktabining bugungi ravnaqida sanʼatsevar yoshlar allaqachon estafetani qoʻlga olishgan. Ular hudud kashtachilik maktabining anʼanaviy yoʻnalishlarini Buxoro, Qashqadaryo, hatto Tojikiston kashtachilik maktablari kompozitsiya va naqsh unsurlari bilan boyitib, bir qator xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?