Deputatning bir kuni...

14:31 08 Aprel 2026 Jamiyat
126 0

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi aʼzosi Nargiza Salomova faoliyatining bir kuni haqida hikoya qilamiz.

Yaqinda deputat Yakkabogʻ tumanidan tushgan murojaat asosida aholi vakillari bilan uchrashib, odamlarning jamiyat hayotidagi oʻrni, xalq maʼnaviyati, madaniyati, qishloq turmush tarzi, imkoniyati cheklangan odamlar oʻy-tashvishlari, orzu istaklari, kambagʻallik va farovonlik oʻrtasida koʻprik boʻlayotgan mutasaddilar faoliyati bilan qiziqdi.

—Yashirib nima qildim, “deputat kelibdi”, deyishsa, baʼzan odamlarning hafsalasi pir boʻladi,— deydi N. Salomova. —Gohida berilgan quyuq vaʼdalar qogʻozda qolib ketgani ham rost, bu esa saylovchi va deputat oʻrtasidagi munosabatlarga darz yetkazmasdan qolmagan. Odamlar ruhiyatidagi deputatga boʻlgan salbiy fikrlarni oʻzgartirish esa oson kechmaydi. Shuning uchun ham Yakkabogʻ tumani mahallalarida oddiy va samimiy odamlar oʻrtasida oʻtkazgan bir kunlik vaqtimning biror daqiqasini ham behuda ketkazmaslikka intildim. Zalga qishloq ahlini yigʻib, quruq maʼruza oʻqish anʼanasidan voz kechdim. Hatto kelganimni tuman hokimiga ham bildirganim yoʻq. Negaki, yomonni yashirib, yaxshini oshirishdan bugun hech qanday foyda yoʻq. Shunday oʻzim odamlar orasiga kirib bordim. Buning samaralarini esa oʻzim sezdim. Odamlar hokim yoʻqligi uchun hayiqmay oʻz dardu dunyosini toʻkib soldi. Aslida shu kerak, bizga.

Men ham sizdek koʻrgim kelar oy-quyoshni...

—Siz tongda uygʻonganingizda oftobning zarrin nurlari koʻzingizni qamashtiradi, chugʻurlayotgan qushlar, gullab turgan daraxt va atrof-muhitni ziyraklik bilan kuzatasiz, —deydi N. Salomova. — Koʻrish va quvonish bu sizga tabiat tomonidan ato etilgan eng ulugʻ neʼmat. Bunga qancha shukrona aytsangiz kam. Ammo... oftobni, tabiatdagi turfa ranglarni, hayotni koʻra olmaydigan odamlar ham oramizda yashayapti. Ular ham oyu quyoshni, togʻu toshlaru koʻm-koʻk qir-adirlarni koʻrgisi keladi. Nachora, buning iloji yoʻq. Lekin ularning ham oʻz dunyosi bor. Yorugʻ olamni koʻrmasa-da, qalb koʻzlari ochiq. Hayotni, tiriklikni qalban his qilishadi, tiriklikning oʻzini ulugʻ saodat deb bilishadi. Yakkabogʻda yashovchi koʻzi ojiz fuqarolarning murojaati meni shu hududga chorladi.

Koʻzi ojizlik ham kitob oʻqimaslikka sabab boʻla olmas ekan. Qarang, Yakkabogʻ tumani koʻzi ojizlar kutubxonasining gavjumligiga havasim keldi. Oʻzbek va jahon adabiyotining nodir namunalari javonlarni bezab turibdi. Kitobxonlar bilan tanishar ekanman, Nilufar Bozorova fikrlari diqqatimni tortdi. U Prezidentimizning asarlari brayl alifbosida chop etilsa, biz ham bahramand boʻlar edik, dedi, astagina. Rosti, iymanibgina aytilgan bu gap meni juda quvontirdi va uni bagʻrimga bosdim. Eʼtibor beryapsizmi, mustaqillik bilan tengdosh qizimiz garchi imkoniyati cheklangan boʻlsa-da, yuragida yurtga daxldorlik hissi yashamoqda. Uning bu taklifi faqat oʻziga emas, boshqa koʻzi ojiz fuqarolar uchun ham qulay imkoniyatlar eshigini ochishi aniq.

Birinchi guruh nogironi Roʻziboy Salomov bu yorugʻ dunyoni koʻrishdan mosuvo boʻlsa-da, issiqxona qurib, bozorga limon, pomidor, bodring chiqarib, toʻkinlikka hissa qoʻshmoqda. Yana deng auksiondan 50 sotix yer sotib olib, makkajoʻxori doni yetishtirmoqchi. Demak u elga naf keltirmoqni oʻzining burchi deb biladi. Ishga ilhom bilan kirishgan paytda nogironligi ham yodidan koʻtarilib ketadi. Eʼtibor bering, Edilbek qishlogʻida yashovchi bu tinib-tinchimas yigit rafiqasi Gavhar Hamroyevani hamshiralik kursida oʻqitishga koʻmak berishni soʻradi. U oilasi byudjetini koʻpaytirmoqchi, farovonligini oshirmoqchi. Bu gaplarni nega yozayotganimda allaqachon fahmlab olgan boʻlsangiz kerak.

“Open byudjet”da omadi chopmaganlar koʻchasida bayram

Tumandagi Guliston mahallasi ahli juda mehnatkash. Bu yerda kimdir asalari boqib, bol yetishtiradi, boshqasi tadbirkorlikda dovruq qozongan. Taʼlim-tarbiyada ham maqtashga arzigulik natijalar bor. Ammo ularning bir orzusi hamon amalga oshmay kelayotgan edi. Bu — yoʻl azobi.

Toʻgʻri, har mavsum keksayu yosh “Open byudjet”da jon kuydirib ovoz yigʻadi, harakat qiladi. Nimagadir hech omadi chopmaydi. Gʻolib boʻlisha olmagach, “Ey, baribir foydasi yoʻq ekan” degan umidsizlik ham paydo boʻlgan ularda. Oʻzingiz bir oʻylab koʻring, qishda tizzagacha loy kechib, yozda chang yutib yashash oson emas-da!

Shu mahallaga borib, vaziyatni, odamlarning yashash sharoitini va oʻsha odamlar tilidan tushmayotgan “loy koʻchalar”ni oʻz koʻzi bilan koʻrdim. Rosti, juda achindim. Odamlarning maʼyus nigohiga qaray olmadim, goʻyo bu holat uchun oʻzimni gunohkordek sezdim. Keyin birdan quvonib ketdim. Axir menda vakolat bor-ku! Koʻp ovoz toʻplab, lekin gʻolib boʻlolmay qolgan bitta loyihani “tortib chiqarish” va unga mablagʻ ajratishim mumkin-ku! Aynan shu mablagʻni Guliston mahallasiga ajratishga qaror qildim.

Natijada mahallaga 1 milliard 650 million soʻm ajratib beriladigan boʻldi. Endi 3 kilometr ichki yoʻlga toʻliq asfalt yotqiziladi. Loyga botib maktabga boradigan bolalarning qanchalik quvonishini tasavvur qilyapsizmi?

Yer ajratilsa, mahalla binosini oʻzimiz quramiz...

Guliston mahallasi “yettiligi” ijaradagi bir xonada siqilib oʻtirganini koʻrib, ajablandim. Murojaat qiluvchi fuqarolarda “Oʻzlari binoga muhtoj boʻlsa, bizning muammomizni qanday hal qilishadi” degan fikr tugʻilib, “yettilik”ka nisbatan ishonchsizlik uygʻonishi tabiiy. Shunday ekan, mahallaga bino qurish masalasini paysalga solib boʻlmaydi. Odamlar esa “mahalla idorasi uchun yer ajratilsa bas, binoni oʻzimiz hashar yoʻli bilan quramiz” deyishdi. Mahalla ahlining bu tashabbusidan quvonmay boʻladimi?

Ammo men qishloq ahli qoʻlida kitob koʻrmadim. Kitob oʻqishga ehtiyoj yoʻqmi yoki imkoniyat degan savol koʻndalang turardi. Axir kitob eng buyuk tarbiyachi-ku. Farzandlarimiz kitob oʻqib ulgʻayishi uchun ota-onaning oʻzi ham kitobxon boʻlishi kerak-da, nima dedingiz. Oʻtmishda qishloqlarda xira chiroq yogʻdusida Alpomish dostonini bir kishi oʻqisa, yuzlab odamlar to tonggacha tinglashgan. Navoiyxonlik, Fuzuliyxonlik kechalari boʻlgan. Bugungi avlod nega kitob oʻqishga hafsala topa olmayapti? Qishloq faollariga yangi mahalla binosi qurilsa, uning yonida kutubxona ham barpo etishni tavsiya etdim. Kutubxona bitgach, 500 dona jahon va oʻzbek adabiyoti durdonalarini hadya qilishni zimmamga oldim. Odamlar yuz-koʻzida quvonch paydo boʻldi. Eng muhimi esa deputat sifatida Yakkabogʻda oʻtkazgan bir kunim unutilmas boʻlib qoldi. Toshkentga kelganimda ham qoʻngʻiroqlar tinmasdi. Bu odamlarda deputatlarga nisbatan ishonch hissi uygʻonayotganidan darak berayotgan boʻlsa ajab emas.

Faxriddin BOZOROV

(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?