Davlat mulkini kim boshqaradi?

11:11 13 Noyabr 2021 Jamiyat
843 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi dastlabki tarzda koʻrib chiqila boshlandi.

Qonun loyihasida davlat mulkiga egalik qilishni asoslash prinsiplari belgilanmoqda. Unga koʻra, davlat tomonidan davlat mulkiga egalik qilish asosiy faoliyatini tabiiy monopoliya sohasida amalga oshirish, xususiy sektor tomonidan bajarilishi norentabel hisoblanadigan aholiga zarur boʻlgan tayanch xizmatlarni koʻrsatish va boshqa shu kabi mezonlarning biriga yoki bir nechtasiga mos kelganda yoʻl qoʻyilishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasida davlat mulkini boshqarish sohasida vakolatli davlat organi sifatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligini belgilash va uning asosiy vakolatlaridan biri sifatida davlat mulkini boshqarish boʻyicha yagona davlat siyosatini yuritish belgilanmoqda.

Mazkur hujjatda Agentlik har yili 1-avgustga qadar davlat ishtirokidagi korxonalarning oʻtgan yilgi faoliyati natijalari toʻgʻrisidagi yigʻma hisobotni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etishi va oʻz veb-saytida eʼlon qilishi lozimligi koʻrsatilyapti.

Bundan tashqari, davlat mulkini saqlash va yaxlitligini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish bilan bogʻliq maʼlumotlar barcha uchun ochiq boʻlishi va davlat organlari, Agentlik, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat ishtirokidagi korxonalar rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinishi taklif etilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi davlat mulkini boshqarish sohasida masʼul boʻlgan idoralarni belgilashga, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishga, davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining masʼuliyatini oshirishga, ularning davlat mulkini boshqarish sohasidagi vakolatlarini aniq belgilashga hamda davlat mulkini boshqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?