Choʻl bagʻridagi chamanzor

11:32 16 Aprel 2020 Jamiyat
1564 0

Arxiv foto

Bugun – Mingbuloq tumani tashkil topgan kun. Markaziy Fargʻona choʻllarida  joylashgan tumanga bundan 68 yil avval tamal toshi qoʻyilgan edi. “Mingbuloq” gazetasi tahririyati shu qutlugʻ sana munosabati bilan tuman taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan mehnat faxriylarini, fidokorona ishlayotgan barcha sohalar jamoalarini, qolaversa, butun mingbuloqliklarni qizgʻin qutladi.

Darhaqiqat, mazkur gazetaning arxivda saqlanayotgan taxlamlarini varaqlar ekansiz, tuman hududi oʻtmishda qumtepa, koʻl va botqoqliklardan iborat boʻlib, ayrim joylardagina juda oz miqdorda turli ekinlar ekilganligi haqidagi maʼlumotlarga koʻzingiz tushadi.

Gurtepa Mingbuloqning eng koʻhna qishlogʻi. U Namangan — Fargʻona, Qoʻqon — Andijon magistral yoʻllari ustida joylashgani bois Afgʻoniston, Xitoy, Hindiston kabi davlatlardan oʻtib keluvchi karvonlarga qoʻnoq vazifasini oʻtagan. Bu hududni Qoʻqon xonligining Namangan bekligi oxirgi paytlarda qoʻrgʻoni Momoxon qishlogʻida joylashgan Toshboy mingboshi, Baland Gurtepa markazida mingboshi Abdusalim amin, Xumor amin, Fayzi aminlar orqali boshqargan.

Respublika rahbariyati 1946-yilda Markaziy Fargʻonaning ana shu choʻl mintaqasida Zadaryo kanalini rekonstruksiya qilish, bosh inshoot qurish, yangi yerlar oʻzlashtirish bilan shugʻullanuvchi 1-qurilish-montaj boshqarmasini tashkil etadi

Qishloq shaharcha qiyofasini olib, aholining turmush madaniyati osha boshlaydi. Boshqarmaning muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi choʻlda yangi tuman barpo etish uchun moddiy va maʼnaviy asos yaratadi. Choʻlni ommaviy ravishda keng miqyosda oʻzlashtirish ishlari kuchaytirib yuboriladi. 

1952-yilning 16-aprel kuni Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi markazi “Gulbogʻ” sovxozi boʻlgan Zadaryo rayonini tuzish haqidagi iltimosini qondirdi. Shu yili 29-mayda esa tumanning maʼmuriy markazi Jomashoʻy qishlogʻiga koʻchirilgan. 1994-yil 23-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatining qarori bilan tumanning nomi Mingbuloq deb oʻzgartirilgan.

Keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari tufayli bugun Mingbuloq bogʻu boʻstonga aylangan. Ayniqsa, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod markaz” dasturlari asosida keyingi yillarda tuman markazi va qishloqlar qiyofasi misli koʻrilmagan darajada oʻzgardi. Iqtisodiyotning barcha jabhalarida yuksak natijalarga erishilmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?