Chiqindilarni kim saralashi kerak?
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Dunyoda qattiq maishiy chiqindilarga xomashyo sifatida eʼtibor qaratilayotganiga ancha boʻlib qoldi. Hatto rivojlangan mamlakatlarda ularning tashilishi, qayta ishlanishi va rekuperatsiyalanishi(ishlab chiqarishga qayta jalb etilishi)ni transmilliy korporatsiyalar oʻz zimmasiga olishgan.
Shunga qaramasdan qattiq maishiy chiqindilar insoniyatni tashvishga solgan muammolardan biri sifatida qolib, soʻnggi yigirma yilda ularning hajmi qariyb 250 barobarga ortgan. Agar ular ona sayyoramiz boʻylab yoyib chiqilsa, 2 santimetr qalinlikdagi chiqindi “poyandoz”i hosil boʻlarkan.
Arzon, biroq qimmatga tushadi
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, qatiq solingan oddiy plastik idish tuproq ostida chirishiga 400-yil, polietilen toʻrvalar uchun bundanda koʻproq muddat kerak boʻlarkan. Alyumin va shisha idishlar tuproqqa qorishib ketishi uchun esa salkam ming yil zarur boʻladi.
— Bir marta ishlatiladigan plastik qadoqlash materiallari mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun arzon va saqlanish muddatini ham uzaytiradi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi “Jonli tabiat” jamoat birlashmasi direktori Eshmamat Togʻayev. — Biroq boʻshagan bu idishlar qayta ishlanmasdan shunchaki koʻmib tashlanishining atrof-muhitga zarari nihoyatda qimmatga tushadi. Yaʼni tuproqqa tushgan har bir plastik va polietilen idishlar oʻzining kimyoviy va fizik xususiyatlarini oʻzgartirib, tuproq tarkibida foydali tirik makro va mikro organizmlarga qirgʻin keltiradi. Yerning unumdorligini buzadi. Bundan tashqari, ifloslantiruvchi moddalar bilan birgalikda kasallik qoʻzgʻatuvchi bakteriyalar, gelmint tuxumlari va boshqa zararli organizmlar koʻpayib, ular aksariyat hollarda tuproqning quyi qatlamlarigacha kirib borishiga shart-sharoit yaratadi.
Shu jihatdan Yer yuzining 8 milliardlik aholisi har 115-120-yilda toʻliq yangilanishini inobatga olsak, ushbu qadoqlash idishlari necha avlodning hayotiy ehtiyojlariga ziyon yetkazishini fahmlash mushkul emas. Bir soʻz bilan aytganda, aksariyat qadoqlash idishlari qanchalik arzon boʻlmasin, uning zarari bir necha avlod va milliard-milliard kishilar salomatligi uchun qimmatga tushishi tayin.
“Koʻzdan yiroq” muammolar
Mamlakatimizda, xususan, Navoiy viloyatida yaqin-yaqinlargacha hududlarni qattiq maishiy chiqindilardan xoli etish kommunal xoʻjaliklar va aksariyat hududlarda aholining zimmasida boʻlib, u “koʻzdan yiroqroq” tamoyilida amalga oshirilar edi. Natijada shahar va qoʻrgʻonlar atrofida chiqindi poligonlari, qishloq chekkasi hamda ariq va zovurlarda noqonuniy chiqindixonalar paydo boʻlib, uzoq yillar atrof-muhit tozaligi, ekologik muvozanatga, hududlar, ayniqsa, qishloqlarimizning sanitariya holatiga doimiy ravishda tahdid solib kelgan.
Shu bois Prezidentimizning 2017-yil 21-apreldagi “2017 — 2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Navoiy viloyatida ham maishiy chiqindilarni olib chiqish va utilizatsiya qilish subyektlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Viloyatning shahar va tumanlarida filiallari tashkil etildi. Ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, atrof-muhit musaffoligini taʼminlash maqsadida mavjud poligonlarni utilizatsiya qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 17-apreldagi “2019 — 2028-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-oktyabrdagi “Maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2024-yilning 5-yanvarida qabul qilingan Prezidentimizning “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlari esa qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi infratuzilmani takomillashtirish, mavjud qattiq maishiy chiqindi poligonlarining sanitariya talablari va ekologik meʼyorlarga muvofiqligini taʼminlash kabi sohada kompleksli chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifalarini belgiladi. Shu asosda qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va koʻmish boʻyicha samarali tizim yaratilib, ularning fuqarolar sogʻligʻi va atrof-muhitga zararli taʼsirini bartaraf qilish maqsadida “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi Davlat muassasasi tashkil etildi.
— Viloyatimizda jami 16 ta chiqindi poligonlari mavjud boʻlib, shundan 13 ta qattiq maishiy chiqindi poligonlari, 2 tasi qurilish chiqindi poligonlari, 1 ta zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalar konservatsiya qilinadigan maxsus poligon hisoblanadi, — hududiy boshqarma boshligʻi Jasur Absalomov. — Ularning 12 tasi, yaʼni 11 ta maishiy chiqindi poligoni hamda 1 ta zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalar saqlanayotgan poligon Hududiy boshqarma balansiga olindi va kadastr hujjatlari rasmiylashtirildi. Shuningdek, oʻtgan davr mobaynida “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi” DM oʻrtasida 16 ta yuridik va 2 ta jismoniy shaxslar bilan Xizmat koʻrsatish shartnomasi tuzildi.
2024-yil mart oyidan boshlab “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi” DM viloyatning beshta hududida joylashgan qattiq maishiy chiqindi qabul qilish poligonlariga jami 93854 metr kub chiqindi joylashtirilishi taʼminlandi. Har bir poligon maxsus texnikalar bilan taʼminlangan boʻlib, doimiy surish va koʻmish ishlari olib bormoqda.
Shisha idishlarni qayerga topshiramiz!?
Yoʻqdan bor boʻlmaydi, bor narsa esa izsiz yoʻqolmaydi. Fizikaning “oltin qoidasi”, tabiiyki maishiy chiqindilarga ham tegishli boʻlib, mutaxassislar uni aholi yashash manzillaridan chetroqqa chiqarish, hatto koʻmish ham muammoning tub yechimi emasligini taʼkidlashadi. Yaʼni biologik va biokimyoviy parchalanmaydigan birikmalardan tayyorlangan turli xil qadoqlash materiallari, suyuqliklarni saqlash uchun idishlar, kauchuk, lavsan, sintetik polimerlar, yuvish vositalari, boʻyoqlar chiqindi poligonlarida yer ostida parchalanish jarayonida atrof-muhitga karbonat angidrid va metan gazini chiqaradi. Bu oʻz-oʻzidan atmosferadagi issiqlikni ushlab, sayyoramizga tahdid soladigan issiqxona effektini yaratadi.
— Shu sababdan ham respublikamizda 2025 − 2027-yillarga moʻljallangan plastik bilan ifloslanishni kamaytirish boʻyicha milliy dastur loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilib, 2027-yildan polietilen paketlarni ishlab chiqarish, olib kirish va ulardan foydalanishni taqiqlash taklif qilinmoqda, — deya davom etadi E. Togʻayev. — Shuningdek, 2027-yildan boshlab ekologik jihatdan zararsiz (bioparchalanuvchi) paketlardan foydalanishni ragʻbatlantirish taklif etilmoqda. Bundan tashqari, plastik qadoqdagi tovarlarni ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilardan ularni yigʻish va utilizatsiya qilish uchun maxsus joylarni talab qilish rejalashtirilmoqda.
Kezi kelganda taʼkidlash joiz, mamlakatimizda qattiq maishiy chiqindilardan oqilona, xomashyo sifatida foydalanib, ularning atrof-muhitga zararini bartaraf etish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilishiga qaramasdan fuqarolarning ishtiroki deyarli kuzatilmayapti. Xususan, chiqindilarni saralab joylashtirmasdan, hamon duch kelgan konteynerlarga shunchaki aralash uloqtirish holatlarini har qadamda uchratish mumkin. Vaholanki qattiq maishiy chiqindilar tarkibiy qismining 70 foizi qayta ishlashga yaroqli materiallar hisoblanib, Yevropa mamlakatlarida oʻtgan asr nihoyalaridayoq ularni “saralab”, “yigʻish” tizimi joriy etilgan. Shu oʻrinda bejiz qoʻsh tirnoqlarni ishlatmadik, boisi bizda hamon chiqindi uloqtirilib, keyin uni ayrim shaxslar titib, saralaydi, yigʻib turli qayta ishlash sexlariga topshiradi. Natijada davlat muassasalari daromaddan quruq qolishadi. Maʼlumotlarga koʻra bugun aholining maishiy chiqindilar uchun har oylik toʻlovi avtotransport xarajatlarini ham qoplamas ekan. Eng achinarlisi, oʻsha axlat tituvchilar shisha idishlarnigina hududlarning tozalik va sanitariya boʻyicha masʼul korxonalariga qoldirishadi.
— Shisha va undan tayyorlangan buyumlar 1000-1500-yilgacha saqlanib qoladi, — deydi Eshmamat Togʻayev. — Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida shisha idishlarga mahsulotini qadoqlagan korxonalar uning keyingi taqdiriga masʼul hisoblanadi. Shu amaliyot bizda ham joriy etilsa, shisha qadoqlar va singan shisha buyumlar bilan bogʻliq muammolarga yechim boʻlardi.
Chindanam shisha idishlar bugungi kunda hech kimga kerak boʻlmay qolgan. Ularni qayta ishlatishda sterlizatsiya bilan bogʻliq masalalar sabab qabul maskanlari yoʻqolib, hatto jonli ulovda koʻcha oralab terib yuruvchi — xalq tilidagi “shara-barachi”lar ham yigʻmay qoʻyishgan. Natijada katta yoʻllar yoqalari shisha idishlar, ularning oʻtkir tigʻli parchalari bilan toʻlib ketmoqda.
Chiqindilarni saralashning eng muhim ahamiyati shundaki, ular tufayli poligonlar yuklamasi kamayadi. Ularning yoʻq boʻlib ketish imkoniyati oshadi. Afsuski, chiqindilarni saralab yigʻishda jamoatchilik ishtiroki past darajada qolib, bu yer resurslaridan samarali foydalanish imkoniyatimizni ham kamaytirmoqda. Shu bois aholining ekologik madaniyati yuksatirish, qattiq maishiy chiqindilarni alohida yigʻish koʻnikmasini bolalikdanoq shakllantirish va kuchaytirishning fursati yetdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring