Chiqindilarni boshqarish agentligining vazifalari belgilandi

Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-oktyabrdagi 648-son qarori bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi negizida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzurida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Agentlik amaldagi shtat birliklarini saqlab qolgan holda davlat muassasasi shaklida tashkil etildi.
Hujjat bilan tasdiqlangan Agentlik toʻgʻrisidagi nizom quyidagilarni belgilaydi:
- Agentlikning maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari;
- Agentlikning huquq va majburiyatlari;
- rahbarlarning asosiy funksional vazifalari va majburiyatlari;
- Agentlik faoliyatini tashkil etish, uning respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan oʻzaro hamkorligi tartibi;
- Agentlik va uning hududiy boʻlinmalari faoliyatini moliyalashtirish, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish tartibi.
Agentlikning asosiy vazifalari:
- chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida yagona normalar, qoidalar va standartlarni ishlab chiqish, sinovdan oʻtkazish va joriy etish;
- chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish;
- oʻz sohasi boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, respublika va hududiy dasturlar boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
- chiqindilar hosil boʻlishi normativlarini belgilashda va ularni joylashtirish obyektlarini tashkil etishda ishtirok etish;
- jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish uchun majburiy toʻlovlarni toʻlash va hisobga olishning yagona elektron tizimi uzluksiz ishlashini taʼminlash;
- sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish, DXSH bitimlarini amalga oshirishda ishtirok etish;
- sohani raqamlashtirish, zamonaviy AKTni joriy etish.
Shuningdek, Agentlik respublikada maishiy, qurilish, suyuq, toksikologik-kimyoviy, tibbiy va elektron chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirish, ularni qayta ishlash va utilizatsiya qilishning zamonaviy usullarini joriy etish, «nol chiqindi« tamoyilini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan shugʻullanadi.
Chiqindilarni saralash va qayta ishlash natijasida energiya resurslari, xomashyo va materiallar ishlab chiqarishni tashkil etish orqali respublikada siklik iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Chiqindi poligonlari hududida chiqindilarni yigʻish, saralash, zararsizlantirish, qayta ishlash, yoqish, utilizatsiya qilish va koʻmish uchun eko-industrial zonalar tashkil etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2025-yil 17-oktyabrdan kuchga kirgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring