Chempionga munosib tuhfa

Gulxanoy aya nabirasi Aytjanni sport mashgʻulotiga olib borganida u qiynalib qolmasmikan, deya oʻylagan, hatto, toʻqqiz yashar bolaga achingan edi. Axir biron joyi lat yeb, joni ogʻrisa-chi?! Mevasidan magʻzi shirin, deb shuni aytadi-da.
Biroq endi oʻsha kunlar, bunday xavotirlarning barchasi ortda qoldi. Gulxanoy aya Toshkent viloyatining maʼmuriy markazi hisoblangan Nurafshon shahridagi yangi koʻp qavatli uylarning biri — Prezident sovgʻasi sifatida taqdim etilgan uch xonali uyda bir piyola issiq choyni hoʻplaganida, hammasi unut boʻldi.
Oʻrta Chirchiq tumanidagi Yangilik mahallasida yashovchi Aytjan Xalmaxanov 2010-yildan beri ustozi Vohid Temirov murabbiyligida sportning yunon-rum kurashi bilan muntazam shugʻullanib keladi. U shu sport turi boʻyicha “Xalqaro toifadagi sport ustasi” maqomiga ham erishgan. Bu azamat yigit 2018-yildan buyon Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi sifatida mamlakatimiz sharafini xalqaro miqyosda munosib himoya qilib kelmoqda.
Oʻzbekiston chempionatida ham muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan sportchi shu paytga qadar oʻz vazn toifasida jami 10-marta, shundan 3 bora sovrindor va 7-marta mutlaq gʻolib boʻlib, mamlakat chempioni sifatida eʼtirof etilgan.
Aytjan 2022-yil Italiyada 17 yoshli oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan jahon chempionatida 1-oʻrinni egallab, jahon chempioni boʻlgan edi. Oʻn ikki yil mobaynida mashgʻulot va musobaqalarda toblangan professional sportchi oʻzini Oʻzbekiston sharafini himoya qilishga ruhan tayyor, deb hisoblardi. Endilikda Gulxanoy aya ham nabirasiga ishonar, uning har bir yutugʻidan quvonar, oynai jahon orqali musobaqalarni hayajon bilan tomosha qilardi.
Shu yilning bahorida Iordaniyada kattalar oʻrtasida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida Aytjan Xalmaxanov muvaffaqiyatli ishtirok etib, gʻoliblikka erishdi. Joriy yilning 17 — 24-avgust kunlari Bolgariyaning Samokov shahrida yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan jahon chempionatida yurtdoshimiz barcha raqiblardan ustun kelib, 1-oʻrinni egalladi. Oʻzbekistonlik jahon chempioni sharafiga davlatimiz madhiyasi yangrab, yurtimiz bayrogʻi baland koʻtarildi.
Yaqinda Oʻrta chirchiqlik chempion yigit Oʻzbekiston terma jamoasi safida Xorvatiyaning Zagreb shahrida oʻtkaziladigan navbatdagi jahon chempionatiga yoʻl oldi. U 63 kilogrammgacha vazn toifasida maydonga tushib, gʻolib boʻlish uchun kurashdi.
Hamyurtimiz musobaqaning yunon-rum kurashi bahslarida munosib ishtirok etib, yigirma toʻrt yillik tanaffusdan soʻng ushbu sport turi boʻyicha jahon chempioni boʻlgan birinchi polvonimizga aylandi. Aytjan Xalmaxanov Janubiy koreyalik raqibi Chung Xan-Jayeni finalda magʻlub etib, shohsupaga koʻtarildi.
— Hayotimda baxtli lahzalar juda koʻp boʻlgan, ammo buvi uchun nabirasining yutugʻidan ortiq baxt boʻlmasa kerak, — deydi jahon chempionining buvisi Gulxanoy aya. — Uning bu gʻalabasi tinimsiz mehnati, murabbiylarining oʻgiti va albatta, yurtimizda sport hamda sportchilarga yaratilgan sharoit va imkoniyat samarasi, deb bilaman.
Aytjan Xalmaxanovning sportda erishgan yutugʻi, qolaversa, Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, uning dovrugʻiga dovruq qoʻshgani eʼtirof etilib, sportchiga Nurafshon shahridagi Yangiobod mahallasida “Yangi Oʻzbekiston” massiviga yondosh hududda qurilgan yangi koʻp qavatli uydan uch xonali xonadon Prezident sovgʻasi sifatida topshirildi.
Shu munosabat bilan oʻtkazilgan marosimda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev chempionni yana bir bor tabriklab, uning sportdagi kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi. Nurafshon shahri va Oʻrta Chirchiq tumani faollari, nuroniylar hamda yoshlar, sportchining oila aʼzolari va yaqinlari eʼtibor hamda eʼtirof uchun minnatdorlik bildirib, oliy sport anjumani — Olimpiya oʻyinlarida ham Oʻzbekiston bayrogʻini sarbaland hilpiratish uchun yurtimizda barcha imkoniyatlar yaratilganini taʼkidladi.
Tadbirda Aytjan Xalmaxanov kabi yoshlar tengqurlari uchun katta oʻrnak koʻrsatayotgani, oʻz navbatida, bunday muvaffaqiyatlarga erishayotgan yoshlar davlatimiz tomonidan munosib ragʻbatlantirilayotgani aytib oʻtildi.
...Tinchlikning nurafshon tongida Gulxanoy aya yangi xonadonda duoga qoʻl ochar ekan, yurtga osoyishtalik va ravnaq, sportchi va olim yoshlarga yangidan-yangi muvaffaqiyatlar hamroh boʻlishini tilab, yuziga fotiha tortdi. Duolar yurt va xalqni qoʻrgʻon kabi saqlab tursa, ne ajab!
Otabek ISROILOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring