Bosh prokuror hisobot berdi

15:32 11 May 2020 Jamiyat
3705 0

Bugun boʻlib oʻtayotgan Oliy Majlis Senatining toʻrtinchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori prokuratura organlarining 2019-yildagi faoliyati toʻgʻrisida hisobot berdi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining koʻrsatmalari asosida prokuratura organlarini korrupsiyadan holi, chinakam xalq prokuraturasiga aylantirish, faoliyat samaradorligini tubdan oshirish borasida qator choralar koʻrilgan. Avvalo, halol, sadoqatli va professional xodimlar korpusini shakllantirishga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga tatbiq etish boshlangan.

Qonunlar ijrosi ustidan nazoratni taʼminlash barobarida fuqarolarga manzilli yordam koʻrsatish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni amalda bartaraf etishga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportni kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish kabi hayotiy muhim masalalarga ustuvor ahamiyat berilib, 15 mingdan ortiq tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklanishi va muammolari bartaraf etilishi taʼminlangan.

Prokuratura organlarining faoliyati tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, 2019-yilda taʼlim sohasida tekshirilgan vazirlik va idoralarning 93 foizida 16,7 mlrd. soʻmlik moliyaviy qonunbuzarliklar aniqlanib, bu koʻrsatkich 2018-yilga nisbatan 2,5 baravarga oshgan.

Shu bilan birga, qonunlar ijrosiga bevosita masʼul idoralar tomonidan zimmalariga yuklatilgan vazifalarning toʻlaqonli bajarilmasligi joylarda koʻplab muammolarning yuzaga kelishiga sabab boʻlganligi aniqlangan. Masalan, fuqarolarning uylari buzilishi munosabati bilan tegishli kompensatsiya pullarining oʻz vaqtida va toʻliq berilmasligi, daraxtlarning noqonuniy kesilishi aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlgan. Bu borada prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida jami 2,3 trln. soʻm zararlar undirilishiga erishilgan.

Biroq iqtisodiy jinoyatlar boʻyicha tergov jarayonida jinoyatni fosh etish bilan birga, yetkazilgan zararni undirish, yaʼni oʻgʻirlangan moddiy boyliklarni topib, qonuniy egasiga qaytarishda kamchiliklar mavjud. Shu bois, senatorlar tomonidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarida belgilangan tadbirlarning bajarilishi, ayniqsa, qurilish ishlarining sifati va talablarga javob berishi boʻyicha doimiy nazorat oʻrnatish zarurligi koʻrsatildi.

Qurilish sohasida korrupsiyaga oid alomatlar oqibatida roʻy berayotgan talofatlar, ularning sabablari va shart-sharoitlarni bartaraf etish masalalari keng muhokama qilindi. Prokuratura organlari bu masalalarda oʻz nazoratini yana-da kuchaytirishi, ularga qonunlar bilan berilgan vakolatlardan keng foydalanishi zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, majlisda prokuratura organlari mamlakatda qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlash borasidagi faoliyat samaradorligini yana-da oshirishi lozimligi koʻrsatilib, tegishli vazifalar boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shundan soʻng yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?