Oʻrta Osiyodagi eng katta qadimiy hammom qayerdaligini bilasizmi?
Oʻrta Osiyodagi eng katta qadimiy hammom qayerdaligini bilasizmi?
-“Xalq soʻzi” gazetasining shu yil 4-oktyabr sonida eʼlon qilingan “100 bilan yuzlashishning yana bir siri” sarlavhali maqolani oʻqib, ota – bobolarimizning aql – zakovatiga tasannolar aytdim,-deydi buxorolik keksa pedagog Hakim Rajabov.- Maqolada toʻgʻri taʼkidlanganidek, ajdodlarimiz hammomning shifobaxsh xususiyatlarini yaxshi anglaganlar.Qadimiy usulda barpo qilingan bunday maskanlarning kishi salomatligini mustahkamlashda, ish qobiliyatini oshirishdagi ahamiyati benihoya katta.Koʻhna Buxoro shahrida shunday hammomlar juda koʻp boʻlgan.Hozirgacha ularning yigirmaga yaqini saqlanib qolgan.

Tariximiz, adabiyotimiz ixlosmandi boʻlgan muallimning bu gaplari oʻtgan asrda Buxoroning oʻtmishini chuqur oʻrgangan olima, professor O.V.Suxarevaning “Men dunyo kezib, birgina Buxoroda juda koʻrkam, sogʻlom chollarni koʻrdim va lol qoldim” degan soʻzlarini yodga soldi.Gap shundaki, qadim – qadimdan Buxoroda yoshu qari hammomni xush koʻrgan.Unga odamlar nafaqat tozalik, balki umrga umr qoʻshadigan maskan sifatida qarashgan.Oʻrta Osiyodagi eng katta hammom ham Buxoroda ekanligi bejiz emas.Biz Toqi Sarrafon hammomini nazarda tutayapmiz.500 metr kvadratdan ziyod joyni egallagan bu maskan 1568-yilda Abdullaxon hukmronligi davrida qurilgan.Davlat muhofazasida boʻlgan meʼmoriy obida yuksak did bilan barpo etilgan.Undagi katta – kichik xonalarga kirarkansiz,bu yerda ota – bobolarimiz odamning har qanday darddan forigʻ boʻlib ketishi uchun zarur barcha shart – sharoitlarni yaratishgan ekan, degan xulosaga kelishingiz tayin.U oʻtgan asrning 70 – yillariga qadar foydalanishda boʻlgan.Keyin esa ayrim sabablarga koʻra faoliyati toʻxtatildi.Ayni paytda maskan “Shergiron” xususiy firmasiga ijaraga berilgan.Shu obida yonida firmaning oʻzida milliy anʼanalarni mujassam etgan restorani faoliyat koʻrsatayapti.
-Turmush oʻrtogʻim, rahmatli Rashid aka Buxoro tarixining ixlosmandlaridan edi,-deydi firma rahbari Firuza Abdullayeva.-Umrining 20 yilini shu tarixiy obidani asrab – avaylashga, uni eksponatlar bilan boyitishga sarfladi.Oʻgʻlim Abdurasuljon bilan birga u kishining ruhlarini shod etishni niyat qilganmiz. Hozir tarixiy maʼlumotlarni toʻplayapmiz.Ekspozitsiya tashkil etish maqsadidamiz.Bu yerda audiogit faoliyatini ham yoʻlga qoʻymoqchimiz.

Firuza opaning bu haqda alohida toʻxtalishi bejiz emas.Garchi, ijara haqi va boshqa xarajatlarni qoʻshganda yiliga 40 million soʻm atrofida mablagʻ sarflashayotgan boʻlishsa – da ular “Toqi sarrafon”dan daromad koʻrishayotgani yoʻq.Aniqrogʻi, bu yerga kirish tekin.Agar mutasaddi tashkilotlar shu masala yechimida yordam qoʻlini choʻzishsa ayni muddao boʻlardi.Negaki, boshqa yodgorliklar qatori qadimiy hammomni ham tomosha qilish niyatidagi sayyohlar juda koʻp.Shunday yirik va muhtasham obidani saqlash, asrashning oʻzi boʻlmaydi.Xorijiy tadqiqotchilar Galina Asanova bilan Martin Dav Eronda “Toqi Sarrafon” hammomi haqida ilmiy ish yoqlashganining oʻzi ham bu obidaning umumbashariy ahamiyatidan darak berib turibdi.

-Maskanimizga xorijiy sayyohlar tez – tez kelishadi,- deydi koʻhna shaharning qadimiy “Bozori kord” hammomi masʼul xodimi Akbar Sodiqov.- Qizigʻi, mehmonxonalarda yuvinish uchun barcha shart – sharoitlar va hatto saunalar bor.Ammo ular bundan besh yuz yilcha muqaddam qurilgan hammomizda choʻmilishni afzal koʻrishadi. Yaqinda ularning bir guruhi “Fransiyada Buxoro toʻgʻrisida tayyorlangan videorolikni tomosha qildik.“Bozori kord” hammomi ham tasvirga olingan ekan.Shu qadimiy hammomni koʻrish, uning xizmatidan foydalanish niyatida ataylab yurtingizga keldik”, deyishdi.
Aytmoqchi, Buxoroda foydalanishda boʻlgan ikkita qadimiy hammomning biri “Bozori kord”dir.Akbar shu qadimiy maskanda ishlayotgan sulolaning uchinchi avlodi sanaladi.Uning aytishicha, uzoq oʻtmishda hammom maxsus tayyorlangan shamlar vositasida isitilgan.Ammo bu chuqur tadqiqotni talab qiladigan masaladir.“Shergiron” firmasi xodimi Abdurasul Abdullayevning fikricha, qadimda ajdodlarimiz hammomga moʻljallangan suvni isitish yoʻlini bilishgan.Tazar yaʼni kanalizatsiya quvurlaridan biogaz olishgan va uni maxsus moslama vositasida yoqish orqali suvni isitishgan.Bilamizki, tazarlar qadimda sopoldan tayyorlangan.Mana shu dalillar ham hammomning moʻjiza ekanini, uning oʻzi tugul, qurilishi-yu ishlatilishi ham sir – asrorga toʻla ekanini koʻrsatadi.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring