Bir maqsad yoʻlida birlashgan yoshlar
Mamlakatimizda eʼlon qilingan karantin sharoitida aholining ehtiyojmand qatlami, yaʼni kam taʼminlangan oilalar, yolgʻiz keksalar, nogironligi bor shaxslari ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi koʻngillilari har qachongidan ham faol mehnat qilmoqda..
– Bugungi kunda Nukus shahri va barcha tumanlarda jami 217 nafar volontyor ehtiyojmand fuqarolar murojaatlarini “Call-markaz”larda qabul qilish va ularga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-vositalarini yetkazib berish bilan band, –deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi raisi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Abatboy Daniyarov. – Davlatimiz rahbarining murojaatida belgilangan dolzarb vazifalarni har bir yosh yuksak masʼuliyat bilan his qilmoqda. Mana shunday murakkab vaziyatda ham oʻz tadbirkorlik faoliyati bilan xalqimizga yelkadosh boʻlayotgan yosh tadbirkorlarimiz, dalalarda mehnat mavsumini boshlab yuborgan yosh fermerlarimiz ishsiz yoshlarga oʻrnak boʻlmoqda. Karantin qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda, oilaviy tomorqasida issiqxonalar tashkil etib, turli sabzavot mahsulotlarini yetishtirayotgan yoshlarimiz safi kengayib bormoqda. Ular bugungi sinovli kunlarda hech qanday vahimaga tushmasdan, hamjihatlik bilan vaziyatni jilovlashga oʻz hissasini qoʻshish maqsadida birlashmoqda. Yurtboshimizning yoshlarga boʻlgan ishonchiga ilm-maʼrifat va tashabbuslari bilan javob berishga astoydil bel bogʻlagan.

Bugungi kunga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasida tadbirkorlar va homiylar tomonidan ajratilgan 906 million soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari barcha shahar va tumanlardagi Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari orqali 9440 ta oilaga aynan faol yoshlar tomonidan karantin qoidalariga toʻliq amal qilgan holda yetkazib berildi. Shuningdek, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish maqsadida telegram ijtimoiy tarmogʻida qoraqalpoq estrada xonandalari ishtirokida “uyda qoling, qoʻshiq eshiting” (#uyde_qalip_qosiq_esitiń) chellenjining birinchi bosqichi oʻtkazilmoqda. “Karyera” yosh kadrlarni tayyorlash klubi tomonidan “Men oʻqigan eng yaxshi kitob” (#Men_oqigʼan_enʼ_jaqsi_kitap) chellenji eʼlon qilinib, ishtirokchilar oʻzlari oʻqigan eng yaxshi asarlaridan bir daqiqalik videoroligi @BookTime_abc kanalida eʼlon qilinayotgan boʻlsa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sardorlar Kengashi tomonidan @KrSardorlari telegram tarmogʻida bugungi kunga uch marotaba onlayn seminar oʻtkazildi. Har kuni volontyorlar va yoshlar ishtirokida telegram tarmogʻi orqali “Breyn-ring” va boshqa intellektual oʻyinlar muntazam berib borilmoqda.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Nukus shahar kengashi tomonidan “Yosh gitarachilar” onlayn tanlovi tashkil etilib, hozirgi kunda ishtirokchilarning videoroliklari @jas_gitarashilar, #jas_gitarashilar kanallari orqali eʼlon qilinmoqda. Telegramm, instagramm ijtimoiy tarmogʻida “Siz uyda qoling!” aksiyasi, “Biz uyda ota-onamizga koʻmakchimiz!”, “Biz koronavirusga qarshimiz!” rasmlar tanlovida 5 ming nafarga yaqin yosh ishtirok etmoqda.
Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish borasida Beruniy tumanida ham telegram ijtimoiy tarmogʻida 1500 nafarga yaqin oʻzbek va jahon adabiyoti namunalarini oʻzida jamlagan audiokitoblar kanali (https://t.me/beruniy tuman akm) faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Qoraoʻzak tumanida esa telegram ijtimoiy tarmogʻida @qaraozekjaslari, @qaraozekbilimdanlari kanali faoliyat olib bormoqda. Amudaryo tumani yoshlari uchun “Tumanimiz yoshlarining bir kuni” shiori ostida online tanlovi, Taxiatosh tumanida Axborot-kutubxona markazi bilan birgalikda telegram ijtimoiy tarmogʻida 148 ta oʻzbek va jahon adabiyoti namunasini oʻzida jamlagan audiokitoblar kanali (https://t.me/malimlemekitapxana2020) faoliyatini boshladi. Xoʻjayli tumani yoshlarining savodxonligini oshirish borasida @Ilim7 telegram kanali ishga tushirilib, sardorlarning bilim va koʻnikmalarini oshirish uchun “onlayn seminar”lar, yoshlar yetakchilarining ish faoliyatini oshirish borasida “video konferensiyalar” masofadan turib amalga oshirilmoqda.

Bu kabi tadbirlar barcha shahar va tumanlarda oʻziga xos ravishda yoshlarni keng qamrovga olganligi bilan ahamiyatli. Bugungi karantin davrida mazkur tadbirlar yoshlarga virtual olam orqali ilm-maʼrifatga toʻgʻri yoʻl koʻrsatib, iqtidorlarini qoʻllab-quvvatlashga zamin yaratmoqda.
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring