Baxtim “Oltin vodiy”da ekan...

Kim toʻkis yashashni istamaydi deysiz. Ammo toʻkis yashayman deb oʻzini oʻtga-choʻqqa uraverish ham yaramaydi. Qoʻrgʻontepalik Anya Boʻronova katta pul topaman deb yaqinlarining gapiga quloq osmay Rossiyaga ketib qoldi. Ayol boshi bilan begona yurtda tishini-tishiga qoʻyib ishladi. Biroz daromadga ham ega boʻldi. Lekin oʻzi orzu qilgan mablagʻni topa olmadi. Uyini sogʻindi, qishloqdoshlari koʻz oʻngidan oʻtdi. Bir telefon qoʻngʻirogʻi uning sergaklantirdi. Mahalladagi hokim yordamchisi uni izlagan ekan. U aholi daromad topishi uchun Oʻzbekistonda katta loyihalar amalga oshirilayotganini aytganda, Anya hech ikkilanmay oʻzining jonajon mahallasi Oltin vodiyga qarab goʻyo “uchdi”.
Darhaqiqat, Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Oltin vodiy” mahallasi mamlakatning eng chekka hududlaridan biri hisoblanadi. Bir paytlar bu yerda ishsizlik koʻp, daromadli ish joylari kam edi. Ammo soʻnggi yillarda bu manzil toʻliq oʻzgarib ketdi. Endilikda mahalla oʻz nomiga monand ravishda oltin vodiyga aylandi. Bu yerda ish qidirib yurganlar endi ish beruvchiga aylanyapti. Qishloqda yashaydigan xotin-qizlar ham oʻz biznesini yoʻlga qoʻyib, boshqalarga namuna boʻlmoqda. Yuqorida hikoya qilganimiz Anya Boʻronova ana shunday tadbirkor ayollardan biri.
—Uzoq yillar davomida Rossiya Federatsiyasida mehnat qilishimizga toʻgʻri keldi,—deydi u. — Qolaversa, yaxshi yashash uchun bir qancha rejalar tuzib qoʻygan edim. Bularning barchasi uchun mablagʻ kerak edi. Toʻgʻri, Rossiyada ishlab tirikchilikka yarasha pul ishlab topdim. Lekin baxtni uzoqdan izlagan ekanman. Taqdirim yurtimi bilan chambarchas bogʻlik ekan. Vatanga qaytgach, mahalla fuqarolar yigʻiniga uchradim. 33 million soʻm miqdoridagi kredit mablagʻi bilan taʼminlanishimga yordam berishdi. Shundan keyin gulchilik bilan shugʻullanishga kirishdim.
Anyaxonning ishlari shu tariqa yurishib ketdi. Xaridorlar oʻzlari izlab keladigan boʻlib qoldi. Uydan chiqmay turib ham daromad topish mumkinligini koʻrgan qoʻshnilar birin-ketin unga ergashdi.
—Undagi harakat mahalliy hokimlik eʼtiborini tortdi,—deydi Oltin vodiy mahallasidagi hokim yordamchisi Dostonbek Dehqonov. —Natijada 1 gektar yer maydoni ajratildi. Ayni paytda bu yerda issiqxona barpo etish ishlari olib borilmoqda. Xonadonidagi 6 sotixdan iborat issiqxonasida esa ishlar avjida. Buning uchun 15 nafar xotin-qizni ish bilan taʼminlagan. Ular har oyda 3,5-4 million soʻmdan oylik daromad ishlab topmoqdalar. Anyaxonning bir oylik daromadi esa oʻrtacha 25 million soʻmni tashkil etyapti. Bunga osonlikcha erishgani yoʻq, albatta. Dastlab ichki bozorni oʻrgandi. Xaridorlar ehtiyojiga mos gul koʻchatlarini parvarishladi. Ayniqsa, Koreya, Gollandiya va Xitoy davlatlaridan noyob koʻchatlarni olib kelgach, ishlari yanada yurishib ketdi. Hozirda xaridorlarning oʻzlari uning uyiga kelib, maqbul koʻchatlarni shu yerning oʻzida sotib olmoqda.
Anya Boʻronova faoliyati tumanda amalga oshirilayotgan xayrli ishlarning bir koʻrinishi, xolos. Aslida bu kabi ibratli saʼy-harakatlar tuman boʻylab keng quloch yoygan. Shuning uchun ham mavjud 5717 nafar ishsiz va ijtimoiy reyestrda turuvchi fuqarolarning 4120 nafarining bandligini taʼminlashga erishildi. Yil boshida aniqlangan 3952 ta kam taʼminlangan oilalarning 1842 tasini kambagʻallikdan chiqarishda ham ularga koʻrsatilgan amaliy yordam asqatdi. Shu tariqa kimdir hunarmand yoki tadbirkor sifatida ish boshlagan boʻlsa, qaysidir oila tomorqasidan unumli foydalanish, chorvachilikni yoʻlga qoʻyish kabi yoʻnalishlarda daromad sari qadam tashladilar.
—Mahallamizda Anya Boʻronovadan saboq olib, gulchilikka asos solganlar soni 200 nafardan oshib ketdi,—deya fikrini davom ettiradi “Oltin vodiy” MFY hokim yordamchisi Davronbek Dehqonov. —Yil boshida qayd etilgan 42 nafar ishsiz mahalladoshlarning barchasi binoyidek gulchiga aylanishdi. Mahallada toʻplangan boy tajribadan saboq olishib, mustaqil ravishda daromad topa boshlashdi. Eʼtiborli jihati shundaki, ular nafaqat ichki bozorda, balki qoʻshni davlatlarda ham oʻz xaridorlariga ega.
Toʻgʻri, mahalla drayveriga aylangan gulchilik bilan shugʻullanish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Shu bois 2700 nafar aholining chorvachilik, tomorqachilik ortidan daromad topishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solindi.
Kechagina chekka va kam imkoniyatli deb qaralgan Oltin vodiy mahallasi bugungi kunda oʻz mehnati va hamjihatligi tufayli bandlik va farovonlik sari qadam tashlayotgan tadbirkorlar maskaniga aylanmoqda. Zotan, bugun Oltin vodiy oʻz mehnati bilan boyigan, ertangi kunga komil ishonch bilan yashayotgan odamlar mahallasidir.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring