Bahorni qalbiga koʻchirgan ayol
Foto: Халқ сўзи
Gullar — tabiatning eng goʻzal inʼomi. Koʻngillarni yayratuvchi bu nazokat elchilari — gullarni yetishtiruvchilarning qalbi ham ezgulik bilan hamohang, desak sira mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Zotan, goʻzallikni goʻzal qalblar yaratadi.
Soʻzimiz isboti sifatida gulchilikda oʻziga xos maktab yaratgan Kitob tumanidagi Hamid Olimjon mahallasida yashovchi Shohistaxon Farmonovanini koʻrsatishimiz mumkin. Shohistaxonning oʻzi goʻzallik shaydosi. Hovlisiga bahorni koʻchirib kelgandek tasavvur uygʻonadi uning xonadoniga kirgan kishida.
— Bir kun gullarimni koʻrmasam, xuddi nimanidir yoʻqotganday boʻlaman, — deydi Shohistaxon. — Mening qoʻllarimda ochilgan gullar nafaqat Kitob tumani, balki vohamizning turli hududlaridagi maʼmuriy binolar, korxona va tashkilotlar, maktablar, bogʻchalar va shifoxonalar yoʻlaklarida odamlarga nafosat ulashib turganini koʻrganimda juda quvonaman. Toʻgʻrisi, gulchi ekanimdan, shunday goʻzalliklar yaratayotganimdan gʻururlanaman.
Shohidaxonning 11 sotix hovlisining imorat joylashgan qismidan tashqari hammasida gullar barq urib turibdi. Uning aytishicha, 50 ming tup qishin-yozin ochilib turadigan kapalaknusxa gul hozirda sotishga tayyor. Har bir tupi 2-2,5 ming soʻmdan sotilishi moʻljallanyapti. Xomchoʻt qilib koʻrsangiz, 100 mln. soʻmdan oshadi. Bu hali hammasi emas. Shohidaxon turmush oʻrtogʻi Dilshodjon Rahimov bilan sotib yuborilgan gul oʻrniga koʻkatlar ekib, undan ham 10-15 mln. soʻm miqdorida daromad topmoqda. Koʻkatlar oʻrniga kuzda tagʻin gul urugʻi sepiladi. Bu bir mavsumda tomorqadan 3-marta hosil olinadi, degani.
— Bu hovliga koʻchib kelganimizda tep-tekis yer edi, — deydi Dilshodjon. — Dastlab vaqtinchalik uy qurdik va shu moʻjazgina uychada yashab, gul yetishtirishni yoʻlga qoʻydik. Mana, koʻrib turganingizdek, dangʻillama uy-joy qurdik, “Damas” va «Neksiya» oldik. Ikki farzandimizni kontrakt asosida oʻqityapmiz. Rosti, bugun hech kimdan kam emasmiz. Bularning hammasiga gulchilikka mehr qoʻyganimiz, tinim bilmay mehnat qilganimiz evaziga erishdik.
Shohidaxonning bir gapi meni qiziqtirib qoldi:
— Dilshod aka ham tengdoshlari kabi Rossiya Federatsiyasi yoki Turkiyaga ishga ketmoqchi boʻlganida men qoʻymaganman, — deydi Sh. Farmonova. — Agar ikkalamiz mushtni bir joyga ursak, shu yerning oʻzida xorijdagidan koʻp pul topamiz, deganman. Vaqt mening haqligimni isbotladi.
Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
- Surxondaryoda 3 ming yillik shahar qoldiqlari topildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring