Bahor asli nimadan boshlanadi?

10:20 29 Fevral 2020 Lifestyle
4577 0

Bahorni negadir chaqaloqning ilk nimtabassumiga oʻxshataman.Aslida ham shunday emasmi?! Chunki,chaqaloqlik inson umr niholining kurtagi boʻlsa, bahor tabiatning qayta tugʻilishidir. Yana u bolalik orzusi, samolarga oshiqayotgan varrakning parvozi, nuroniy keksalarimiz dili va tilidagi shukronalik, eriyotgan muzliklar-u joʻshayotgan ishtiyoqlar nafasi , tabiat va borliqning pok-pokiza yuziga oʻxshaydi.

Xoʻsh... bahor oʻzi qanday boshlanadi ?

Bahor boychechakdan boshlanadi! Boychechak bahor kelganini aytishga shunchalik shoshadiki ,qor tagidan moʻralab , uni yorib chiqib , quyosh tomon oshiqadi va butun olamga koʻklam kelganini jar soladi!Quyosh ham uning jasoratiga qoyil qolib , goh ochiq osmondan, gohida quyuq bulutlar orasidan mehr bilan nurini sochadi.Tez orada qish qilichlari — sumalaklar tomchi-tomchi yosh toʻkadi! Ammo ularning-da hayoti tugamaydi. Shoshqin jilgʻa, soy suvlariga qoʻshilib, toshdan toshga urilib, yashnatuvchilik xizmatiga shoshiladi.Soʻngra bodroqdek bodom gullaridan soʻng birin-ketin oʻrik,olchayu giloslar quvlashib daraxt-gulzorga aylanadi, har biri goʻyoki quvonch koʻzlarini ochadi!

Qaldirgʻoch ovozini koʻklam madhiyasiga qiyoslayman. U bu betakror musiqasini oʻzi qoʻnalgʻa qilgan uyga sevinch-la yetkazadi!

Qalblarni oshiqtiruvchi va yashartiruvchi bahorning iliq , samimiy va xushboʻy yellari borliqni oʻygʻotadi! Maysalar avval erinchoqlik bilan keyin esa gʻayratla boʻy koʻrsata boshlaydi...

... Va yana bir bor ona tabiat yoshlik va goʻzallik deb atalmish eng buyuk suratini chizadi!

Maʼrifat ISKANDAROVA.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?