Ayol qadri ulug‘langan yurt

12:44 05 Mart 2024 Siyosat
628 0

Tarixdan ma’lumki, turli davrlarda xotin-qizlarga munosabat hukmron siyosat ta’sirida o‘zgarib turgan. Lekin o‘zbek ayollari har qanday vaziyatda ham o‘zligini unutmagan. Nafaqat mamlakat, balki butun dunyo taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ne-ne allomalarni, buyuk shaxslarni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Ibn Sinoning onasi Sitorabonu, Imom Buxoriyning onasi Fotimabegim, Xoja Bahouddin Naqshband onasi Bibi Orifabegim kabi fozila momolarimiz mana shunday o‘zbek ayollarining yorqin timsoli sifatida tarixda qolgan.

O‘z davrida davlat boshqaruvi, harb ishi, yurt himoyasi, mulkchilik, qurilish, ishbilarmonlik, ta’lim-tarbiya, adabiyot sohalarida faol bo‘lgan Tomir xotin (To‘maris), Saroymulkxonim, Gavharshodbegim, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar otin kabi vatanparvar ajdodlarimiz yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida ulkan ishlarni olib borgan.

Mustabid tuzum qatag‘oniga uchragan jadid bobolarimiz bilan yelkama-yelka turib millat taraqqiyoti, ozodligi yo‘lida fidoyilik qilgan, o‘z hayotini xatarga qo‘yib kurashgan Xayriniso Majidxonova, Maryam Sultonmurodova, Xadicha Aliyeva, Diloro Yusupova kabi o‘nlab matonatli ma’rifatparvar o‘zbek xotin-qizlarining ibratli faoliyati haqida bugun biz to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmoqdamiz.

Mamlakatimizda yuridik sohani rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan Xadicha Sulaymonova, Mamlakat Vosiqova, Halima Muhitdinova kabi taniqli huquqshunoslar yaratib ketgan maktab, boy ilmiy meros soha uchun yetuk kadrlar tayyorlashda hozir ham asqatmoqda. Butun ijodi davomida o‘zbek xotin-qizlarining orzu-armonlarini, sevgi va sadoqatini, ona Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbatini tarannum etgan Zulfiya opa, Halima Xudoyberdiyeva kabi ko‘plab shoiralarning durdona asarlari qizlarimizni hamon yuksak marralar sari ilhomlantirib kelmoqda.

Xalqimizda “Og‘gan daryo oqaveradi” degan naql bor. Hozirgi kunda mamlakatimizda Prezidentimizning alohida e’tibori, cheksiz g‘amxo‘rligi natijasida xotin-qizlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, avvalo, ularning jamiyatda qadrini oshirish, azaldan o‘zbek ayoliga xos bo‘lgan yuksak intellektual salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarish, zahmatkash, oqila, mard va jasur onaxonlarimizning ishini munosib davom ettirishga qodir avlodni tarbiyalashga qaratilgani bilan muhimdir.

Bugun taraqqiyparvar dunyo ham xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishdagi tengligi va to‘laqonli ishtirokini ta’minlash mamlakatlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishi, jamiyatlar demokratlashuvi va Yer yuzida tinchlik-osoyishtalikni saqlashda eng muhim omillardan biri ekanini tobora chuqur anglamoqda. Qolaversa, global miqyosda davom etayotgan ekologik va iqtisodiy inqiroz, davlatlar, dinlar hamda millatlararo o‘zaro mojarolar aholi turmush darajasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatayotgan, bundan ayollar va bolalar ko‘proq aziyat chekayotgan bir davrda ushbu masala yanada dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan ayollarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, iste’dodi hamda qobiliyatini yuzaga chiqarish, gender tenglikka erishish milliy siyosatimizda ustuvor vazifa sifatida belgilanib, izchil amalga oshirib kelinmoqda. 

Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, xotin-qizlarni barcha jabhada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan huquqiy va moddiy asos yaratildi. Jumladan, bir qator xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilindi va milliy qonunchiligimiz asoslari takomillashtirildi. Yurtimizda xotin-qizlar huquqlari himoyasini tubdan kuchaytirish, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash, ta’lim olish va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishlari uchun keng imkoniyat yaratishga qaratilgan 30 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi. Jumladan, 4 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 10 ga yaqin Farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 14 ta qarori qabul qilindi. Yangilangan Konstitutsiyamizda xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi, davlat xotin-qizlar hamda erkaklarga davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va boshqaruv hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashi belgilab qo‘yildi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatining o‘ziga xosligi bu borada amalga oshiriladigan vazifalarning asosiy yo‘nalishlari Prezidentimiz tomonidan aniq belgilab berilgani hamda “...birorta xotin-qiz davlat va jamiyat e’tiboridan chetda qolmaydi”, degan qat’iy tamoyil asosida, keng qamrovda samarali yo‘lga qo‘yilganidadir. Mazkur masalaga doir qabul qilingan dasturlar, loyihalar va belgilangan chora-tadbirlar natijalari tez orada xotin-qizlarimizning bevosita hayotida aks etib, ularning turmushi farovonligini ta’minlashga, qadrini oshirishga xizmat qilayotgani quvonarli.

Prezidentimizning 2019-yil 7-martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tuzildi. Uning asosiy vazifalari sifatida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda huquq va erkinlikning barcha jabhasida tenglik imkoniyatlarini yaratish, xotin-qizlar manfaatlarini ta’minlash ishlarini nazorat qilish, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqib, ularni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish masalalari belgilandi.

O‘tgan qisqa vaqt mobaynida mana shu me’yoriy-huquqiy hujjatlar ijrosi doirasida mamlakatda gender tenglikni ta’minlash va ayollarning ijtimoiy turmush sharoitini yaxshilash, oila institutini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakliga barham berish, ularning huquqiy madaniyatini oshirish borasida qator ishlar ro‘yobga chiqarildi.

Yangi tahrirda qabul qilingan Mehnat kodeksida ayollar va erkaklar mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash, mehnat huquqlari ta’minlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlangani, ayniqsa, xotin-qizlarga mehnat munosabatlarida, mehnatga haq to‘lash kabi masalalarda erkaklar qatori bir xil munosabatda bo‘lish bo‘yicha normalar kiritildi.

Ayollarning siyosiy hayotdagi faolligini oshirishga e’tibor qaratilib, Saylov kodeksiga siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining 30 foizidan 40 foiziga oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

So‘nggi yillarda mamlakatda qarorlar qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli darajada ortib, tadbirkorlik sohasida 37 foizga, siyosiy partiyalarda 46 foizga, oliy ta’limda 48 foizga yetdi. Barcha davlat organlari va tashkilotlari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlar hamda ularning tizimidagi muassasalar rahbarlarining kamida 1 nafar o‘rinbosarini xotin-qizlar orasidan tayinlash tizimi joriy etildi.

Bugungi kunda 2 mingdan ortiq xotin-qizlar turli rahbarlik lavozimlarida ishlab kelmoqda. Birgina respublika va mahalliy darajadagi ijro hokimiyati organlarining rahbarlik lavozimlarida 241 nafar xotin-qiz faoliyat yuritmoqda. Ularning 2 nafari rahbar (vazir, qo‘mita raisi), 9 nafari rahbar o‘rinbosari (vazir, rais va direktor o‘rinbosarlari), 14 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining o‘rinbosarlari, 4 nafari tuman (shahar) hokimi hamda 212 nafari tuman (shahar) hokimining o‘rinbosari sifatida ish olib bormoqda.

Kuni kecha Jahon banki o‘zining “Ayollar, biznes va qonun” yillik hisobotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, mamlakatimiz huquqiy jihatdan gender tengligi taraqqiyoti bo‘yicha 190 ta davlat ichida eng kuchli beshtalikka kirdi. Hisobotda keltirilishicha, O‘zbekistonda 2022-yilning oktyabr oyidan buyon xotin-qizlarning mavqeini yaxshilashga xizmat qiluvchi to‘rtta huquqiy islohot amalga oshirilgan. Bu esa mamlakatimizning 82,5 ball bilan dunyo reytingida yuqori pog‘onalarni egallashiga asosiy omil bo‘ldi. Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida ayollarimiz uchun keng shart-sharoitlarni yaratish borasidagi islohotlarimizni davom ettirar ekanmiz, bunday xalqaro e’tiroflar bundan keyin ham bo‘laverishi shubhasiz.

Xalqimiz azaldan qizlarga, onalarga millat tarbiyachilari sifatida alohida e’tibor qaratib kelgan. Ma’rifatparvar bobolarimiz bejiz “Onalarni o‘qitsak, millatni o‘qitgan bo‘lamiz” degan fikr bilan o‘zbek ayollarining bilimli, ilmli bo‘lishi yo‘lida jon kuydirmagan. O‘sha qaltis bir davrda millatparvar ziyolilarimiz homiyligida o‘zbek qizlarining bir guruhi Germaniyaga o‘qishga jo‘natilgan. Mana shu misolning o‘ziyoq xotin-qizlar ta’lim-tarbiyasiga ilg‘or ota-bobolarimiz hayot-mamot masalasi sifatida qaraganini ko‘rsatadi.

Albatta, bugunga kelib jadidlarning mana shu orzu-umidlari ushalmoqda. Uzluksiz ta’limning barcha bosqichini tubdan isloh etish, o‘quv jarayoniga eng so‘nggi ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish, o‘qituvchilarning professionallik darajasini ko‘tarish borasida olib borilayotgan ishlarning barchasi zamonaviy bilim, ko‘nikma va malakalarni, mehnat bozorida talab katta bo‘lgan kasb-hunarlarni egallagan raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.

Mana shu islohotlar jarayonida xotin-qizlar ta’limiga alohida e’tiborning qaratilishi ular huquq va manfaatlarini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan nafaqat bugungi masalalarni hal etish, balki kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Bugun “Ayollarga ilm berish — jamiyatni ilmli, ma’rifatli va salohiyatli qilish” degan mezon hayotimizga chuqur singib bormoqda. Bilim olaman, kasb-hunar egallayman, ilm-fan bilan shug‘ullanaman degan xotin-qizlar uchun imkoniyatlar eshigi ochiq. Ularga maxsus kvotalar ajratilgan, shartnoma to‘lovlari Davlat byudjetidan qoplab berilmoqda, imtiyozli kreditlar taqdim etilmoqda. Bunday cheksiz g‘amxo‘rliklar qizlarimizda bilim olishga bo‘lgan rag‘batni, kelajakda jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topishga bo‘lgan sa’y-harakatni kuchaytirib yubordi. Oliy ta’lim muassasalarida hozirda ta’lim olayotgan talabalarning 598 ming nafarini, ya’ni 49,8 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. 2017-yildagiga nisbatan oladigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich 12 foizga oshganini ko‘ramiz.

Shu o‘rinda so‘nggi yillarda kuzatilayotgan yana bir ijobiy tendensiyani, ya’ni xotin-qizlarda amaliy va aniq fanlarga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini ta’kidlash o‘rinli. 2022/2024 o‘quv yilida oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalarning STEAM ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rsatkichi tahlil qilinganda, fizika yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalarning 64 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, matematika (60 foiz), xizmat ko‘rsatish (34 foiz), qishloq xo‘jaligi (36 foiz) va ishlab chiqarish va ishlov berish (32 foiz) kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham bu borada o‘sish kuzatilgan.

Joriy yilning yanvar oyida delegatsiyamiz Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan birgalikda Londonda tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston — yangi imkoniyatlar, rivojlanish uchun ijtimoiy sheriklik” xalqaro forumida ishtirok etib, O‘zbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish doirasida hamkorlikning muhim yo‘nalishlarini kelishib oldik va memorandum imzoladik. Jumladan, mamlakatimizda qo‘lga kiritilayotgan bunday natijalar mazkur xalqaro moliyaviy tashkilot bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan ilm-fan, texnologiyalar, muhandislik va matematika, shuningdek, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, qayta tiklanadigan energiya va atrof-muhit texnologiyalari bilan bog‘liq sohalarda tadbirkor ayollarning innovatsion va ijodiy faoliyatini yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan yana bir muhim yo‘nalish doimiy ishiga ega bo‘lmagan opa-singillarimizga kasb-hunar o‘rgatish va shu orqali ularning bandligini ta’minlashdan iborat.

Shu maqsadda Prezidentimizning 2022-yilda qabul qilingan “Xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ushbu jarayon bilan bog‘liq barcha tashkiliy, moliyaviy masalalar hamda kurslarni bitirganlarni ishga joylashtirishgacha aniq belgilab berildi.

2023-yilda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari yo‘llanmasi asosida 77,9 ming xotin-qiz 75 ta kasb-hunar yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitildi. Ushbu ko‘rsatkich 2017-yilda bor-yo‘g‘i 4,2 mingni tashkil etganini hisobga olsak, qisqa muddatda bu jarayon qanchalik tez jadallashib ketganini, unga ehtiyoj nihoyatda katta bo‘lganini anglash qiyin emas. Qolaversa, bu boradagi o‘sish faqat sonda emas, samaradorlikda ham ko‘zga tashlanmoqda. Mazkur o‘quv kurslarini tugallagan 71,9 ming nafar xotin-qizning bandligi ta’minlangan. Shuningdek, 3,8 ming nafar nogironligi bo‘lgan xotin-qiz kasb-hunarga o‘qitilgan. Ularga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan o‘qish davrida 4,8 mlrd. so‘m rag‘batlantirish to‘lovlari to‘lab berilgan. Umuman olganda, o‘tgan so‘nggi 7-8-yil davomida 1 339 mingdan ziyod xotin-qizlar bandligi ta’minlandi, 233 mingdan ortiq ayollarga 4,7 trln. so‘m kredit berildi. Buning natijasida bugunga kelib tadbirkorlikda ayollar ulushi 2017-yildagi 21 foizdan 37 foizga ko‘tarildi.

Shu o‘quv yilidan boshlab qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalari bo‘yicha mutaxassisliklarni egallash istagida bo‘lgan xotin-qizlar uchun tegishli yo‘nalishdagi kollej va texnikumlarda davlat granti asosida ta’lim olishi belgilab qo‘yildi. Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, barcha sohada ularning ishtirokini kengaytirishda yana bir muhim omilga, ya’ni ularning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha bilim va malakalarini oshirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda oliy o‘quv yurtlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalarning 45 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Birgina “IT-Women.Uz” loyihasining hududlardagi 205 ta o‘quv markazida 4500 dan ortiq xotin-qizlar axborot texnologiyalari sohasida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatdi.

BMT Taraqqiyot dasturi va Xalqaro elektr-aloqa ittifoqi bilan birgalikda 2022-yilda dunyoning 20 ta davlati qatorida O‘zbekistonning barcha hududida gender raqamli tafovutni bartaraf etish reytingi indikatori bo‘yicha bo‘lib o‘tgan baholash yakunida mamlakatimiz xotin-qizlarining raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘rsatkichi 87 foizni tashkil etgani, albatta, quvonarli. Prezidentimiz Farmoni bilan joriy yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti tanlovi uchun yana bir yo‘nalish ochildi. Endi axborot texnologiyalari sohasida alohida yutuqlarga erishgan iqtidorli qizlar ham ushbu nufuzli mukofotni qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida yosh xotin-qizlarni tadbirkorlik, grafik-dizayn kabi zamonaviy kasblarga o‘rgatish uchun “Qizlar akademiyasi” platformasi ishga tushirilishi va shu orqali ular uchun turli tanlov, loyihalar, o‘quv oromgohlari, stajirovkalar tashkil etilishi belgilab qo‘yildi. Albatta, bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasida yaqin yillarda xotin-qizlarimiz faoliyat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan sohalar ko‘lami yanada kengayib, ularning bandligini ta’minlash imkoniyatlari sezilarli darajada ortadi.

Dunyo miqyosida raqobat tobora keskinlashib borayotgan hozirgi murakkab bir davrda Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizni ilm-fan yutuqlari, yuqori texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish va yangilash muhim vazifalardan biri sifatida belgilandi va bu borada ham izchil islohotlar olib borilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimi qayta tiklandi va takomillashtirildi.

Davlat rahbari ilm-fanni rivojlantirishda ayollar salohiyatidan samarali foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Oila tashvishlari va farzand tarbiyasini ilmiy tadqiqot bilan birga olib borayotgan, bu borada amaliy yutuq hamda natijalarga erishayotgan olimalarni matonat va jasorat sohibalari sifatida yuksak qadrlashini, ularni qancha zarur bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ta’kidlab keladi. Mana shu e’tiborning amaliy bir misoli sifatida so‘nggi yillarda iste’dodli, bilimli xotin-qizlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoqini oshirish, ularni oliy ta’limdan keyingi ta’limga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilgan bir qator chora-tadbirlarni aytib o‘tish mumkin.

 Hech kimga sir emas, yaqin-yaqingacha xotin-qiz talabalar turli obyektiv, subyektiv sabablarga ko‘ra ta’limning magistratura bosqichini davom ettira olmas edi. 2022-yildan boshlab magistraturada ta’lim olayotgan talaba qizlarning shartnoma to‘lovlarining Davlat byudjetidan to‘lab berilishi amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, shu maqsadga har yili 200 mlrd. so‘m ajratiladigan bo‘ldi. 2022/2023 o‘quv yilida magistratura bosqichida ta’lim olayotgan 14 ming 110 nafar talaba-qizning 152,9 mlrd. so‘mlik shartnoma to‘lovlari Davlat byudjetidan qoplab berilgan.

Tasavvur qiling, 2018/2019 o‘quv yilida magistr talaba qizlar soni 4 ming 488 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2022/2023 o‘quv yiliga kelib ularning soni 17 ming 122 nafarga yetgan. Chuqurroq mushohada etadigan bo‘lsak, bu raqamlar nimadan darak beradi? Birinchidan, ular tanlagan kasbi bo‘yicha bilimlarni puxta o‘zlashtirgan, ma’lum bir amaliy tajribaga ega, bugungi mehnat bozoriga raqobatdosh yetuk mutaxassis sifatida kirib boradi. Ikkinchidan, ular kelajakda ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanish salohiyatiga ega ilmiy kadrlar sifatida shakllanadi.

Mazkur yo‘nalishda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik shu bilan tugamaydi, u izchil davom ettiriladi. Jumladan, oliy ta’limdan keyingi ta’lim uchun belgilangan jami qabul kvotasining 48 foizi, ya’ni 2374 tasi ular uchun ajratilgan. Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlarda 6 ming 217 nafar xotin-qiz ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda.

Prezidentimizning “Biz jonajon Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishni o‘z oldimizga buyuk maqsad qilib qo‘yganmiz. Bu ezgu va sharafli yo‘lda eng avvalo, oilaning muqaddas qadriyatlariga va chin murabbiy bo‘lgan onalarimizning teran ma’naviyatiga tayanamiz” degan fikrlaridan biz hozir sanab o‘tgan imkoniyat, shart-sharoit va qulayliklar nima maqsadda yaratilayotgani, ulardan qanday natija kutilayotgani, muhimi, zimmamizga qanday mas’uliyat yuklayotganini chuqur anglab yetishimiz zarur.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha izchil islohotlar olib borilmoqda. Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilab qo‘yildi. Prezidentning 2023-yil 1-iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi.

Bugungi kunda 250 ta xizmatni qamrab olgan ijtimoiy himoya tizimi orqali mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalariga ko‘maklashib kelinmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy yordamni adolatli, aniq manzilli hamda shaffof tarzda tashkil etishda “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari” kabi mutlaqo yangi va o‘ziga xos mexanizmning yo‘lga qo‘yilgani masalalarni samarali hal etishga xizmat qilayotir.

Jumladan, og‘ir ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan “ayollar daftari” eng avvalo, yordamga muhtoj, muammosini o‘zi hal etishga qodir bo‘lmagan oilalar, ayollarga ko‘mak berish, ularni oyoqqa turg‘azishda muhim omil bo‘lib xizmat qilyapti. Ushbu ezgu harakat natijasida bugungi kungacha ko‘plab xotin-qizlarga turli ko‘rinishdagi moddiy ko‘mak berilib, ularning muammolari hal etildi.

Xususan, o‘tgan yili boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan 224 ming 397 nafar ayolga 225,1 mlrd. so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, 3 ming 841 nafar xotin-qizning uy-joylari ta’mirlanib, uy-joyga muhtoj bo‘lgan 8 ming 656 nafarining sharoitini yaxshilashga 11,7 mlrd. so‘m ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi, 1 ming 481 nafarini arzon uy-joylar bilan ta’minlashga 42,9 mlrd. so‘m sarflandi.

Umuman olganda, birgina o‘tgan yilning o‘zida ushbu daftarga kiritilgan 993 ming 386 nafar xotin-qizning muammosi hal etilgan, shu maqsadga barcha manbalar hisobidan jami 1,2 trln. so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan.

Albatta, mana shunday yordamlar evaziga qaddini tiklagan, oilasini moddiy jihatdan ta’minlayotgan, farzandlarini bekamu ko‘st tarbiyalab, voyaga yetkazayotgan ayollarning yuzidagi quvonchni, mamnunlikni ko‘rib, Prezidentimiz rahbarligida xalqimizni rozi qilish, qadrini yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar natijalari hayotimizda qanchalik aks etayotganiga yana bir bor amin bo‘lamiz. 

— Davlatimiz rahbarining Andijonga tashrifi chog‘ida korxonamizda bo‘lib, jamoamiz bilan dildan suhbatlashgani hayotimdagi tarixiy kunlardan biri bo‘ldi, — dedi “Asaka tekstil” klaster to‘qimachilik korxonasi tikuvchisi Ismigul Yo‘ldosheva. — Ayniqsa, Prezidentimizning otalarcha g‘amxo‘rlik bilan “Qadr ayoldan boshlansa, qadrimiz yanada baland bo‘ladi!” degan so‘zlari ruhimni ko‘tarib yubordi. Men o‘z hayotimda bu gapning mag‘zini chaqib, shukrona keltirmoqdaman. Chunki ro‘zg‘orim but, oilamda xotirjamlik, farzandlarim, yaqinlarim yonimda. Ertangi kunimdan ko‘nglim to‘q. Bir ayolga bundan ziyoda baxt bormi?!

Ha, bunday samimiy dil so‘zlari Ismigul kabi bugun tolei baland bo‘lgan minglab opa-singillarimizning qalbida sado bermoqda.

Jamiyatda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash haqida gap ketarkan, bu borada ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri ekanini ta’kidlash zarur. Ochig‘ini aytish kerak, yaqin-yaqin yillargacha ushbu og‘riqli masala ochiqchasiga muhokama qilinib, uni hal etish bo‘yicha tizimli ish olib borilmaganligi natijasida muammolar yig‘ilib yotaverdi.

So‘nggi yillarda xalqimizni qiynayotgan muammolar qatorida ushbu illatning ham yuzaga chiqarilishi hamda uning har qanday ko‘rinishini butkul bartaraf etish bo‘yicha qonuniy asoslarning yaratilishi, jamiyatda unga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish borasida olib borilayotgan ishlar o‘z natijalarini bermoqda.

Tasavvur qiling, 2021-2022-yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ayollar va qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 72 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan. Bu bilan bunday holatlar shu yillarga kelib avj olgan, degan xulosaga kelish noto‘g‘ri. Aslida, shunday bir og‘ir vaziyatga tushib qolgan, umidsiz, mushtipar ayol arz-dodini eshitadigan, dardiga malham bo‘ladigan zamon kelganidan bu.

Afsuski, shu kungacha O‘zbekiston qonunchiligida oiladagi zo‘ravonlik bo‘yicha javobgarlikka tortuvchi alohida norma bo‘lmagan. 2023-yil 11-aprelda “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarga “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik”, “ta’qib etish”, “shahvoniy shilqimlik” kabi tushunchalar kiritilib, ushbu huquqbuzarliklar uchun ma’muriy, jinoiy javobgarlik belgilandi.

Jinsiy zo‘ravonlik, jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlarga qonunchilikda ko‘zda tutilgan yengilliklar berilmasligi, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish, yarashganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish kabi imtiyozlar qo‘llanmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi “himoya orderi” muddatini 30 kundan 1-yilga uzaytirish bo‘yicha sudlarga vakolat berildi. Shuningdek, mazkur qonun bilan xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zulmga yo‘l qo‘ymaslik, jamiyatda ularni kamsitishning oldini olishga qaratilgan yana bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Albatta, qonunlarning qabul qilinishi yaxshi, masalaning yana bir muhim tomoni ularning qanchalik hayotga tatbiq etilishi, samara berishidadir. Shu maqsadda ushbu qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni qamrab olgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Respublika, viloyat, tuman doirasida ishchi guruhlar, targ‘ibot guruhlari shakllantirilib, joylarda zarur huquqiy, psixologik hamda amaliy ko‘mak tashkil etilmoqda.

Prezidentimiz ijtimoiy himoya sohasidagi xizmatlar qamrovini yanada kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yiQilishida keyingi yillarda mamlakatimizda oila va xotin-qizlar huquqlarining kafolatlari, ayollarni zo‘ravonlik va tazyiqdan himoya qilish tizimi ancha kuchaytirilganini, lekin bunday holatlar hali ham uchrab turganini ta’kidladi. Ayniqsa, zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar reabilitatsiya bilan yetarlicha qamrab olinmagani qayd etildi.

Ayollar va bolalarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoyalash bo‘yicha mahalla darajasida alohida tizim yaratish, bunday holatga uchragan ayollar reyestri tuzilib, ularga mahallada tezkor kompleks xizmat ko‘rsatish tizimi joriy qilinishi belgilandi. Shuningdek, har bir tuman shifoxonasida zo‘ravonlikka uchraganlarga tibbiy va ruhiy yordam ko‘rsatish uchun tunu kun ishlaydigan xonalar tashkil etilishi ma’lum qilindi. Albatta, bu borada “mahalla yettiligi” tarkibidagi mana shu ishga bevosita mas’ul bo‘lgan mutasaddilarning yaqindan hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning davlat va jamiyat hayotining barcha jabhasida faol ishtirokini ta’minlash nafaqat bizning yurtimizda, balki butun dunyoda dolzarb masala sifatida turibdi. Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining dunyo ayollarini tinchlik va taraqqiyot yo‘lida birdamlikka chorlaydigan, hozirda barchani birdek o‘ylantirayotgan global miqyosdagi muammolarga kengashib oqilona yechim topishga qaratilgan tashabbuslari dunyo hamjamiyati tomonidan qizg‘in qabul qilinmoqda.

Biz Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti, Parlamentlararo Ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlari sammiti, Shanxay hamkorlik tashkiloti xotin-qizlar forumi yiQilishlarida ayollarning davlat boshqaruvi, preventiv diplomatiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tadbirkorlik va biznes, madaniyat, ta’lim, fan, san’at, gender tengligi, umuman, barqaror rivojlanish sohalarida o‘zaro hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlarni belgilab, amalga oshirib kelmoqdamiz. Ushbu nufuzli xalqaro tuzilmalarning bir qator tadbirlari yurtimizda yuqori saviyada o‘tkazilayotgani mamlakatimizda parlamentarizmni rivojlantirish, inson huquqlarini ta’minlash hamda jamiyatni demokratlashtirish borasida olib borilayotgan islohotlar, ularning amaliy natijalari jahon hamjamiyati tomonidan munosib e’tirof etilayotganiga yorqin misol bo‘la oladi.

Ma’lumki, har qanday mamlakatda gender tenglik qanchalik ta’minlanganligi xotin-qizlarning davlat boshqaruvining eng yuqori pog‘onalarida egallagan o‘rni bilan ham belgilanadi. Nega deganda, ularning mamlakat taqdiri bilan bog‘liq muhim qarorlar qabul qilinadigan davlat idoralarida yetarlicha vakillikka ega bo‘lishi xotin-qizlarning manfaatlari shunchalik samarali ilgari surilishi va mazkur hujjatlarda amalda o‘z aksini topishida katta o‘rin tutadi. Parlamentlararo Ittifoq ma’lumotiga ko‘ra, unga a’zo 180 davlat ichida O‘zbekiston mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha 45-o‘rinni egallagan. Jahon bankining “Ayollar, huquq va biznes” indeksida mamlakatimiz o‘rinlari yaxshilandi. O‘zbekiston “xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik sohasida muhim islohotlarni amalga oshirgan” 27 ta davlat sirasiga kirdi.

Shu o‘rinda yana bir muhim masala, ya’ni jamiyatimiz mustahkamligi, davlatimiz barqarorligining muhim asoslaridan biri — oilaning tarbiya va ta’lim borasidagi salohiyatini oshirish, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni saqlash, ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash bugungi kunda har qachongidan ko‘ra dolzarb bo‘lib turibdi.

Bugun xalqaro maydonda raqobat tobora kuchayib, dunyoda o‘z ta’sirini saqlab qolishga jon-jahdi bilan intilayotgan davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar keskin tus olmoqda, axborot makonida turli g‘oyaviy, ma’naviy tahdidlar avj olib bormoqda. Shunday og‘ir bir vaziyatda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy qadriyat va an’analarimizni asrab-avaylash, ularni farzandlarimizning ongu shuuriga chuqur singdirish xalq, millat sifatida birligimizni ta’minlash, o‘zligimizni saqlab qolishning eng muhim omillaridan biridir.

Davlatimiz rahbari Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yiQilishida “Biz bugungi keskin sharoitda g‘oyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? O‘sh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi? Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy o‘ylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Agar biz bu yorug‘ dunyoda “o‘zbek”, “o‘zbekistonlik”, “O‘zbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan bo‘lsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish bo‘yicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech bo‘ladi”, deya barchamizni, ayniqsa, ziyolilarni yana bir bor ogohlikka chaqirdi.

Prezidentimiz tomonidan kuyinchaklik bilan aytilgan bu gaplar, avvalo biz, onalarga tegishli, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Oilada onaning o‘rni, uning farzandlar tarbiyasiga ko‘rsatadigan beqiyos ta’siri haqida Sharq mutafakkirlari ko‘p va xo‘p fikrlar bildirishgan. Oiladagi muhit, farzandlar xulqi va odobi, uning otaga, atrofdagi kishilarga va jamiyatga munosabati aynan onaning dunyoqarashi, bilimi va ma’naviyati bilan bog‘liq holda shakllanishini ular alohida ta’kidlashgan. “Oqila ayol — oilaning asosi, bolalarini o‘z zamonasi uchungina emas, kelajak uchun ham tarbiyalaydi” deydi allomalarimiz. 

Shu maqsadda jamiyatning asosiy tayanchi bo‘lgan oilada ma’naviy muhitni yaxshilash, farzand tarbiyasidagi mas’uliyat, milliy qadriyatlarni singdirish va shu kabi tashabbuslarni keng yoyish maqsadida obro‘-e’tiborli, katta hayotiy tajribaga ega opa-singillarimizdan iborat jamoatchilik tuzilmalari tashkil etildi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “Oqila ayollar” harakati faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ular joylarda yangi ma’naviy makon yaratish, oilalarni mustahkamlash, ma’rifatli jamiyatni qurishda ziyoli onalar ishtirokini ta’minlash, xotin-qizlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshirish, ularga qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqchil tilda tushuntirish borasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqda.

Biroq davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, asosan, chetdan uyushtirilayotgan, ba’zan hatto mamlakatning o‘zida ham ahyon-ahyonda bo‘y ko‘rsatib qolayotgan milliyligimiz, davlatchiligimiz hamda ma’naviyatimizga qaratilgan tahdidlarni, Konstitutsiya va qonunlarimizga zid pozitsiyalarni bugungi axborot ochiqligi sharoitida jilovlash mushkul. Ularga qarshi faqat ma’rifat bilan, yuksak ma’naviyatimiz bilan izchil kurashishimiz, munosib javob qaytarishimiz zarur. Vatanimiz mustaqilligi, millatimiz taqdiri uchun kurash — abadiy kurash ekanini har birimiz chuqur anglashimiz va unga hamisha shay bo‘lmog‘imiz kerak bo‘ladi.

Shu ma’noda, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti, “Olima ayollar” jamiyati, “Oqila ayollar” harakati, O‘zbekiston yetakchi ayollari muloqoti kabi qator jamoatchilik tuzilmalari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan bu boradagi sa’y-harakatlarimizni birlashtirishimiz, o‘zaro muvofiqlashgan tarzda samarali yo‘lga qo‘yishimiz, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni ilmiy asosda, yangicha uslub va mazmunda, tizimli tashkil etishimiz zarur.

Biz qayerda, qanday kasbda ishlamaylik, tabiatan ayolga, onaga berilgan “avlodlar tarbiyachisi”, degan ulug‘ maqomni unutmasligimiz kerak. Prezidentimiz ilgari surgan “O‘zbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni o‘z hayotining ma’nosi deb bilmog‘i kerak! Biz bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” degan oliy tushunchani farzandlarimiz ongiga singdirish, ularda mana shunday yuksak vatanparvarlik tuyg‘ularini tarbiyalash hamda hayotining mazmuniga aylantirish, biz — onalarning muqaddas burchimizdir.

Tanzila NORBOYEVA,

Oliy Majlis Senati Raisi,

Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish,

gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?