Anvoyi ijod chamani

13:15 30 Oktyabr 2023 Madaniyat
273 0

Bugun — Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid tavallud topgan kun

Adabiyot atalmish koʻrkam boʻston asrlar osha toʻlishib, yanada chiroy ochib, yangidan-yangi nomlar bilan boyib borayotgani xalqimizning benihoya katta xazinasi. Bu bogʻga oʻz ulushini qoʻshgan borki, diliga, tiliga yuksak insoniy tuygʻular, Vatan, erk, muhabbat, ezgulik, baxtu saodat kabi tushunchalar jo boʻladi. Oʻzining ana shunday otashin sheʼriyati, sermahsul ijodi bilan xalqimizning koʻnglidan joy olgan ijodkor, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyiddir. Shoirning bitiklarida ozod yurt manzumasi, oshiq koʻngil baxtu iztiroblari, ezgulikka esh hayotiy timsollar oʻziga xos iforda, koʻrku tarovatda namoyon boʻladi. Sof tuygʻular, choʻng samimiyat, teran fikrlar, mukammal badiiyat sheʼriyat ixlosmandini maftun etadi.

Shoirga mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, uzoq umr tilaymiz! Ijodda yangi-yangi dovonlar oshib, sheʼriyat ixlosmandlarini xushnud etib yuraversin!

Quyida Sirojiddin Sayyid qalamiga mansub ijod namunalaridan tuhfa etamiz.

Inson qadri

Tiriklikning iforiday gullar atri,

Bulbul uchun muqaddasdir boʻston qadri.

Bulbul aslo yasholmas oʻz chamanisiz,

Inson yasholmagay hargiz Vatanisiz.

Yashnar ekan toki davru zamon qasri —

Bu Vatanda muqaddasdir inson qadri.

Sen egilib chigit ekding, paxta terding,

Shuncha molu dunyoyingni kimga berding?

Yuz yil mehnat qilding, kosang oqarmadi,

Xalqim, tole senga ham bir boqarmidi?

Keldi endi chin dehqonu bogʻbon qadri,

Bu Vatanda muqaddasdir inson qadri.

Millatlarni birlashtirgan tashkilotda

Sen oʻzbekcha soʻylar eding, Oʻzbek ota.

Sen oʻzbekcha soʻylarding — men yigʻlar edim,

Uch yuz yetmish tomirim-la tinglar edim.

Baland boʻldi elda ilmu irfon qadri,

Bu Vatanda muqaddasdir inson qadri.

Kelajakning koʻrkam qasru uylarida,

Toʻylarida, mahalla ham koʻylarida —

Ellar, xalqlar birlashib bayram boʻladi,

Bu davronlar hali duv-duv gap boʻladi.

Oʻzbek uchun muqaddasdir mehmon qadri —

Bu Vatanda muqaddasdir inson qadri.

Oʻzing qurding uch ming yillik davlatingni,

Qadriga yet oring, shaʼnu shavkatingni.

Bugun imon keltirdiku roʻyi jahon,

Oʻzbekiston, ota makon, ona makon.

Chin sarbonga qutlugʻ boʻlsin karvon qadri,

Bu Vatanda muqaddasdir inson qadri,

Inson qadri muqaddasdir, inson qadri.

***

Dilni oʻzga yurtga moyil koʻrmadim,

Yurtsiz bir murodni hosil koʻrmadim.

Qanchalar ummonu daryolar kechdim,

Anhor sohiliday sohil koʻrmadim.

***

Koʻringan togʻlarning qoyalaridir,

Ul ota-bobomning soyalaridir.

Osmonga intilgan baland choʻqqilar

Erk deya yuksalgan gʻoyalaridir.

VATAN DESAM…

Bu diyorning ayvonlari nurga talosh,

Bu diyorning kayvonisi oyu quyosh.

Vatan desam koʻzimda yosh, yuzimda yosh,

Koʻzga surtay nonlarini, nonlarini.

Tiriklikning zahmatlari, taqdirlari,

Hayotining bor hikmat ham tadbirlari,

Ey, onamning tuproqqina tandirlari,

Isitgansiz jonlarini, jonlarini.

Kim Vatanni zar toʻniga yeng etmishdir,

Kim bagʻrini osmonlarday keng etmishdir.

Yaratganning oʻzi bugun teng etmishdir

Asrlarga onlarini, onlarini.

Bir suvoriy kelmoqdadir - Boburmi yo?

Hirotmi yo, Hindistonmi yoki Koʻnyo,

Koʻrib keldi, bundan soʻng ham koʻrsin dunyo

Sultonlari, xonlarini, xonlarini.

Bu diyorning ayvonlari nurga talosh,

Bu diyorning kayvonisi oyu quyosh,

Vatan desam koʻzimda yosh, yuzimda yosh,

Koʻzga surtay nonlarini, nonlarini.

Nechun oʻtmoq hasad ekib umrlarga,

Dilni oʻrab gʻaraz, riyo — koʻmirlarga?

Havas qilib yashang ulugʻ Temurlarga,

El bilgaydir shonlarini, shonlarini.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?