Andijonning turizm salohiyati ortmoqda

16:38 05 Yanvar 2023 Jamiyat
676 0

Foto: Xalq so‘zi

Dunyo koʻrib, dunyo yaratmoq inson feʼlu aʼmoliga xos. Tarixiylik, zamonaviylik, oʻzgachalik, xavfsizlik nuqtayi nazaridan Yer yuzidagi eng maqbul manzillar hamisha sayohatni xush koʻruvchilar bilan gavjum boʻlgan. Quvonarlisi, yurtimizda ham bugun sayyohlar oqimi yil sayin ortib boryapti. Chunonchi, birgina Andijon viloyatining oʻziga oʻtgan yili 1 mln. 12 ming nafar xorijiy va mahalliy sayyohlar tashrif buyurdi.

— Viloyatning sayyohlik salohiyatini yanada oshirish maqsadida xorijiy hamkorlar bilan oʻzaro aloqalar koʻlamini kengaytirmoqdamiz, — deydi Andijon viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Bekzodbek Yusupov. — Bu borada, ayniqsa, qoʻshni qirgʻizistonlik hamkorlarimiz bilan birgalikdagi faoliyatimizni namuna qilib koʻrsatish mumkin. Natijada oʻtgan yili 110 ming nafar qardoshlarimiz viloyatimizda mavjud 400 dan oshiq madaniy meros obyektlarini tomosha qilish imkoniga ega boʻldilar. Joriy yilda ularning soni yanada oshishi kutilyapti.

Viloyatda sayyohlik yoʻnalishini yanada rivojlantirish koʻlami ortgan. Jumladan, mehmonlarni joylashtirish obyektlarining soni 114 taga yetkazilib, bir paytning oʻzida 2 ming 316 nafar sayyohlarga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratildi. 76 ta turistik tashkilot tomonidan 8 ta sayyohlik yoʻnalishi tashkil etildi. Bularning barchasi 2022-yil davomida xizmat koʻrsatish va turizm eksporti hajmi 17,5 mln. dollarni tashkil etishiga sabab boʻldi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?