2020-yilda siyosiy partiyalar qanday manbalar hisobiga moliyalashtirildi, sarf-xarajatlar qanday boʻldi?

14:06 25 Mart 2021 Siyosat
1035 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar siyosiy partiyalarning 2020-yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi hisobotlarini ham eshitdi.

Taʼkidlanganidek, taraqqiyotning yangi bosqichida barcha siyosiy partiyalar oʻz ish rejalarini tubdan qayta koʻrib chiqib, faoliyatini yangicha ruhda davom ettirmoqda. Xususan, siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli sezilarli darajada oshib, joylarda aholini oʻylantirib kelayotgan muammolarni oʻrganish va hal etish borasidagi ishlari faollashdi.

Dastlab OʻzLiDeP raisi A. Haitov hisobot bilan chiqdi.

Taʼkidlanishicha, 2020-yil 1-yanvar holatiga partiyaning hisob raqamlaridagi qoldiq mablagʻlar 1 mlrd. 930 mln. 734 ming soʻmni tashkil qilgan. 2020-yil davomida partiyaning hisob raqamlariga jami 35 mlrd. 318 mln. 862 ming soʻm kelib tushgan.

Soʻng “Milliy tiklanish”DP raisi A. Qodirov qayd etganidek, 2020-yilda partiya hisob raqamiga 22 276 323 900 soʻm miqdorida mablagʻ kelib tushgan. Xususan, partiyaning Ustav faoliyatini moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 20113494000 soʻm, partiya aʼzolik badallaridan 1891659100 soʻm, homiylik, xayriya va boshqalar 271 170 800 soʻm mablagʻlar kelib tushgan. 2020-yil davomida partiyaning umumiy sarf-xarajati 21 665 209 800 soʻmni tashkil etdi.

Majlisda “Adolat” SDP rahbari B.Abduhalimovning hisoboti eshitildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida siyosiy partiyalarning roli kuchaytirilishi munosabati bilan ular faoliyatida moliyaviy intizom muhimdir. Hozirgi sharoitda siyosiy partiyalar tasarrufiga Davlat byudjetidan kelib tushadigan mablagʻlarni samarali rejalashtirish va sarflash juda muhim ahamiyatga ega.

Prezidentimizning 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasidan kelib chiqadigan vazifalar yuzasidan partiyaning 2020-yilga moʻljallangan “Yoʻl xarita”si qabul qilindi. “Yoʻl xarita”da 2020-yil davomida bajarilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilandi. Hisobot davrida partiyaning hisob raqamlariga jami 14 mlrd 206 mln 929 ming soʻm mablagʻ kelib tushgan. 2020-yilda jami 13 mlrd 871 mln 122 ming soʻm mablagʻ sarflandi.

OʻzXDP raisi U. Inoyatov ham axborot bilan chiqdi.

Taʼkidlash joiz, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunga binoan siyosiy partiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi deputatlik oʻrinlari soniga qarab oʻz ustav faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat tomonidan moliyalashtirish mablagʻlarini olish huquqiga ega.

Maʼlum qilinishicha, oʻtgan yilda partiya hisob raqamlariga kelib tushgan tushumlarning umumiy miqdori 23 milliard 842 million 410 ming soʻmni tashkil etdi. Shuni taʼkidlash kerakki, 2020-yilda partiyaning Ustav faoliyatini moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan umumiy mablagʻning 48 foizini partiyaning oʻz mablagʻlari tashkil etdi. 2019-yilda ushbu koʻrsatkich 45 foizni tashkil qilgan edi. Yaʼni, 2020-yilda partiyaning oʻz mablagʻlari 2019-yilga nisbatan qariyb 3 foizga oʻsgan.

Majlisda, shuningdek, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi raisi N. Oblomuradov ham hisobot bilan chiqdi.

Qayd etganidek, partiyaning 2020-yildagi Ustav faoliyatini amalga oshirishga qaratilgan xarajatlar 8 mlrd. 342 mln. 51 ming soʻmni tashkil etdi. Jumladan, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining ishchi xodimlariga 2020-yil davomida ish haqi uchun 7 mlrd. 36 mln. 808 ming soʻm, Yagona ijtimoiy toʻlov uchun 853 mln. 997 ming soʻm, xizmat safarlar xarajatlari uchun 19 mln. 801 ming soʻm, kommunal xizmatlar uchun 75 mln. 122 ming soʻm, moddiy aylanma vositalar zaxiralari uchun 114 mln. 179 ming soʻm, tovar va xizmatlar sotib olish uchun 186 mln. 473 ming soʻm, asosiy vositalar boʻyicha xarajatlar uchun 19 mln. 410 ming soʻm, mashinalar, jihozlar va texnikalarni joriy taʼmirlash uchun 10 mln. 66 ming soʻm, boshqa xarajatlar uchun 26 mln. 193 ming soʻm, jami IV-guruh xarajatlari uchun 451 mln. 246 ming soʻm sarf xarajat qilindi.

Xalq vakillari taʼkidlab oʻtishganidek, bugungi kunda Oʻzbekistonning barcha siyosiy partiyalarida nazorat-taftish komissiyalari ishlab turibdi, ular faoliyatining tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlari, shu jumladan ularning funksiyalari, vazifalari hamda huquq va majburiyatlari aniq belgilangan.

Deputatlar eshituv davomida bildirilgan fikrlarni inobatga olgan holda siyosiy partiyalarning 2020-yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi hisobotlarini maʼlumot uchun qabul qildilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер