1-maydan boshlab nimalar oʻzgaradi?

Adliya vazirligi rasmiy telegram kanalida 1-maydan boshlab nimalar oʻzgarishini maʼlum qildi.
1. Ai-80 benzini narxini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinadi
Ai-80 markali avtomobil benzini va dizel yoqilgʻisi (shu jumladan EKO markali dizel yoqilgʻisi) chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinadi va neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan ularni sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshiriladi.
2. Tibbiyot tashkilotlarida xalq tabobati xonalari ochiladi
Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan, davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs maqomiga ega Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi tashkil etiladi.
Shuningdek, tibbiyot OTMlarida va Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Xalq tabobatini rivojlantirish markazlari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, tuman (shahar), viloyat va respublika darajasidagi davlat koʻp tarmoqli tibbiyot muassasalarida hamda nodavlat tibbiyot tashkilotlarida xalq tabobati xonalari ochiladi.
3. Hududlar dorivor oʻsimliklar yetishtirish boʻyicha ixtisoslashtiriladi
Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, saqlash, birlamchi yoki chuqur qayta ishlash klasterlari tashkil etiladi, shuningdek, hududlar dorivor oʻsimliklar yetishtirish boʻyicha ixtisoslashtiriladi.
4. Alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalari joriy etiladi.
5. Davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va resurslarida axborotni shakllantirish, saqlash va qayta ishlash faqat quyidagi noyob identifikatorlardan foydalangan holda amalga oshiriladi:
jismoniy shaxslar — jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR);
yuridik shaxslar — soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);
koʻchmas mulk — kadastr raqami;
manzillar — geografik kod;
transport vositalari — transport vositasining identifikatsiya raqami.
6. Sud hukmlari, qarorlari, ajrimlari yoki hal qiluv qarorlari qonuniy kuchga kirgan ishlar prokuror tomonidan tomonlarning (prokurordan tashqari) murojaati mavjud boʻlgandagina suddan talab qilib olinadi.
7. Bogʻcha puli miqdorlari oʻzgaradi
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovi miqdorlari oʻzgaradi.
8. Boʻstonliqda turar joyni ijaraga berganlik uchun alohida soliq tartibi joriy etiladi
2020-yil 1-maydan boshlab, 2021-yil 1-maygacha Boʻstonliq tumanida tajriba tariqasida soliq solish obyektlarini hisobga olish va soliq maʼmuriyatchiligining alohida tartibi joriy etiladi.
Tajriba davrida jismoniy shaxslar tomonidan dam olish uylari, dala hovli, yakka tartibdagi uy-joylar va yashash uchun moʻljallangan boshqa turar joylar, shuningdek, ayrim mol-mulk turlari soliq organlarining tayanch punktlari tomonidan soliq solish obyektlarining hisobga qoʻyilgani toʻgʻrisidagi bepul beriladigan guvohnoma asosida ijaraga beriladi.
9. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari va ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish markazi direktori mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha OTM rektoriga, direktor maslahatchisi va direktor oʻrinbosarlari — OTM prorektoriga, boshqarma va boʻlim boshliqlari — fakultet dekaniga, bosh mutaxassis — katta oʻqituvchiga, yetakchi mutaxassis — oʻqituvchiga tenglashtiriladi.
10. Davlat qurilish nazoratining yangi tartibi joriy etiladi
Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va hududiy inspeksiyalar tomonidan qurilishi tugallangan obyektlardan foydalanishga ruxsat berish tartibini joriy qilgan holda, moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar xavf-xatar toifasi past obyektlarni foydalanishga qabul qilish boʻyicha mavjud tartib-taomillar bekor qilinadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 2023-yildan avtomobil narxi pasaydi — UzAuto Motors
- Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 18 milliard yevro miqdoridagi yangi yordam paketi ajratdi
- Buyuk Britaniya bosh vaziri jarimaga tortildi
- Oʻzbekiston Prezidenti Li Kuan Yu nomidagi maktabga tashrif buyurdi va Singapurning ishbilarmon doiralari bilan uchrashuv oʻtkazdi
- NATO Ukraina masalasida Rossiya bilan muzokara qilishning yagona yoʻlini maʼlum qildi
- Energiya taʼminotini yaxshilash masalalari koʻrib chiqildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring