Milliy gvardiya — millat manfaatlari himoyasida

01:09 14 Yanvar 2019 Jamiyat
9316 0

Foto: Hasan Paydoyev

Mamlakatda tinchlik-osoyishtalik boʻlmasa, hech narsa tatimaydi. Shunday ekan, biz, Vatan posbonlari shu yurt uchun, shu xalq uchun qancha jon kuydirsak, xavfsizligini taʼminlasak, shuncha kam.

Sir emas, bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi ana shunday sharafli va masʼuliyatli ishlarda faol qatnashib kelayotir. Ayniqsa, jamoat tartibini saqlash hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ishlari huquq-tartibot idoralari tomonidan hamkorlikda tizimli tashkil qilinyapti. Bunda “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz turizm”, “Xavfsiz xonadon” loyihalari joriy qilingani ham alohida ahamiyat kasb etyapti.

Prezidentimiz mamlakatimiz tinchligi va jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish borasidagi kelgusi vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida shu haqda toʻxtaldi. Jumladan, jamoat xavfsizligi va shaxsiy mulk daxlsizligini taʼminlashga Ichki ishlar vazirligi bilan bir qatorda Milliy gvardiya ham bab-baravar javobgar ekanligini taʼkidladi.

Faoliyatimiz haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, oʻtgan yilning iyul oyidan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga kirishgan edi.

Bugungi kunda poytaxtimiz hududi boʻyicha jamoat tartibini saqlash uchun Milliy gvardiya boʻlinmalaridan 700 nafardan ortiq harbiy xizmatchilar jalb qilingan. Uch smenada tunu kun xizmat tashkillashtirilgan. Bu esa mahallalarda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashda muhim oʻrin tutmoqda. Jamoat joylari va koʻchalarda 200 mingdan ortiq videokuzatuv uskunalari oʻrnatilgan.

Hamkor idoralar bilan birgalikda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan 1100 dan ortiq tadbirlar oʻtkazildi. Natijada 163 mingdan ziyod huquqbuzarliklar, 103 ta ogʻir va oʻta ogʻir, 20 dan ortiq boshqa turdagi jinoyatlar aniqlandi.

Joriy yilda mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish choralarini yangi bosqichga koʻtarish borasida dolzarb vazifalarni belgilab oldik. Xususan, har bir hududning huquqbuzarlikka qarshi kurashda oʻz tajribasini yaratish, sohaga yangi innovatsion loyihalarni tatbiq qilish ham koʻzda tutilgan.

Eng asosiy maqsadimiz esa xalqimiz osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash orqali ularning ishonchini qozonish, jinoyat hamda huquqbuzarliklarning umuman sodir etilmasligiga erishishdir. Buning uchun bor kuch va bilimimizni safarbar etamiz.

 

Sh. SHAKIROV,

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni oʻrinbosari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?