Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi ijtimoiy yoqilgʻi ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirdi

11:24 15 Dekabr 2022 Iqtisodiyot
1036 0

Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi (FNQIZ) qish mavsumi boshlanishi bilan AI-80 markali benzin ishlab chiqarish hajmini 50 foizdan koʻproqqa oshirildi. Agar joriy yilning yanvar-noyabr oylarida korxonada kuniga oʻrtacha 800 tonna mahsulot ishlab chiqarilgan boʻlsa, 14-dekabr holatiga koʻra bu koʻrsatkich 1250 tonnaga yetkazildi.

Zavodning ishlab chiqarish quvvatlarini maqsadli yangilash hamda Saneg neft-gaz kompaniyasi (2022-yil iyun oyidan beri FNQIZga egalik qiladi) tomonidan jalb qilingan investitsiyalar tufayli qayta ishlash hajmini oshirishga erishildi. Umuman olganda, Saneg FNQIZni modernizatsiya qilish uchun 400 million dollardan ortiq mablagʻ yoʻnaltirib, yil davomida xomashyoni qayta ishlash tezligini ikki baravarga, 1 million tonnadan 2 million tonnagacha oshirish niyatida.

Bundan tashqari, AI-92 benzin ishlab chiqarish hajmi ham oshirildi. Har kuni kamida 500 tonna shu markali mahsulot savdolarga qoʻyilmoqda.

«Bugungi kunda korxonaning barcha resurslari aholini hamyonbop yoqilgʻi, xususan, benzin bilan taʼminlashga qaratilgan. Yaqinda aksiz soligʻining bekor qilinishi bozorga sezilarli taʼsir koʻrsatdi va talab ham sezilarli darajada oshdi. Biroq biz ishlab chiqarish dasturini undan oldin, noyabr oyida korxonaning ish hajmini moslashtirib, kuz-qish mavsumining maksimal davri yaqinligini anglagan holda oʻzgartirgan edik.

Qolaversa, zavod texnologik jarayonlar boʻyicha ham yangi bosqichga koʻtarildi – bugungi kunda zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash tufayli xomashyoni aralashtirishda asbob-uskunalar ishlashning eng samarali parametrlarini belgilab oldik.

Barcha tayyor benzin mahsulotlari erkin bozor narxini shakllantirish maqsadida birja orqali sotilmoqda», - deydi korxona direktori Xabib Latipov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?