Samarqanddan xalqaro yoʻnalishda yangi aviaqatnov yoʻlga qoʻyildi

19:21 07 Iyun 2021 Iqtisodiyot
1515 0

"Samarqand xalqaro aeroporti” MCHJ matbuot xizmatining xabariga koʻra, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan joriy yilning 8-iyun kuni «Samarqand — Olmota — Samarqand» yoʻnalishida yangi muntazam aviaqatnov yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu koʻhna kentning zamonaviy havo darvozasini yirik transport va sayyohlik xabiga aylantirish loyihasi doirasidagi yana bir muhim qadamdir.

Ayni kunlarda jahonda epidemiologik vaziyatning barqarorlashish sari yuz tutishi munosabati bilan qator davlatlar oʻrtasida aviaaloqalar qayta tiklanmoqda. Xususan, Samarqandga amalga oshirilayotgan maxsus (charter) reyslar ham oʻz oʻrnini muntazam reyslarga boʻshatib bermoqda. Aeroportda ish yana qizgʻin pallaga kirgan, aviaqatnovlar soni ichki va tashqi yoʻnalishlar hisobiga ortib bormoqda.

Milliy aviakompaniya tomonidan yoʻlga qoʻyilgan mahalliy aviaqatnovlar shular jumlasidan. Bugun ulardan foydalanayotgan yoʻlovchilar uzogʻi bilan bir soat ichida respublikamizning Namangan, Urganch, Fargʻona viloyatlari hamda Toshkent shahriga yetib borishi yoki u yerdan Samarqandga kelishi mumkin. Ahamiyatlisi, mazkur mahalliy reyslar haftasiga bir necha marotaba amalga oshirilmoqda.

«Samarqand — Olmota — Samarqand» yoʻnalishidagi yangi aviaqatnov ham yoʻlovchilarda katta qiziqish uygʻotmoqda. Eʼtiborli jihati, ushbu reys bir haftada ikki marotaba, seshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi. Xuddi shunday, Qozogʻiston tomonidan “Air Astana” aviakompaniyasi ham haftaning chorshanba va yakshanba kunlari Samarqandga muntazam aviaqatnovni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirilgan. Bu oʻz navbatida qardosh xalqlar oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarining yana-da mustahkamlashi kafolatidir.

Aytish joizki, bugun Samarqand xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik va modernizatsiya ishlari dunyoning yetakchi aviatashuvchilari tomonidan yuqori baholanib, xalqaro hamkorlik aloqalarida yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bu borada belgilangan chora-tadbirlar doirasida tez orada Samarqanddan Rossiyaning Moskva va Sankt-Peterburg shaharlariga muntazam aviaqatnovlarni tiklash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Misrning “Air Cairo” aviakompaniyasi bilan «Sharm-esh-Sheyx – Samarqand - Sharm-esh-Sheyx» yoʻnalishida ham yangi aviaqatnov yoʻlga qoʻyilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, aeroportda rekonstruksiya ishlari yakunlanishi bilan joriy etilayotgan “Ochiq osmon” rejimi unda barcha davlatlarning samolyotlarini qabul qilish, xalqaro aviaaloqalarda tranzit vazifasini oʻtash imkoniyatini beradi. Shu maʼnoda, Samarqandning zamonaviy havo porti hududning iqtisodiy oʻsish drayveri, yangi sayyohlik markaziga aylanmoqda, deya aytish mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?