Buxoro viloyatida vaksinalarni saqlash uchun sovitish ombori ochildi

16:55 12 Mart 2021 Jamiyat
1638 0

Buxoro viloyati boʻyicha koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash tadbirlariga tayyorgarlik jarayoni yakuniga yetkazilmoqda. 

Maʼlumot uchun, Buxoro shahri va tumanlarda jami 245 ta emlash punkti, 13 ta reanimatsion brigada, shuningdek, 45 ta harakatdagi brigada tashkil etilib, ularga 870 nafar malakali tibbiyot xodimi hamda 45 ta avtotransport vositasi jalb qilingan. Ayniqsa, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamgʻarmasi tomonidan viloyatimizga vaksinalar tashish uchun moʻljallangan muzlatgichli maxsus avtomashina hamda 13 ta «Mineven–Labo” rusumli avtomashina ajratilganligi, shuningdek, maxsus bino qurilib, 226 dona muzlatgich, 350 dona termosumkalar bilan taʼminlanganligi ish unumdorligini yana-da oshiradi.

Bugun viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasida vaksinatsiya saqlanadigan ana shu maxsus muzlatkichli omborxona va emlash vositalarini tashishga moʻljallangan zamonaviy transport vositalarini foydalanishga topshirish tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda UNISEF xalqaro tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade, viloyat hokimi Botir Zaripov, respublika Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Amrillo Inoyatov, viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Gʻofur Saidov, Buxoro shahar hokimi Oʻtkir Jumayev, shuningdek, viloyat SEO va JS boshqarmasining shahar va tumanlardagi boʻlimlari masʼullari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Taʼkidlanganidek, vaksinalarni sovuqlik zanjiriga rioya etgan holda uzluksiz yetkazib berish tizimini takomillashtirish borasida jiddiy chora-tadbir koʻrilgan, buning yaqqol misoli, ayni kunda viloyatimizda maxsus qurilgan vaksinalarni saqlash omborxonasi toʻliq avtomatlashtirilgan va zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Har yili Buxoro viloyati aholisini yuqumli kasalliklarga qarshi emlash uchun, xususan, silga qarshi 72 ming doza, sholga qarshi 200 ming doza, qizamiq, qizilcha va parotitga qarshi 79 ming doza, pnevmokokka qarshi 100 ming doza, difteriya qoqsholga va gepatining “V” turiga qarshi 120 ming doza, rotavirusga qarshi 100 ming doza va boshqa vaksinalarni mazkur omborxonada talab darajasida, sovuqlik zanjiriga qatʼiy rioya etilgan holda saqlash imkoniyati yaratildi. Eʼtiborli jihati, soʻnggi vaqtda jahonda koronavirus infeksiyasining yangi shtammi tarqalishi munosabati bilan aholini emlash boʻyicha chora-tadbirlar sezilarli darajada jadallashdi. Tantanali ravishda topshirilayotgan maxsus avtomashinalar esa sovuqlik zanjiri va logistika infratuzilmasini yana-da mustahkamlash, vaksinalarni barcha shahar va tumanlar boʻylab xavfsiz va tezkor tashish imkoniyatini yaratadi.

Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash tadbirlarini sifatli va talofatsiz tashkillashtirish maqsadida viloyat Sogʻliqni saqlash hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalari qoshida koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash kunlarini boshqaruvchi markaziy shtablar tashkil qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?