Oʻzbekistonda koronavirusning oldini olish va davolashga oid uchta ilmiy loyihaga 3 mlrd soʻmga yaqin mablagʻ ajratildi

13:02 26 Fevral 2021 Jamiyat
1038 0

Innovatsion rivojlanish vazirligining navbatdagi Hayʼati yigʻilishida vazirlik Hayʼati aʼzolari, ilmiy kotib, vazirlikning tegishli boshqarma, boʻlim va markazlari masʼul xodimlari ishtirok etdilar. Yigʻilishga innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov raislik qildi.

Vazirlik axborot xizmati xabariga koʻra, Hayʼat yigʻilishida innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan eʼlon qilingan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi loyihalar tanlovlari natijalariga koʻra moliyalashtirishga tavsiya etilgan amaliy va innovatsion loyihalar muhokama qilinib, qator ilmiy loyihalar moliyalashtirishga tavsiya etildi.

Moliyalashtiriladigan mazkur uchta loyihaning har biri koronavirus infeksiyasining oldini olish va davolashga oid ilmiy loyihalar ekani bilan eʼtiborga molikdir. Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati ilmiy jamoasi tomonidan amalga oshiriladigan loyihaga “Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish koʻrsatkichlarining epidemiologik tahlili asosida infeksiyaning tarqalishini prognozlash va epidemiologik monitoring tizimini ishlab chiqish” 761 mln soʻm pul ajratildi. COVID-19 pnevmoniyasi bilan bogʻliq boʻlgan atipik OʻRDS uchun intensiv terapiyaga differensial yondashish bilan organoproteksiya texnologiyalarini ishlab chiqishga qaratilgan jami 1 mlrd. 54 mln. soʻm qiymatidagi loyiha esa ikkita ilmiy jamoa – Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Ixtisoslashtirilgan koʻp tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasi Zangiota-1 olimlari tomonidan amalga oshiriladi. Akademik Yo.X.Toʻraqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi olimlari esa qandli diabet va giperglikemiya holatlarida COVID-19 va uning asoratlarini davolash, oldini olish va tashxislash algoritmlarni ishlab chiqadilar. Mazkur loyiha jamoasiga 1 156 mln. soʻm miqdorida grant taqdim etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?