Ehtiyot boʻling! Soxta “oʻt oʻchiruvchi va moʻri tozalovchilar”ga aldanib qolmang — vazirlik
Kuz-qish mavsumi kelishi bilan aholining gaz, koʻmir va boshqa muqobil yoqilgʻi turlaridan foydalanishga boʻlgan ehtiyoji keskin ortadi.
Tabiiyki, bunday sharoitda yongʻinni oldini olish boʻyicha odamlarga maslahat beruvchi va pullik xizmatlar koʻrsatuvchi “ucharlar” ham koʻpayadi.
Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimining xabar berishicha, odamlarning ishonchiga kirib, oʻzlarini “oʻt oʻchiruvchi va moʻri tozalovchilar” deb tanishtirib, koʻplab fuqarolarning pullarini oʻzlashtirish holatlari kuzatilmoqda.

"Adliya vazirligi ogohlantiradi: Ehtiyot boʻling! Soxta “oʻt oʻchiruvchi va moʻri tozalovchilar”ga aldanib qolmang.
Qanday MAJBURIYATINGIZ borligini bilib oling.
Siz:
gaz va maishiy elektr asboblaridan foydalanishda ehtiyotkorlik choralarini koʻrishingiz;
tutun moʻrilari, moʻrilarning kallaklarini va ventilyatsiya kanallarining holatini oʻz vaqtida tekshirtirishingiz;
tutun moʻrilari va ventilyatsiya kanallaridagi nosozliklar toʻgʻrisida 1101 yoki 1050 qisqa raqamlariga zudlik bilan xabar berishingiz;
turar joy va bino-inshootlaringizni tekshirish uchun yongʻin nazorati organlarining mansabdor shaxslariga imkoniyat berishingiz lozim.
Eslatma. Yongʻin nazorati organlari – bular Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning hududiy boʻlinmalaridir.
Yongʻinni oldini olish boʻyicha qanday PULLIK XIZMATLAR koʻrsatiladi?
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar organlari va tuzilmalari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga koʻrsatiladigan pullik xizmatlarning roʻyxatiga (roʻyxat raqami 3184, 2019-yil 20-sentyabr) asosan, odamlarga yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlarini qoʻllashni oʻrgatish, moʻrilarni tozalash va shu kabi boshqa xizmatlar koʻrsatilishi mumkin.
Mazkur pullik xizmatlar aholining ixtiyoriy murojaati asosida koʻrsatiladi.
Qonunchilikka koʻra, bu kabi xizmatlar tijorat va notijorat tashkilotlari tomonidan ham koʻrsatilishi mumkin. Bunda odamlarni shartnoma tuzishga majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Soxta “oʻt oʻchiruvchi va moʻri tozalovchilar”ga aldanib qolmaslik uchun NIMALARGA EʼTIBOR QARATISH kerak?
Birinchidan, xizmat koʻrsatuvchi tashkilotning roʻyxatdan oʻtganligi haqidagi guvohnomasi va xodimning xizmat guvohnomasi taqdim etilishini qatʼiy talab qiling va nusxa oling (foto- yoki videoga qayd qiling).
Ikkinchidan, maslahat va koʻrsatmoqchi boʻlgan xizmati uchun taklif qilgan shartnoma shartlari va pullik xizmatlar tariflari (narxlari) bilan batafsil tanishib chiqing.
Uchinchidan, agar shartnoma shartlari va tarif (narx) maqul kelmasa, taklif etilgan har qanday xizmatdan bosh torting.
Toʻrtinchidan, shartnoma shartlariga rozi boʻlsangiz, shartnomada koʻrsatilgan miqdordagina toʻlovni amalga oshiring. Bunda toʻlov cheki (kvitansiya) talab qilishni unutmang.
Beshinchidan, koʻrsatilgan xizmatning sifati uchun kafolatnoma talab qiling.
Eslatma. Firibgarlik jinoyati, yaʼni aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkini qoʻlga kiritish 11 mln. soʻmdan 22 mln. soʻmgacha jarima yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Hurmatli fuqarolar, agar oʻzini “yongʻin nazorati organi xodimi” sifatida tanishtirib, majburiy tartibda pul undirish holatlariga duch kelsangiz:
ichki ishlar organlariga – 1002 qisqa raqamiga;
prokuratura organlariga – 1007 qisqa raqamiga;
adliya organlariga – 1008 qisqa raqamiga zudlik bilan murojaat qiling" deya odamlarni ogoh boʻlishga chaqirgan vazirlik.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Fargʻonada Navroʻz: tinch-osoyishta hayot zavqi, dorilamon kunlar shukronasi...
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring