Koʻksimdagi Vatanim

08:02 02 Iyul 2020 Jamiyat
2657 0

2-iyul – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Gerbi qabul qilingan kun

Fuqarolik pasportingiz, tugʻilganlik haqida guvohnoma, nafaqa daftarchasi, oʻqish joyingizda berilgan diplom ilovangiz, turli tanlov va tadbirlarda qoʻlga kiritgan sertifikat yoki maqtov yorligʻingiz, choʻntagingizni toʻldirgan soʻmlar, yana shu kabi hujjat hamda qogʻozlarda, sport yoki boshqa kiyimlarimiz koʻksida — siz bir xil nishon tasvirini koʻrasiz: Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Gerbi. Bu Oʻzbekistonning bir boʻlagi ekanligingizni anglatadi. Bilasizmi, agar kimdir mendan Oʻzbekiston qanaqa mamlakat deb, soʻrasa lom-mim demasdan Gerbimizning suratini koʻrsatar edim.

Ana , gerbimizning qoq markazida boboquyosh beminnat nurlarini purviqor togʻlar uzra yashil vodiyga sochib turibdi. Oʻzbekiston — serquyosh oʻlka. Oftob har kuni tongda zahmatkash xalqni sehrli nurlari bilan erkalab uygʻotadi. Mevazorlarga, dalalarga fayz olib keladi. Balki, shirindan-shakar noz-neʼmatlarga toʻla Oʻzbek bozorining doim qaynashi ham shundandir...

Mana, gerbimizda yana necha ming yillik tarixga guvoh koʻhna togʻlar ham qad kerib turibdi. Togʻlar orasidan toshdan-toshga urilib ikki daryo suv emas goʻyo nur olib kelmoqda. Bu mangulik timsoli. Yaratganning inoyati bilan suvsiz oʻtgan kunimiz yoʻq. Ariqlarda kulcha nonlarni oqizoq qilib yeyish gashtini faqat oʻzbek bolasigina bilsa kerak...

Gerbimizda yana olijanoblik, baxt-saodat, omad timsoli afsonaviy Humo qushi qanotlarini yozib parvozga shaylanib turibdi. Ha, bu jangu jadallarda buyuk sohibqironlarimizga madad boʻlgan oʻsha baxt qushidir...

Safarga chiqsangiz, mamlakatimiz yoʻllari boʻylarida adoqsiz dalalarga koʻzingiz tushadi. Bir yon paxtazor, bir yon bugʻdoyzor. Bu toʻkislik, moʻl-koʻlchilik timsollari bizning muqaddas tuprogʻimizni ham bezab turibdi.

Xullas, Oʻzbekistonimizning butun jilosi uning gerbida mujassam. Oʻzini Oʻzbek deb bilgan har qanday inson uni yuzlab serjilo tugʻrolar orasida osongina tanib oladi. Chunki har qanday davlat ramzida Vatan nafasi bor. Ha, gerbimizga Vatan kabi “muqaddas” nisbasini berishimiz sababi ham shundan.

Bilasizmi, uning bebaholigini yana qachon his qilish mumkin? Qachonki,chet eldan kelayotganimizda, diyorimiz chegarasida bunyod etilgan salobatli darvozada Davlat gerbini koʻrganimizda. Vatan ostonasida yurt tamgʻasini koʻrib, qalbimiz joʻsh urib ketadi, ong-shuurimizni faxr-iftixor tuygʻusi egallaydi.

Mening bir ustozim boʻlar edi, ular doim biror musobaqa yoki tadbirlarga borsalar, oʻzi bilan birga davlat bayrogʻi va gerbi tasvirlangan ikki enlik matoni olib yurar edilar. Buning sababini soʻraganimda, “Bular biz uchun muqaddas. Bizga kuch beradi. Ikkisi yonimizdaligini his qilar ekanmiz, doim gʻolibmiz”, der edilar. Binobarin, hech bir bellashuvda bizni muvaffaqiyat tark etgan emas. Men ana shunda anglab yetganmanki, Vatan qanchalik ulugʻ va aziz boʻlsa, ramzlarimiz ham shu qadar qadrli va moʻtabardir. Taʼbir joiz boʻlsa, Gerbimiz koʻksimizda olib yuradigan Vatanimizdir.

Kamola ABDUNABIYEVA,
Boyovut tumani

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?