Oʻzbekistonda qisman halqasimon quyosh tutilishi kuzatiladi
Shu yilning 21-iyun kuni Yer yuzi aholisi qiziqarli astronomik hodisalardan biri – halqasimon quyosh tutilishini kuzatishi mumkin.
FA Astronomiya instituti xabariga koʻra, ushbu tutilish toʻliq shakldagi halqasimon tutilish hisoblanib, tutilishning toʻliq fazasida quyosh yuzasining 99,4 foizini tashkil qiladi. Quyosh tutilishi toʻliq fazasining davomiyligi 38 sekundga teng boʻladi.
Ushbu astronomik hodisa Afrika, Arabiston yarim oroli, Yevrosiyo, Yapon va Malay arxipelagi hamda Avstraliya hududlarida joylashgan 111 ta davlatda kuzatish mumkin.
Bu davlatlar ichida (Kongo Respublikasi, Kongo Demokratik Respublikasi, Markaziy Afrika Respublikasi, Sudan, Janubiy Sudan, Efiopiya, Saudiya Arabistoni, Eriteria, Yaman, Ummon, Pokiston, Hindiston, Xitoy va Tayvan) 14 ta davlat aholisi toʻliq shakldagi halqasimon quyosh tutilishini kuzatish imkoniga egalar.
Oʻzbekistonning hamma hududida qisman quyosh tutilishi kuzatiladi. Quyosh tutilishi eng katta qiymatiga erishgan vaqtida respublikaning shimoli-gʻarbiy hududlarida yaʼni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida quyosh yuzasining 39 foizdan 50 foizgacha boʻlgan qismi, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida esa quyosh yuzasining 58 foizgacha boʻlgan qismi Oy tomonidan toʻsiladi. Respublikaning eng janubiy hududi – Termiz shahrida esa bu qiymat 63 foizgacha yetadi.
Quyosh tutilishi Toshkent vaqti bilan 10:01da boshlanadi, maksimum fazasi esa 11:24da kuzatiladi. Shu paytda Oy quyosh yuzasining 51 foizini toʻsadi va bu vaqtda quyoshning gorizontdan balandligi 68 darajani tashkil qiladi. Toshkent shahrida quyosh tutilishining umumiy davomiyligi 2 soat 49 daqiqani tashkil etadi. Soat 12:51da quyosh tutilishi yakuniga yetadi. Ushbu qiymatlar faqat Toshkent shahri uchun hisoblangan boʻlib, tutilishning boshlanishi, maksimal qiymati va tugashi mamlakatning boshqa hududlarida ham shunga yaqin vaqtlarda va qiymatlarni aks etgan holda yuz beradi.
Halqasimon quyosh tutilishi deb quyosh yuzasining markazi Oy tomonidan toʻsilganida soya atrofida ingichka yorugʻ halqa hosil boʻlishiga aytiladi. Quyosh tutilishining halqasimon boʻlishi Oy va Yer orasidagi masofaning odatdagiga nisbatan kattaroq boʻlishi bilan izohlanadi. Oy Yerga qanchalik yaqin paytda tutilish boʻlsa quyoshning shunchalik katta qismi toʻsiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Fargʻonada Navroʻz: tinch-osoyishta hayot zavqi, dorilamon kunlar shukronasi...
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring