Uy-joyga boʻlgan talab yangi ipoteka tizimi orqali taʼminlanadi
Prezidentimiz Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida uy-joy qurilishiga xususiy sektorni faol jalb qilmay turib, aholining uy-joyga boʻlgan talabini toʻliq taʼminlash mumkin emasligini, shu sababli yangi ipoteka tizimi joriy etilishi lozimligini taʼkidlagan edi.
Shuningdek, banklar oʻrtasida sogʻlom raqobatni taʼminlash maqsadida ularga qariyb 4 trillion soʻm mablagʻlar auksionlar orqali ajratilishi, kam taʼminlangan aholini qoʻllab-quvvatlash maqsadida shaharlarda 16 ming oilaga uy-joy olish uchun boshlangʻich badal va kredit foizini qoplashga byudjetdan 1 trillion soʻm subsidiya berilishi belgilangan edi.
Bugun ana shunday oilalarning ogʻirini yengil qilish maqsadida davlatimiz tomonidan aholiga qator qulaylik va imtiyozlar yaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi va tegishli qarorlari bilan respublikamizning barcha hududlarida arzon va koʻp kvartirali uy-joylar qurilayotgani bugun, aytish mumkinki, koʻpchilik yurtdoshlarimizning oilasiga chinakam quvonch olib kirmoqda.
Nega deganda inson borki, oʻz uy-joyi, boshpanasi boʻlishini istaydi va shuning uchun intiladi. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, koʻp farzandli oilalarda uy-joyga ehtiyoj katta. Lekin hammada ham uy-joy sotib olishga moddiy jihatdan imkoniyat yoʻq.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 1-maydagi “Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yana-da kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori esa yurtimizda inson va uning manfaati har narsadan ustun ekanligini yana bir bor namoyon etdi.
Qarorga muvofiq, 2020-yil 1-maydan boshlab 2022-yil 1-yanvarga qadar jismoniy shaxslarga xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz (pardoz ishlarini amalga oshirmasdan) qurilgan kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlari ajratishga ruxsat berildi.
Shu bilan birga xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan qurib bitkazilgan kvartiralarni, shuningdek, tayyor holda topshirish shartisiz (pardoz ishlarini amalga oshirmasdan) qurilgan kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditlarining eng koʻp miqdorlari belgilab qoʻyildi. Jumladan;
–qishloq joylarida 2 xonali kvartiralar uchun 174 million soʻmdan 240 million soʻmgacha, 3 va undan koʻp xonali kvartiralar uchun 224 million soʻmdan 320 million soʻmgacha;
–shaharlarda 2 xonali kvartiralar uchun 180 million soʻmdan 240 million soʻmgacha, 3 va undan koʻp xonali kvartiralar uchun 232 million soʻmdan 320 million soʻmgacha;
–Toshkent shahrida 2 xonali kvartiralar uchun 198 million soʻmdan 264 million soʻmgacha, 3 va undan koʻp xonali kvartiralar uchun 255 million soʻmdan 352 million soʻmgacha oshirilmoqda.
Taʼkidlash joizki, qarorning 2-4 bandlarida nazarda tutilgan tartib va shartlar 2022-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi va yangi tartibga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining mablagʻlari hisobidan ajratiladigan ipoteka kreditlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Shu bilan birga hujjatning 3-bandi uchinchi va toʻrtinchi xatboshlarida nazarda tutilgan kvartiralarni sotib olishga ajratilgan ipoteka kreditlari boʻyicha dastlabki badalning bir qismini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun subsidiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Qurilish vazirligi tomonidan belgilangan uy-joy hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida toʻlanadi.
Qarorda belgilab qoʻyilganidek, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida tajriba tariqasida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining tijorat banklariga ajratgan kredit resurslari hisobidan mazkur qaror qabul qilingunga qadar jismoniy shaxslarga qonunda belgilangan tartibda uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkalarida yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va qayta qurish uchun kreditlar ajratishga ruxsat beriladi. Bunda, kreditlar jismoniy shaxslarga:
–qurilayotgan (qayta qurilayotgan) yakka tartibdagi uy-joy joylashgan joyi boʻyicha mazkur qarorning 3-bandida nazarda tutilgan kreditning eng koʻp miqdorlaridan oshmaydigan va dastlabki badali yakka tartibdagi uy-joyni qurish (qayta qurish) ishlari qiymatining 10 foizidan kam boʻlmagan miqdorida 20 yil muddatga ajratiladi;
–belgilangan tartibda kelishilgan va tasdiqlangan loyiha asosida xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan yakka tartibdagi uy-joyni qurish (qayta qurish) ishlari boʻyicha toʻlovlarni ularning depozit hisob raqamlariga naqd pulsiz shaklda amalga oshirish orqali beriladi.
Yana bir muhim yangilik – 2020-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan xususiy pudrat tashkilotlariga yangi tartib doirasida shahar va qishloq joylarida 4 va undan yuqori qavatli hamda Toshkent shahrida 7 va undan yuqori qavatli koʻp kvartirali uy-joylar qurish uchun ajratilgan tijorat banklarining milliy valyutadagi kreditlari boʻyicha kredit summasining 50 foizigacha, biroq 8 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda kafillik beriladi.
Bundan tashqari, foiz stavkasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmaydigan va summasi 20 milliard soʻmdan ortiq boʻlmagan kreditlar boʻyicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, biroq 10 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya toʻlanadi. Bunda, kafillik va kompensatsiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Qurilish vazirligi tomonidan kvartira bir kvadrat metrining tegishli hududdagi oʻrtacha bozor qiymati hamda 2 xonali, 3 va undan koʻp xonali kvartiralar maydonining belgilangan meʼyorlarini inobatga olgan holda koʻp kvartirali uy-joylar qurilganda beriladi.
Umuman olganda, ushbu imtiyozlar koʻp qavatli uylardan xonadon sotib olishni istagan fuqarolar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Zero, yangi tartib doirasida aholiga ajratiladigan ipoteka kreditlari (shu jumladan, bugungi kunga qadar ajratilgan ipoteka kreditlari) muddati 15 yildan 20 yilgacha uzaytirilmoqda.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Fargʻonada Navroʻz: tinch-osoyishta hayot zavqi, dorilamon kunlar shukronasi...
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Markaziy Osiyoning intellektual merosini ulugʻlashda yangi bosqich Toshkentda boshlanmoqda — The Washington Post
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring