Temur bobomiz bunyod etgan Shahristonga sayohat

Dunyo madaniyati rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan Sohibqiron Amir Temur asrlar davomida xalqimizning faxr-iftixoriga aylanib kelmoqda. Necha yildirki, buyuk sarkardaning nomi, ulugʻ zafarlari jahon tarixida alohida oʻrin tutadi. Bobomiz haqida qanchadan-qancha rivoyatlar toʻqilmagan, asarlar yozilmagan, deysiz.
Amir Temur nomi abadiylashtirilgach, Sohibqiron hayoti, siyosiy va jangovar faoliyati haqida koʻplab ilmiy, tarixiy va badiiy asarlar, filmlar yaratildi. Maʼnaviy merosi buyuk qadriyat sifatida ulugʻlanmoqda. Mamlakatimizda ul zotning haykallari oʻrnatildi, ezgu amallar qatorida poytaxtimizda Amir Temur muzey ochilgani temuriylar sulolasining boy merosiga boʻlgan yuksak hurmat va ehtiromning ifodasi boʻldi. Oʻrta asrlar saroylari koʻrinishidagi muhtasham bino taniqli rassomlar, ustalar tomonidan bezatilgani madaniyatimizning boy tarixidan dalolat beradi.
Bugun muzeyga yurtdoshlarimiz qatori Markaziy Osiyo xalqlari, fransuz, hind tadqiqotchilari, yevropalik olimlar ham tashrif buyurib, Amir Temur va temuriylar tarixi, maʼnaviy merosini atroflicha oʻrganib, bu haqida teran tahlilu maʼlumotlarga ega boʻlmoqda.
Muzey fondida temuriylar davridagi sopol buyumlar, mis tangalar, navkarlarning temir sovutlari, amirlik unvoniga sazovor boʻlgan shaxslar haqida olimlar yozib qoldirgan asarlar nusxasi saqlanadi, – deydi Amir Temur muzeyi ilmiy xodimi Toʻlqin Hayit. –Har bir yodgorlikning tarixi Amir Temur haqidagi haqiqatlarni tiklashga, Sohibqiron shaxsining biz bilmagan tomonlarini oʻrganishga asos boʻladi.
Amir Temur oʻz saltanatini tashqi jihatdan obod qilishdan tashqari, isteʼdodli hunarmand ustalar, meʼmorlar, olimu fozillarga alohida eʼtibor qaratgan. Oʻsha davrda tibbiyot,riyoziyot fanlari ravnaq topgan. Muzeyda Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI ning xalqlararo xayrixohlik, doʻstlik va hamkorlik aloqalarini oʻrnatish uchun yuborgan nomalarining nusxalari saqlanayotgani nafaqat vatandoshlarimiz balki, chet ellik sayyohlarda ham katta qiziqish uygʻotmoqda. Bu xorijda buyuk bobomizga munosabat oʻsha davrlarda ham ijobiy boʻlganini koʻrsatadi. Tarixdan maʼlumki, ulugʻ hukmdor xalqning turmush madaniyatini yuksaltirish uchun Ispaniya, Venetsiya, Angliya, Fransiya, Xitoy va Misr kabi davlatlarga elchi yuborib, iqtisodiy va savdo munosabatlarini yoʻlga qoʻygan. Sharqdagi yurishi arab, fors, turk shoirlari oʻrtasidagi ijodiy aloqalarini tiklanishiga olib kelgan. Muzeyda bobokalonimizning “Temur tuzuklari” yozma yodgorligi ham joy olgan. Har bir tarixiy ashyolar qarshisida bebaho oʻgitlaridan parcha qayd etilgan.
Aslida qaysi davrga mansub boʻlmasin, har bir millatning faxr-iftixori eng avvalo, adolatli hukmdorlarining odilligi, fozil allomalarining jahon ilm-fan, madaniyatiga qoʻshgan hissasi bilan oʻlchanadi. Bu borada Amir Temur amalga oshirgan ishlar behisob. Muzeydagi temurshunos olim Turgʻun Fayziyev tomonidan yaratilgan “Amir Temur shajarasi” alohida eʼtiborga molik. Shajara bobomizning oʻgʻillari – Jahongir, Umar Shayx, Mironshoh, Shohruh Mirzo va qizlari –Ogʻabegi xonim, Sulton Baxt begim bilan boshlansa, nabiralari–Sulton Ali, Bobur, Boysungʻir, Sulton Mahmud, Sulton Ahmad, Halil Sulton, Ulugʻbek, Abdulatif, Sulton Abu Said Mirzo bilan davom etadi. Binobarin, hukmdor oʻz eʼtiborini nabiralarining taʼlim-tarbiyasiga qaratgan.
Muzeydagi miniatyuralarda Ulugʻbekning Samarqandda, Shohruhning Hirotda eng mashhur allomalar safida ijod bilan mashgʻul payti tasvirlangan. Ulugʻbekning yana bir qirrasi–hukmdorlik davrida olib borgan qurilish ishlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu yerda Samarqandning meʼmoriy yodgorligi hisoblangan Ulugʻbek madrasasining uning buyrugʻi bilan 1417-1420-yillarda qurilgan. Bino ikki qavatli boʻlib, toʻgʻri toʻrt burchak tarxli hovlisi 50 ta xujra bilan oʻralgan. Binoning ichki va tashqi koʻrinishi parchin va koshinlar bilan bezatilgan. Ulugʻbek XVII asr Gʻarbiy Yevropa gravyurasida astronom olimlar davrasida tasvirlangan. Muzeyda rasadxonaning maketi, astronomik asboblar, Ulugʻbek yulduzlar globusi maketi mavjud.
Bobomiz vafotidan soʻng uning fan taraqqiyotiga qoʻshgan hissasini avlodlari davom ettirdi. Ulardan bir Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonda buyuk davlatchilikning asoschisidir. Muzeydagi koʻrgazmalarda ulugʻ shoir, qomusiy ilm sohibi, mohir lashkarboshi va yirik davlat arbobi Bobur Mirzo hayoti va faoliyatiga doir qiziqarli tarixiy manbalarga ham alohida eʼtibor berilgan. Dunyoning yetti moʻjizasidan biri hisoblangan Hindistonning Agra shahri yaqinidagi Shoh Jahon buyrugʻi bilan XVII asr (1632-1650-yillar)da sevikli yori Mumtoz Mahal uchun qurdirgan Toj Mahal maqbarasi maketi xilma-xil madaniyatlar bilan chambarchas bogʻlanib ketgan. Uning qurilishida samarqandlik (Muhammad Sharif), buxorolik (usta ota Muhammad) ustalar ham qatnashgani qayd etilgan. Bino toʻrtburchak shaklda betakror uslubda qurilgan. Uning toʻrt tomoni 45 metrlik minorlar bilan oʻralgan. Maqbara devorlari sadaf, zumrad, yoqut, fil suyagi va boshqa qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan.
Amir Temur qayta bunyod etgan shahar Shohruhiya–Shahriston xarobalaridan koʻrgazmaga namunalar taqdim etilgan. Uning tarixiy yoning tarixiy yodgorligi haqida muzey arxeologi Oʻtkir Alimov bir necha yil tadqiqotlar olib borgan. Tadqiqotlar natijasida oʻsha davrga oid sopol, shisha, mis buyumlari topilgan. Qoʻrgʻon oʻrnidan topilgan yodgorliklar muzey eksponatini bezab turibdi.
Muzeydagi “Buyuk ipak yoʻli” xaritasini koʻrgan har bir kishi Amir Temur davlatida mamlakat hayotining barcha sohalari kabi tashqi aloqalar masalasiga ham alohida eʼtibor berilganini guvohi boʻladi. Bunday munosabatlar koʻlami Sharqda Xitoydan to Yevropa davlatlarigacha boʻlgani, oʻsha davrda xorijiy davlatlar hukmdorlari bilan olib borgan yozishmalari, yaʼni saqlanib qolgan maktublarning nusxalari bunga shohidlik beradi.
(“Xalq soʻzi”)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring