Haj safari uchun yigʻilgan mablagʻini koʻprik uchun sarf etgan fargʻonalik otaxon kim?

09:56 20 Sentyabr 2019 Jamiyat
3007 0

Fargʻona viloyati Toshloq tumani Qumariq mahalla fuqarolari yigʻini aholisi bir necha oʻn yillardan buyon qishloqni kesib oʻtgan Katta Fargʻona kanalining narigi tomoniga oʻtish uchun qiyinchiliklarga uchrayotgan edi. Allaqachon oʻz umrini oʻtab boʻlgan koʻprikning qurilganiga esa 38 yil boʻldi. Fuqarolar kanal yoqalab har kuni 5 kilometr masofani bosib oʻtishga majbur.Chunki taxta koʻprikdan maktabga qatnovchi bolalar orasida kanal bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarning tez-tez boʻlib turishi odatiy holga aylanib qolgandi.

-Ayniqsa, qish kunlari bolalarni maktabga yuborib jonimizni hovuchlab turardik, -deydimahalla faoli Zamiraxon Hayitova. - Qor va yomgʻir yoqqan kunlari koʻprik xavfli koʻrinish olardi. Qoʻshnilar bilan bolalarni maktabga kuzatishda chirib bitgan taxta koʻprikdan oʻtkazib qoʻyish uchun navbat tashkillaganmiz. Shu yoʻl bilan muammolarimizni vaqtincha bartaraf etardik.

Shu qishloqda istiqomat qiluvchi Ergashali Shokirov bir necha oʻn yillardan buyon Haj safari uchun mablagʻ jamgʻarib yurgan edi. Mahalladagi koʻprik muammosiga koʻz yuma olmagan Ergashali ota shu salmoqli mablagʻlarini zamonaviy va mustahkam koʻprik qurish uchun sarf qildi. Natijada Katta Fargʻona kanali ustida yana bir ixcham va mustahkam koʻprik bunyod boʻldi.

Aytishlariga qaraganda kanalning narigi tomonidagi yangi mahallalarda 40 dan ortiq xonadon bor. Endilikda Bu xoʻjaliklardagi 105 nafar oʻquvchilar xavfsiz koʻprik orqali bemalol maktabga qatnaydigan boʻldi.

Elyorjon EHSONOV(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?