Andijon viloyat hokimi uy mojarosi yuzasidan oʻz munosabatini bildirdi

19:03 31 May 2019 Jamiyat
4136 0

Foto: "Xalq so'zi"

Saminjon Husanov, “Xalq soʻzi Online”/Andijon. Andijon viloyat hokimligida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda viloyatda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari jurnalistlari bilan bir qatorda respublika nashrlari vakillari ham ishtirok etdilar. Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov hududda aholini turar-joy bilan taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish, fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilish borasida olib borilayotgan ishlar xususida soʻzlab berdi. Shuningdek, jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga javob asnosida viloyatda investitsiyani shakllantirish, turizmni rivojlantirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish borasidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

Anjuman davomida viloyat hokimi matbuot nashrlarida bahs-munozaralarga sabab boʻlgan “Prezident uy berdi” deb televizordan rahmat ayttirilgan andijonlik aël “shou uy”dan chiqarildi” sarlavhali maqolaga oʻz munosabatini bildirdi:

“Andijon shahrining “Mustaqillik” sobiq Pushkin MFYda 14 ta koʻcha boʻlib, ularda 1539 ta xonadonda 2256 ta oila istiqomat qiladi. Mahalla 1920-1930-yillarda umumiy hovli shaklida barpo etilganligi sabab bugungi kunga kelib, yaroqsiz holatga tushib qolgan. Aholi sonining ortishi natijasida bitta xonada bir necha fuqarolar istiqomat qilishiga toʻgʻri kelgan. Hatto omborxonalardan turar-joy sifatida foydalanayotganlar ham koʻp. Shu bois mahalla ahlining yashash sharoitini yaxshilash, turmush tarzini shakllantirish,doimiy ish oʻrni bilan taʼminlash choralarini koʻra boshladik. Boisi, bu hududda istiqomat qiluvchilarning aksariyati ishsiz boʻlib, koʻplab ayollar turmushidan ajragan va ijtimoiy himoyaga muhtojlar. Bu bir tomondan salbiy holatlarga ham sabab boʻlgan. Misol uchun, viloyatda sodir etilgan kunlik jinoyatning 50 foizi aynan shu mahalla fuqarolari hissasiga toʻgʻri kela boshlagan. Ularni turar-joy va ish oʻrni bilan taʼminlash orqali salbiy holatga nisbatan ijobiy yechim topishga harakat qildik. Natijada 2017-yilda Xoʻjaobod tumanining Andijon shahri bilan tutashgan qismida dastlab 226 ta turar-joy binosi qurib bitkazildi. Ayni paytda davom etayotgan qurilishlar tufayli ularning soni 1000 ta yetadi. Buning natijasida 2256 ta oilaning 1000 tasi namunali, arzon va barcha qulayliklarga ega boʻlgan 2 sotixli hovli-joyga ega boʻladilar.

Aholining qolgan qismi aynan shu yerda qad rostlayotgan koʻp qavatli uylarga koʻchib oʻtadilar. Aytish, joiz barpo etilayotgan uylarning umumiy qiymati 75 million soʻmdan 85 million soʻmni tashkil etadi. “Mustaqillik” koʻchasidagi uylarning erkin savdodagi narxi esa 4 million soʻmdan 55 million soʻmgacha ekanligini inobatga olsak, aholi eʼtiroziga oʻrin qolmaydi. Amaldagi tartiblarga rioya etiladigan boʻlsa har bir xoʻjalikka bittadan uy qurib berishimiz ham mumkin edi. Biroq, biz unday qilmadik. Mana shu xoʻjalikda nechta oila mavjud boʻlsa, ularning barchasini alohida turar-joy bilan taʼminlashga qaror qildik. Oqibatda 2 sotixli hovli-joylar haqiqiy roʻyxatda turuvchi fuqarolarga bepul qurib berildi. Bir hovlida istiqomat qiluvchi ikkinchi oila vakillari, yaʼni uy bekasining qizi yoki oʻgʻli esa koʻp qavatli turar-joy binolariga koʻchirilishi koʻzda tutilgan. Aytish joizki, ularning aksariyati hatto ushbu hududda doimiy roʻyxatda ham turishmaydi. Ana shunday fuqarolardan X. Tillayeva, M. Rahimova, Sh. Bakirova, X. Ermatova hamda M. Abduvaliyevalar ham koʻp qavatli uylardagi xonadonlarga egalik qilish huquqini qoʻlga kiritganlar va ular uchun ajratiladigan xonadonlarning dastlabki toʻlovlari “Mustaqillik tikuvchilik majmuasi” MCHJ tomonidan oldindan toʻlab berilgan.

Umuman olganda, 46 nafar ogʻir sharoitdagi ayollar bilan 15-fevral kuni shartnoma tuzilgan boʻlib, 596 mln. 700 ming soʻm dastlabki toʻlov uchun mablagʻlar oʻtkazib berilishi shakllantirilgan”, - dedi viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov.

Foto: "Xalq so'zi"

Aytish joizki, viloyatda davlatimiz mustaqilligining dastlabki 25 yili mobaynida hukumat tomonidan birorta ham turar-joy binosi qad rostlamagan boʻlsada, bugungi kunga kelib bu borada ibratli ishlar amalga oshirilyapti. Jumladan, 2018-yil davomida 4, 5 va 7 qavatdan iborat 60 ga yaqin turar-joy binolari qad rostlagan boʻlsa, 2019-yilda bu koʻrsatkich 100 tadan ortadi. Ayni paytda viloyatda uy-joyga muhtojlar soni 20 ming nafarni tashkil etishini hisobga olsak, bundan buyon barcha uylar koʻp qavatli shaklda qurilishi maqsadga muvofiq deb topildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер