“Uddaburonlar” Chustdagi suvni pullashni boshlab yubordi

14:09 27 May 2019 Jamiyat
4149 0

Chust tumani Qodirobod hududida chiqqan “shifobaxsh suv” haqidagi ovoza bolalayapti. Undan naf koʻrishni istaganlar juda koʻp.Yoʻl yoqasidagi uddaburonlar esa har litrini ming soʻmdan pullashmoqda.

“Xalq soʻzi online”ning joriy yil 23-maydagi sonida “Chustda “rak”ni davolaydigan suv chiqqani rostmi?” sarlavhali maqola eʼlon qilinib, Chust va Toʻraqoʻrgʻon tumanlari chegarasida joylashgan Qodirobod massividagi “Tomchi zamin” fermer xoʻjaligi dalasida qazilgan artezian quduqdan kutilmaganda “shifobaxsh suv” chiqqanligi, uning ming dardga davo ekanligi haqidagi mish-mishlar haqida mulohaza yuritilgandi.Fermer Abdusattor Yoʻldoshev oʻz kuzatishlaridan kelib chiqib, 350 metr chuqurlikdan nasos orqali tortib olinayotgan bu suvdan bir qator tanish-bilishlari shifo topganini aytsada,uni tahlil qilgan Namangan viloyat sanitariya-epidemologiya markazi mutaxassislari isteʼmolga yaroqsizligi haqida xulosa berishgan. Shunga qaramay artezian quduq (buloq emas) qa suv olish uchun kelayotgan odamlar oqimi aslo kamaygani yoʻq. Ular orasida nafaqat Fargʻona vodiysi, balki, minglab chaqirim yoʻl bosib kelayotgan Qashqadaryo, Xorazm, hatto, Qoraqalpoqliklargacha bor. “Ixlos xalos”, deyishadi-da. Qolaversa,televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda ayni mavzuda berilayotgan xabar va maqolalar yaxshigina reklama rolini oʻynagani ham bor gap.

-Bir necha yildan buyon teri xastaligidan azob chekayotgan doʻstimni olib keldim,-deydi Toshkent viloyati Piskent tumanida yashovchi Rahmonjon Almatov. – U quduq yonidagi ariqchaga oyogʻini soldi. Endi suvdan koʻproq olib qaytmoqchimiz. Zora, oʻrtogʻim shundan shifo topsa.

Umid bilan davo izlab kelgan kishini qaytarib boʻladimi. Bu yerda mahallaning chapdast yigitlari uzoqdan kelayotganlarga suv gʻamlab olish uchun maxsus plastik idishlarni yetkazib berishyapti. Albatta, tekinga emas. Nariroqdagi yoʻl boshida esa bir necha yigit katta-katta idishlardagi suvning litrini ming soʻmdan pullayotir. Ana biznes! Biroq,fermer yoki uning yaqinlari yer qaʼridan tortib olinayotgan suv uchun haq olishni oʻylashgani yoʻq. Hozircha savob. Keyinchalik ishlar qonuniy yoʻlga qoʻyib olinsa bir gap boʻlar.

Nima bu suvning chindan ham insonlarni davolash xususiyati cheksizmiki, odamlarning ishonchi buncha baland boʻlmasa? Ayni masalada hamon oʻz fikrida turgan fermer Toshkentdagi mineralogiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan oʻtkazilgan tahlil natijalarida uning tarkibida shifobaxsh “Selen”mineral moddasi borligini qayta-qayta takrorlayi. Toʻgʻri mazkur inson immun tizimini mustahkamlash orqali turli xastaliklarga davo ekanligi haqida maʼlumotlar bor. Biroq, Qodirobod suvi toʻgʻridan-toʻgʻri isteʼmolga yaramasa, nima qilish kerak?

Sanitar vrachlarning fikricha ushbu suvni qayta ishlab, qattiqligi yumshatilsa, loyqasi tindirilib, mikroblari zararsizlantirilsa gigiyenik holati yaxshilanadi. Shundagina yaroqlilik sertifikati berilishi mumkin. Buning uchun anchagina murakkab texnologik jarayonni amalga oshirish talab etiladi. Eng avvalo, uni bir necha bosqichda filtrlash lozim.

Biz Qodirobodga kelgan kuni Abdusattor aka Yoʻldoshev suvning bir nechta idishga qadoqlangan namunasini olib yana bir bor chuqur tekshirtirish uchun Toshkentga ketgan ekan. UkasiAbugʻaffor Yoʻldoshev bilan suhbatlashdik. Aytishiga qaraganda, suvni isteʼmol holatiga keltirish uchun talab etiladigan shart-sharoitlarni hozirlashga qaror qilishibdi. “Xitoydan hamkor topib, suvni tozalash va qadoqlash texnologiyasi uchun buyurtma berdik. Yaqin vaqt ichida bu yerda qurilish ishlarini ham boshlaymiz”, deydi u ishonch bilan.

Tabiiyki, vaqt koʻpchilik tashvishida yelib-yugurayotgan qishloq tadbirkorining ishlariga oʻz bahosini beradi. Biroq, bu masalada yetti emas, yetmish marta oʻlchagandan soʻng kesmoq kerak. Chunki,suvning shifobaxshligi shoshilinch xulosa beradigan jihat emas. Qolaversa,oʻrtada inson salomatligi, degan oʻta muhim vazifa turibdi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, ”Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер