Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatining yangi maʼmuriy markazida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahriga tashrifi davomida Buxoro viloyatining yangi maʼmuriy markazida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Majmua Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumanida sinovdan oʻtgan boshqaruv organlarini integratsiyalash tajribasining davomidir. U yerda 38 ta davlat idorasi bir joyda jamlanib, aholi uchun katta qulaylik yaratilgan. Avvallari turli yumush bilan olis masofalarni bosib, boshqa tuman idoralariga qatnagan fuqarolar barcha xizmatlarni oʻziga yaqin joyda olish imkoniyatiga ega boʻldi.
Prezidentimiz oʻtgan yili Koʻkdalaga tashrifi chogʻida bunday yondashuv barcha tumanlar uchun namuna ekanini taʼkidlagan edi. Oʻtgan davrda boshqa hududlarda ham ushbu tajriba asosida bunyodkorlik ishlari boshlangan.
Xususan, Buxorodagi maʼmuriy markaz 14 gektar maydonni egallagan boʻlib, birinchi bosqichda viloyat va shahar hokimliklari, viloyat prokuratura hamda ichki ishlar boshqarmalari kabi davlat idoralari bir hududda jamlangan. Bu, eng avvalo, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oʻzaro muvofiqlashuvini yaxshilash, murojaatlar bilan ishlashni tezlashtirish va davlat xizmatlari sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Majmua faqat maʼmuriy binolardan iborat emas. Bu yerda fuqarolarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun xiyobonlar, favvoralar va yashil hududlar barpo etilmoqda.
Prezidentimiz viloyat hokimligining yangi binosidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Odamlarga qulaylik yaratish, fuqarolar turli masalalar yuzasidan har xil manzillarga borib yurmasdan, zarur xizmatlarni bir hududning oʻzida olishini taʼminlash maqsadida davlat idoralarini yagona maʼmuriy markazlarga birlashtirish ishlarini izchil davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.
Shu yerning oʻzida davlatimiz rahbariga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholiga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi.
Jumladan, banklar tomonidan sunʼiy intellektdan foydalangan holda hudud va mahallalar kesimida tahlil oʻtkazilib, Buxoro tumani misolida oʻsish nuqtalari aniqlangani haqida axborot berildi. Bu tahlillar yer, suv, mehnat resurslari, bozor talabi, infratuzilma va mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini oʻzaro bogʻliq holda baholash imkonini berdi. Natijada Buxoro tumanida agrobiznes, turizm, sanoat va yoʻl boʻyi xizmatlari eng istiqbolli yoʻnalishlar sifatida belgilangan.
Xususan, 15 ming gektar yerni oʻzlashtirish, 500 gektar yangi uzumzorlar barpo etish, enoturizmni kengaytirish, shuningdek, neft-gaz, kimyo, qurilish va oziq-ovqat tarmoqlarida yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari koʻrsatib oʻtildi. Tahlillar shuni koʻrsatdiki, 2026–2031-yillarda ushbu yoʻnalishlarda 7,4 trillion soʻmlik loyihalarni amalga oshirish va 15 mingta yangi ish oʻrni yaratish mumkin.
Shuningdek, tumandagi 36 ta mahallani 6 ta drayver yoʻnalish – uzumchilik, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, bogʻdorchilik, turizm va servisga ixtisoslashtirish mumkinligi qayd etildi. Loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida mahallalar uchun resurs bazasini shakllantirish, biznes-rejalarni avtomatik tayyorlash, mablagʻlar harakati va natijalarni real vaqt rejimida nazorat qilish boʻyicha sunʼiy intellekt asosidagi yechimlar ishlab chiqilmoqda.
Prezidentimiz sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanib, har bir hududning salohiyatini ochish, loyihalarni natijaga qaratilgan holda shakllantirish va aholi bandligi hamda daromadini oshirishga xizmat qiladigan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash muhimligini taʼkidladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring