Zargarlik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarga QQSning bir qismini qaytarish tartibi belgilandi

16:25 09 Aprel 2026 Hujjatlar
240 0

Hukumatning 2024-yil 7-noyabrdagi 745-son qaroriga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, “Zargarlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga byudjetga toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarish hamda qoʻshilgan qiymat soligʻi bazasini aniqlash tartibi toʻgʻrisida”gi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

Bildirilishicha, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va (yoki) ularni chakana sotish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarga 2026-yil 1-yanvardan soliqning 80 foizi respublika byudjetidan qaytarilishi belgilangan.

Tadbirkor soliq hisobotini taqdim etgandan soʻng, lekin 3 oydan kechiktirmasdan toʻlangan soliqning bir qismini qaytarish uchun murojaat qilishga haqli. Toʻlangan soliqning bir qismini qaytarish uchun murojaat avtomatlashtirilgan dastur orqali koʻrib chiqiladi.

Soliqning bir qismi quyidagi shartlar toʻliq bajarilganda avtomatik ravishda qaytariladi:

  • hisobot davrida taqdim etilgan soliq hisobotiga muvofiq hisoblangan soliq ushbu hisobot davrining 1-sanasidan 20-sanasiga qadar byudjetga toʻliq toʻlanganda;
  • hisobot davrida soliq davrida zargarlik buyumlarini oʻzida ishlab chiqarilgan va (yoki) sotishdan (realizatsiya) qilishdan umumiy tushum tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan daromadning kamida 80 foizini tashkil qilganda;
  • hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasi hamda faoliyatning oʻziga xos xususiyatlariga yoki amalga oshiriladigan turlariga muvofiq boʻlgan identifikatsiya kodlari aks ettirilgan qismiga nisbatan.

Shuningdek, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar soliq bazasini zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish narxi hamda ular tarkibidagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar narxi oʻrtasidagi ijobiy farqdan kelib chiqib aniqlaydi.

Ushbu Vaqtinchalik nizom 2028-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?