Qalbaki hujjatlar orqali 2 mlrd soʻm QQSni qaytarish sxemasi fosh etildi
Foto: DXX
Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy, Toshkent va Andijon viloyatlari boʻyicha boshqarmalari hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish yoʻnalishida Chirchiq shahrida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Unda maʼlum boʻlishicha, Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi MCHJning muqaddam sudlangan xodimi Navoiy viloyatidagi xususiy korxona ish boshqaruvchisining ishonchiga kirib, 2025-2026-yillarda 20 mlrd soʻm atrofida tovar aylanmasi boʻlgani toʻgʻrisida qalbaki hujjatlar rasmiylashtirish orqali, mazkur korxona hisobiga byudjetdan 2 mlrd soʻm qoʻshilgan qiymat soligʻini soliq idoralarida ishlovchi tanishlari koʻmagida qaytarib olinishida yordam berishini aytadi. Oʻz navbatida, ushbu “xizmat” haqi evaziga 340 mln soʻm talab qiladi.
QQSni korxona hisob raqamiga tushirib berish bilan bogʻliq barcha soxta amaliyotlarni uning sherigi – Andijon shahrida yashovchi, 1971-yilda tugʻilgan yakka tartibdagi tadbirkor amalga oshiradi. Yaʼni, tadbirkor oʻziga tanish boʻlgan MCHJ va Navoiy viloyatidagi xususiy korxona oʻrtasida elektron shartnoma rasmiylashtiradi. Ushbu shartnomaga asosan, goʻyoki qiymati 18 mlrd 670 mln soʻmlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilganligi, transport xizmati koʻrsatilganligi va qurilish materiallari yetkazib berilganligi toʻgʻrisida 10 ta soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirib, 2 mlrd soʻm QQS qaytarilishiga erishadi.
Shundan soʻng talab qilingan pul mablagʻini ular oʻzlarining jinoiy sheriklari – Qibray tumanida yashovchi, 1973-yilda tugʻilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxs va Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, 1996-yilda tugʻilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan fuqaro orqali olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Aniqlanishicha, ushbu shaxslar talab qilingan 340 mln soʻmni oʻzaro taqsimlab olishlari kerak boʻlgan.
DXX xabariga koʻra, mazkur toʻrt nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari doirasida ularning noqonuniy ishga aloqador boʻlgan soliq idoralaridagi tanishlarini aniqlash boʻyicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring