Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori
Milliy suverenitet va davlat mustaqilligi har qaysi mamlakatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy taraqqiyotining eng asosiy sharti va garovidir. Bu hal qiluvchi omillar davlatning xalqaro huquq subyekti sifatida dunyo hamjamiyatida munosib oʻrin egallashi, xalqning tinch va farovon hayotini taʼminlash, uning barcha manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Bizning milliy mustaqilligimiz mard va matonatli xalqimizning qatʼiy irodasi, istiqlol yoʻlida kurashgan fidoyi ajdodlarimiz orzu-umidlarining roʻyobi boʻlib, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu ishlarimizning mustahkam asosi, kelajak avlodlarimiz uchun bezavol yetkazishimiz shart boʻlgan buyuk va muqaddas qadriyatdir.
Mamlakatimizning milliy suvereniteti va davlat mustaqilligi gʻoyalarining siyosiy-huquqiy kafolatlarini oʻzida mujassam etgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi asosidagi taraqqiyot yoʻlimiz inson qadr-qimmatini yuksaltirish, koʻp millatli jamiyatimizda doʻstlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va anʼanalarni asrab-avaylash, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, uning mudofaa qobiliyatini kuchaytirish, mintaqada yaxshi qoʻshnichilikni rivojlantirish hamda Vatanimizning xalqaro obroʻ-eʼtiborini oshirishda mustahkam tayanch boʻlib kelmoqda.
Milliy istiqlolimizning davlatchiligimiz tarixi, hozirgi va kelajak hayotimiz uchun beqiyos ahamiyatini hisobga olib, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligini Yangi Oʻzbekistonning bugungi ulkan salohiyati va jahon maydonidagi nufuziga muvofiq yuksak darajada, munosib nishonlash maqsadida qaror qilaman:
1. Quyidagilar:
(a) “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan gʻoyaviy-badiiy konsepsiya va dastur 1- va 2-ilovalarga muvofiq;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasi tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Respublika komissiyasi (A. Aripov):
(a) mustaqillikning 35-yilligini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyat va tuman (shahar) markazlarida, barcha mahallalar, qishloq va ovullarda, shuningdek, vazirlik va idoralar tizimida munosib nishonlash maqsadida konsepsiyaning mazmuni
va asosiy yoʻnalishlariga muvofiq chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish va ijro etishni taʼminlash.
Bunda quyidagi ustuvor yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratish:
(i) Yangi Oʻzbekistondagi amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yuzaga kelgan ulkan imkoniyat va yutuqlarni keng yoritish;
(ii) mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror surʼatlarda jadal rivojlanib borayotganligi natijasida fuqarolarimizning turmush farovonligi ortib borayotganligini koʻrsatib berish;
(iii) yurtimizning tinchligi va chegaralar daxlsizligini taʼminlashga xizmat qiluvchi mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasidagi islohotlarni yoritish;
(iv) istiqlol tufayli milliy qadriyatlar, davlatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, mahalla tizimini rivojlantirish boʻyicha erishilgan yutuq va natijalar ahamiyatini taʼkidlash;
(v) nuroniylar, xotin-qizlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam manfaatlarini taʼminlashga, yoshlarning “Yangi Oʻzbekistonning bunyodkorlari” sifatida bilim va kasb egallashlari, tadbirkorlik tashabbuslari va isteʼdodlarini roʻyobga chiqarishga zarur sharoitlar yaratilganligiga urgʻu qaratish;
(vi) millatlararo doʻstlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini saqlash va kuchaytirishni barcha fuqarolarning muqaddas burchi sifatida targʻib qilish;
(vii) bayram tadbirlariga barcha yoshlar, ijtimoiy va etnik guruhlar hamda vatandoshlarning faol jalb etilishini taʼminlash;
(b) ilm-fan, taʼlim, madaniyat, adabiyot va sanʼat namoyandalari, sportchilar, jamoatchilik vakillaridan iborat badiiy-ijodiy guruhlar tuzish hamda ular ishtirokida aprel – sentyabr oylari davomida respublika boʻylab keng koʻlamdagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar va ijtimoiy loyihalarni oʻz ichiga olgan “Mustaqillik toʻyi” (festivali) tadbirlarini oʻtkazish;
(v) Toshkent shahrida oʻtkaziladigan asosiy bayram tadbiriga tayyorgarlik koʻrishda taniqli ssenarist va rejissyorlar, shoir va yozuvchilar, xonanda va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilarni jalb etish;
(g) mustaqillikning 35-yilligi arafasida mamlakatimizning yirik sanoat, madaniyat, taʼlim va sport muassasalarining tantanali ochilish marosimlarini yuqori saviyada tashkil etish choralarini koʻrsin.
3. Belgilansinki, Madaniyat vazirligi Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan asosiy bayram tadbiriga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha masʼul tashkilot hisoblanadi.
4. Badiiy akademiya, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi 2026-yil 1-iyunga qadar milliy mustaqillik va suverenitet gʻoyalarini, Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari qiyofasini oʻzida aks ettirgan “Vatan fidoyilari” ramziy monumentining eskiz loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Ushbu monument Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tuman va shaharlarda 2026–2030-yillarda barpo etilayotgan umummilliy birdamlik bogʻlarining markaziy qismida oʻrnatilishi hisobga olinsin.
5. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti tadqiqotlari instituti, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan birgalikda 2026-yil 1-avgustga qadar har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning natijalari va erishilgan yutuqlarga bagʻishlangan “Mustaqillik zafarnomasi” maxsus kitob-albomini tayyorlasin.
6. Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi 2026-yil aprel oyidan ijtimoiy tarmoqlarda #Mustaqillik35, #Uzb35 xeshteglari ostida targʻibot aksiyalarini (fleshmoblar, podkastlar, viktorina va boshqalar) boshlasin.
7. Kinematografiya agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston milliy media birlashmasi 2026-yil aprel oyidan boshlab “35-yillik Istiqlol yilnomasi” ruknida mustaqilligimizning tarixiy bosqichlari, erishilgan yutuqlar va bunyodkorlik ishlarini yorituvchi turkum hujjatli filmlar, koʻrsatuvlar tayyorlash va telekanallarda namoyish etilishini taʼminlasin.
8. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Adliya vazirligi hamda Qonunchilik va huquqiy siyosat institutining 2026-yil avgust oyida Toshkent shahrida “Mustaqil Oʻzbekiston – 35-yillik taraqqiyot yoʻli: islohotlar, natijalar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
9. Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmita “Vatandoshlar” jamoat fondi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Tashqi ishlar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda 2026-yil avgust–sentyabr oylarida xorijdagi vatandoshlar va oʻzbek diasporasi vakillari ishtirokida “Mustaqil Oʻzbekiston – gʻururim, iftixorim” shiori ostida madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etsin.
10. Markaziy bank 2026-yil 1-sentyabrga qadar “Mustaqillikning 35-yilligi” esdalik oltin tangasini zarb etish choralarini koʻrsin.
11. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Transport vazirligi 2026-yil 1-mayga qadar tegishlicha yangi tashkil etilgan mahallalardan hamda temir yoʻl stansiyalaridan biriga “Mustaqillikning 35-yilligi” nomini berish boʻyicha takliflarni kiritsin.
12. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha manbalari hamda homiylik mablagʻlari hisobidan;
(b) Toshkent shahrida – Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.
13. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligiga yurtimiz mustaqilligi, Yangi Oʻzbekistonning rivojlanish yoʻli va xalqimizning birdamligi haqida turkum materiallar tayyorlash va tarqatish tavsiya etilsin.
14. Respublika komissiyasi mazkur qaror ijrosini nazorat qilish, har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borish, zarur hollarda, qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrishni taʼminlasin.
15. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring