Yomon boshlangan yaxshi oʻyin
Toshkent shahrida FIFA Series musobaqasi start oldi. 27-mart kuni Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ushbu turnirdagi dastlabki oʻyinini oʻtkazdi. Uchrashuv “Bunyodkor“ markaziy stadionida boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi oʻyinni quyidagi tarkibda boshladi:
Darvozabon:
Oʻtkir Yusupov (“Navbahor“)
Himoyachilar:
Hojiakbar Alijonov (“Paxtakor“);
Umar Eshmurodov (“Nasaf“);
Rustam Ashurmatov (“Istiqlol“, Eron);
Jahongir Oʻrozov (“Dinamo“);
Sherzod Nasrullayev (“Paxtakor“).
Yarim himoyachilar:
Otabek Shukurov (“Baniyas“, BAA);
Odil Hamrobekov (“Traktor“, Eron);
Aziz Gʻaniyev (“Al-Batayeh“, BAA).
Hujumchilar:
Eldor Shomurodov (“Bashakshehir“, Turkiya);
Oston Oʻrinov (“Persepolis“, Eron).
Ushbu oʻyin oldidan Oʻzbekiston milliy terma jamoasida qator yoʻqotishlar mavjud edi. Yaʼni, Jaloliddin Masharipov, Husniddin Aliqulov, Abbosbek Fayzullayev, Abdulla Abdullayev, Husayn Norchayev kabi futbolchilar jarohat tufayli maydonga tusha olishmadi.
Yaqinda “Manchester Siti“ bilan Angliya Liga kubogini yutgan Abduqodir Husanov esa “Al-Ayn Kubogi“ musobaqasida olgan qizil kartochkasi tufayli ushbu oʻyinni oʻtkazib yubordi.
Shu sababdan Oʻzbekiston milliy terma jamoasining asosiy tarkibi umumiy qiymati “Transfermarkt” portali hisobotiga koʻra, 18 million 500 ming yevroga teng boʻldi.
Oʻz navbatida Gabon terma jamoasida ham yoʻqotishlar mavjud edi. Jumladan, jamoaning asosiy yulduzi Pyer-Emerik Obameyang “Marsel“ klubining iltimosi tufayli musobaqaga kelmadi. Shuningdek, jamoaning asosiy yulduzlari Mario Lemina (“Galatasaroy“, “Transfermarkt”ga koʻra narxi 5 million yevro) va Denis Buanga (“Los-Andjeles“, “Transfermarkt” portaliga koʻra narxi 8 million yevro) kabi jamoa yetakchilari ham turli sabablarga koʻra Toshkentga tashrif buyurishmadi.
Oʻyinga toʻxtalsak, bahs Oʻzbekiston milliy terma jamoasining total ustunligi ostida oʻtdi.
Fabio Kannavaro shogirdlari birinchi boʻlimda ham, ikkinchi boʻlimda ham hujumlarning kreativligi boʻyicha juda yaxshi holatda ekanligini koʻrsatishdi.
Ammo, himoyadagi oʻyinni maqtab boʻlmas edi. Bevosita oʻyinda kiritilgan dastlabki gol ham himoyachilarning bir-birini tushunmasligi oqibatida kiritildi.
Oradan koʻp oʻtmay Oʻzbekiston milliy terma jamoasi standart vaziyatga ega boʻldi. Aziz Gʻaniyev uzatgan toʻpni Eldor Shomurodov darvozaga joylab qoʻydi va bahsda hisob tenglashdi. Birinchi boʻlim 1:1 hisobida yakunlandi.
Ikkinchi boʻlim boshida Oʻzbekiston terma jamoasi hisobda oldinga oʻtib oldi. Raqib himoyasidagi pala-partishlikdan Jahongir Oʻrozov unumli foydalandi va terma jamoadagi debyut golini kiritdi.
Hakam tomonidan oʻyinga qoʻshib berilgan daqiqalarda esa zaxiradan oʻyinga qoʻshilgan Alisher Odilov hisobni 3:1 koʻrinishiga keltirdi.
Shu tariqa oʻyin Oʻzbekiston milliy terma jamoasining gʻalabasi bilan yakunlandi. Maʼlumot uchun, jamoa keyingi oʻyinini 30-mart kuni Venesuela terma jamoasiga qarshi oʻtkazadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring