Oʻzbekistonda aholi favqulodda vaziyatlar haqida masjidlar orqali ogohlantiriladi
BMT Taraqqiyot Dasturi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda favqulodda vaziyatlarda aholini erta ogohlantirish tizimi qamrovini kengaytirishga qaratilgan innovatsion texnik yechimni joriy etdi.
Qayd etilishicha, ushbu tashabbus doirasida aholi punktlariga yaqin joylashgan masjidlarga maxsus uskunalar oʻrnatilmoqda. Bu esa FVVning tezkor xabarlarini masjidlarning tashqi ovoz kuchaytirgichlari orqali uzatish hamda axborotni keng jamoatchilikka tezkor yetkazish imkonini beradi. Bugungi kunga qadar uskunalar Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlaridagi 272 ta masjidda oʻrnatildi.
Taʼkidlanishicha, masjidlarning tanlanishi bejiz emas, ular anʼanaviy ravishda mahalliy aholi orasida katta taʼsirga ega boʻlgan nufuzli ijtimoiy institutlar sifatida qaraladi. Bundan tashqari, masjidlar deyarli barcha aholi punktlarida joylashgan boʻlib, 500 metrdan 2000 metrgacha eshitilish radiusini taʼminlaydigan yuqori quvvatli tashqi ovoz kuchaytirgichlar bilan jihozlangan. Loyiha hisob-kitoblariga koʻra, masjidlar orqali ogohlantirish taxminan 6,5 million nafar aholini, jumladan ayollar, erkaklar, bolalar va aholining zaif qatlamlarini qamrab olish imkonini beradi.
Mazkur ogohlantirish kanalining qoʻshimcha afzalligi shundaki, mobil aloqa va elektr taʼminotida uzilishlar yuzaga kelgan taqdirda ham tezkor xabarlarni uzatish mumkin.
Iqlim oʻzgarishi sharoitida va tabiiy ofatlar xavfi ortib borayotgan bir paytda aholini erta ogohlantirish inson hayotini saqlab qolish va moddiy zararlarni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunga qadar BMTTD koʻmagida hamda Yashil iqlim jamgʻarmasi moliyaviy koʻmagida ushbu uskunalardan tashqari, aholini ogohlantirish maqsadida asosiy avtomobil yoʻllari boʻylab, odamlar gavjum joylarda 28 ta tashqi keng formatli ekran oʻrnatilgan.
Bildirilishicha, BMTTD, FVV va “Oʻzgidromet” xizmatining “Oʻzbekiston aholisining iqlim oʻzgarishi natijasida yuzaga keladigan xavf-xatarlarga nisbatan chidamliligini oshirishga qaratilgan kompleks erta ogohlantirish tizimini takomillashtirish” nomli qoʻshma loyihasi Yashil iqlim jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha faoliyati Oʻzbekistonning aholisi zich va iqtisodiy jihatdan muhim boʻlgan togʻli hududlaridagi suv toshqinlari, sellar, koʻchkilar, qor koʻchkilari va gidrologik qurgʻoqchilik kabi tabiiy ofatlarga urgʻu bergan holda mamlakatdagi erta ogohlantirish tizimini modernizatsiya qilish va qayta shakllantirishga qaratilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring