Oʻzbekistonning mashhur shirinliklari ispan nashrida eʼtirof etildi
Ispaniyaning nufuzli “El Diario” nashri “Osiyoda shirinliklardan voz kechilmaydi: Oʻzbekistonning eng mashhur 5 ta shirinligi” sarlavhali maqolani eʼlon qildi.
Oʻzbek milliy shirinliklariga bagʻishlangan ushbu qiziqarli maqolada yozilishicha, Yevropa pishiriqlari koʻpincha nafislik va murakkab texnologiyasi bilan ajralib tursa, Osiyo, xususan, Oʻzbekiston shirinliklari tabiiyligi, takrorlanmas taʼmi bilan oʻziga xosdir. Qadimdan Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan Oʻzbekistonda turli xalqlar anʼanalari uygʻunlashib, oʻziga xos boy pazandalik maktabi shakllangan.
Muallif taʼkidlashicha, oʻzbek shirinliklari shunchaki desert emas, balki mehmondoʻstlik, oilaviy anʼanalar va milliy qadriyatlarning ajralmas qismi hisoblanadi. Ayniqsa, choy atrofidagi suhbatlar, bayramlar va marosimlarda shirinliklar alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois, har bir shirinlik ortida nafaqat taʼm, balki muayyan tarix va ramziy maʼno mujassam.
Maqolada Oʻzbekistonda keng tarqalgan beshta mashhur shirinlik haqida alohida toʻxtalib oʻtilgan. Jumladan, chak-chak Markaziy Osiyoning eng ommalashgan shirinliklaridan biri sifatida tilga olingan. U qovurilgan xamir boʻlaklarini asal bilan aralashtirish orqali tayyorlanib, koʻpincha toʻy va bayramlarda dasturxon koʻrkiga aylanadi.
Shuningdek, holva shirinligining oʻzgacha mazasi haqida ham maʼlumot keltirilgan. Qovurilgan un, sariyogʻ va shakar asosida tayyorlanadigan bu shirinlikka koʻpincha yongʻoq qoʻshilib, uning taʼmi yanada boyitiladi. Bu taomni nafaqat bayramlarda, balki kundalik hayotda ham uchratish mumkin.
Anʼanaviy va mavsumiy shirinliklardan yana biri nisholda. bu taom, asosan, Ramazon oyida koʻpirtirilgan tuxum oqi va shakar qoʻshib tayyorlanadi.
Maqolada parvarda haqida ham maʼlumot berilgan. Qaynatilgan shakardan tayyorlanadigan bu mayda konfetlar limon yoki ziravorlar bilan xushboʻylantirilib, odatda choy bilan isteʼmol qilinadi.
Yana bir mashhur shirinlik novvot boʻlib, u karamelizatsiyalangan shakar kristallaridan iborat boʻladi. Novvot nafaqat shirinlik, balki choy ichish madaniyatining ajralmas qismi sifatida qadrlanadi.
Oʻzbek shirinliklari nafaqat oʻzining betakror taʼmi, balki koʻp asrlik tarixiy ildizlari, madaniy ahamiyati va insoniy munosabatlarni mustahkamlashdagi oʻrni bilan ham dunyo ahlini hayratga solmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring