Ikki viloyatda elektr va gaz taʼminoti xodimlari pora bilan ushlandi

10:16 13 Mart 2026 Jamiyat
271 0

Foto: DXX

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan Namangan va Surxondaryo viloyatlarida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida korrupsion holatlarga chek qoʻyildi. Bu haqda “Xavfsizlik” Telegram kanalida xabar berildi.

Maʼlum qilinishicha, Namangan viloyati Kosonsoy tumani elektr tarmoqlari korxonasining 2 nafar muhandisi oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda tadbirkorning ishonchiga kirishib, u tomonidan oʻziga tegishli MChJ binosiga oʻrnatilgan, quvvati 50 kVt.li quyosh paneli va boshqa bajarilgan ishlar uchun texnik shart hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 17 mln soʻm olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Surxondaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa “Uzuntumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi xodimi 49 yoshli fuqaroga tegishli gaz hisoblagichning nosozligi tufayli yuzaga kelgan 23 mln soʻm miqdoridagi qarzdorligini soʻndirib berish va tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirmaslik evaziga 5 mln soʻm pul mablagʻini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qoʻyilgan.

Shuningdek, ushbu gʻayriqonuniy ishga uning 38 yoshli hamkasbi ham aloqador ekanligi aniqlangan.

Bildirilishicha, hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?