Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilinadi

17:47 05 Mart 2026 Siyosat
606 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugungi kunda farmatsevtika yoʻnalishidagi 6 ta ilmiy-tadqiqot institutida 300 dan ziyod olimlar faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, farmatsevtika oliygohlarini yiliga 1 mingga yaqin yoshlar tamomlamoqda.

Davlatimiz rahbari raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida mazkur sohada ilm-fan bilan sanoat bir-biridan “uzilib” qolgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan Kimyo-farmatsevtika, Vaksina va zardoblar hamda Sharq tabobati institutlari negizida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilinadi.

Ushbu institut “Toshkent farma park”da joylashadi va olimlarga bu yerdagi korxonalar bilan ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish uchun sharoit yaratiladi.

Buning uchun park hududida klinikoldi tadqiqotlarini oʻtkazish laboratoriyasi (vivariy), sinov-tadqiqotlar uchun bio va kimyo laboratoriyalari tashkil qilinadi. Shuningdek, 250 oʻrinli xalqaro klinik tadqiqotlar markazi ham barpo etiladi.

Yigʻilishda qayd etilganidek, Toshkent farmatsevtika instituti va Farmatsevtika texnik universitetining professor-oʻqituvchilari ham ilmiy faoliyatini farmapark hududida olib boradi.

Oliygoh talabalari esa bu yerdagi korxonalarda dual-taʼlim asosida oʻqib, ishlaydi.

Sohadagi olimlarni jalb qilib, yangi dorilarni ishlab chiqarishni boshlagan korxonalarning 100 ming dollargacha xarajati Farmatsevtika jamgʻarmasidan kompensatsiya qilinadi.

Bundan tashqari, korxonalar mahalliy olimlar yaratgan yangi farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻysa, ularga ushbu tovarlarni roʻyxatdan oʻtkazish va klinik sinov xarajatlari uchun 100 million soʻmgacha subsidiya beriladi.

Yigʻilishda farmatsevtika korxonalari vakillarining taklif va tashabbuslari, mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?