Prezident Shavkat Mirziyoyev “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy-huquqiy choralar toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Mamlakatimizda ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli taʼminlash, ularni har qanday tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish hamda jamiyatda bunday holatlarga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining mazkur yoʻnalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirilgan holda samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar mazkur Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish holatlarining (erta nikoh) oldini olishga erishish, ota-onalarning oʻz voyaga yetmagan farzandlari uchun masʼuliyatini yanada oshirish;
(b) moliyaviy mustaqillikka erishgan va oila qurishga har tomonlama tayyor boʻlgan yoshlar oʻrtasida nikoh tuzishni ragʻbatlantirish;
(v) ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish tizimini takomillashtirish orqali ularning sonini keskin qisqartirish, shuningdek, bunday holatga uchragan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimini joriy etish;
(g) oila va xotin-qizlar maskanlarida nikohlanuvchilarni “maishiy zoʻravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorlash” maxsus kurslarida bepul oʻqitish bilan qamrab olish darajasini 2026-yilda 50 foizga, 2027-yilda 60 foizga va 2030-yilda 100 foizga yetkazish hamda ushbu kurslar sifati va taʼsirchanligini tubdan oshirish.
II. Erta turmush qurish holatlarining oldini olish
2. Keng jamoatchilikning tashabbusi va xalqaro tashkilotlar tavsiyalari asosida tayyorlangan nikoh yoshini kamaytirishning aniq (tugal) asoslarini belgilash toʻgʻrisidagi taklif maʼqullansin.
3. Yoshlarning oʻz hayot yoʻlini ongli ravishda belgilashiga koʻmaklashish, shuningdek, nikoh shartnomasi tuzilishini ragʻbatlantirish maqsadida belgilansinki:
(a) 2027-yildan boshlab har ikkala taraf kamida 21 yoshga toʻlganda birinchi marotaba nikoh tuzgan yosh oilalar uchun:
(i) davlat tomonidan qoʻshimcha imtiyoz va boshqa shakldagi qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etiladi;
(ii) ushbu oilalar Ijtimoiy reyestrga kiritilgan taqdirda, oilalar aʼzolariga ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, rivojlantirish, daromadlarini oshirish yoki murakkab vaziyatdan chiqarish uchun taqdim etiladigan moliyaviy koʻmaklar (subsidiya, ssuda, grantlar) qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlardan 1,5 baravarga oshirilgan holda beriladi;
(b) nikoh shartnomasini tuzgan nikohlanuvchilarni nikohni qayd etish uchun belgilangan davlat bojidan ozod etish tartibi qoʻllanadi.
4. Homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoshgacha boʻlgan farzand tarbiyasi bilan shugʻullanuvchi talabalarga oliy taʼlim olish uchun “ikkinchi imkoniyat” yaratish maqsadida 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab:
(a) kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta oʻzlashtirish sharti bilan taʼlimni davom ettirish imkoni yaratilsin;
(b) talabalar fanlar farqini mustaqil oʻzlashtirishi uchun qoʻshimcha muddat berilsin va boshqa zarur shart-sharoitlar tashkil etilsin.
5. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi uch oy muddatda quyidagilar yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(a) homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha boʻlgan farzand tarbiyasi bilan shugʻullanuvchi talabalarga akademik taʼtil davrida, ularning xohishiga koʻra, masofaviy taʼlim shaklida oʻqishni davom ettirish imkoniyatini yaratish;
(b) masofaviy taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash boʻyicha taʼlim yoʻnalishlari va qabul koʻrsatkichlarini oshirish orqali homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha boʻlgan farzand tarbiyasi bilan shugʻullanuvchi talabalarga taʼlimni davom ettirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish;
(v) akademik taʼtilga chiqqan, kursdan kursga qolgan va talabalar safidan chiqarilgan homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha boʻlgan farzand tarbiyasi bilan shugʻullanuvchi talabalar yuzasidan alohida statistik maʼlumotlarni yuritish.
6. Adliya vazirligi, Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining voyaga yetmagan shaxslar bilan nikoh tuzishga daʼvat etganlik (qiziqtirganlik) va uni targʻib qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
7. Belgilansinki, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilik yoki nikoh tuzish tartibini buzishga oid huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarima summasining 15 foizini bunday holat haqida xabar bergan shaxslarni ragʻbatlantirishga yoʻnaltirish tartibi joriy etiladi.
III. Vakolatli organ va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirilgan holda tashkil etish hamda idoralararo hamkorlikni taʼminlash
8. Nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilik yoki nikoh tuzish tartibini buzishga oid huquqbuzarliklar latentligining oldini olish, qilmish uchun jazo muqarrarligini taʼminlash va bunday holatga tushib qolgan voyaga yetmagan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha idoralararo zanjirni yaratish maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
(a) erta nikoh va 16 yoshgacha boʻlgan homiladorlik bilan bogʻliq holatlar toʻgʻrisida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berish majburiyati fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish hamda FHDYO organlari, taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillari zimmasiga yuklatiladi;
(b) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish va FHDYO organlari, taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillarining erta nikoh va 16 yoshgacha boʻlgan homiladorlik bilan bogʻliq holatlar hamda boshqa qonunbuzilishlar toʻgʻrisida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar bermasligi ularning maʼmuriy javobgarlikka tortilishiga asos sifatida belgilanadi;
(v) erta nikoh va 16 yoshgacha boʻlgan homiladorlik aniqlangan xotin-qizlar haqidagi maʼlumotlarning sir saqlanishi va himoya qilinishini taʼminlash kafolatlari nazarda tutiladi.
9. Ichki ishlar vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Bosh prokuratura, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
(a) 2026-yil yakuniga qadar Ichki ishlar vazirligining jinoyat va hodisalarni roʻyxatga olish boʻyicha elektron tizimida erta nikoh va 16 yoshgacha boʻlgan homiladorlik bilan bogʻliq holatlar toʻgʻrisida xabar berish imkonini beruvchi “Oʻsmir-signal” modulini ishlab chiqsin;
(b) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish va FHDYO organlari, taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalari, diniy idora hamda boshqa manfaatdor idoralarning axborot tizimlari, shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimini Ichki ishlar vazirligining jinoyat va hodisalarni roʻyxatga olish boʻyicha elektron tizimiga “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali integratsiya qilsin.
10. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Erta nikoh va 16 yoshgacha boʻlgan homiladorlik holatlari boʻyicha ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarini xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
11. Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili hamda erta nikoh va 16 yoshgacha boʻlgan homiladorlik bilan bogʻliq holatlar yuzasidan xabar berish majburiyati yuklatilgan tashkilotlar bilan kelishgan holda har yarim yillik yakuniga koʻra mazkur masala boʻyicha idoralararo qoʻshma umumlashtirishni oʻtkazib, ularning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida jamoatchilikni xabardor qilish amaliyotini joriy etsin.
IV. Tazyiq va zoʻravonlik holatlariga qarshi kurashish
12. 2026-yil 1-apreldan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra himoya orderi berilgan jabrlanuvchi xotin-qizlarning aloqa vositalariga (telefon, planshet va boshqa qurilmalar) Ijtimoiy himoya milliy agentligining tazyiq va zoʻravonlik holatlari toʻgʻrisida zudlik bilan xabar berish imkonini beruvchi (“SOS” chaqiruv) “my.ihma.uz” mobil ilovasi ularning roziligi bilan oʻrnatiladi.
13. Ichki ishlar vazirligi Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda zoʻravonlik holatini sodir etgan shaxsning ruhiyatida buzilish mavjud deb taxmin qilishga asoslar boʻlgan taqdirda, ichki ishlar organlari tomonidan uning majburiy ambulator psixiatr koʻrigidan oʻtkazilishini tashkil etish, ruhiyatida buzilish aniqlanganda belgilangan tartibda tibbiy muassasaga joylashtirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin.
14. Bosh prokuratura, Oliy sud, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligining qonunchilikka oʻzgartirish kiritish orqali 2026-yil 1-noyabrdan boshlab quyidagi tartiblarni belgilash haqidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) Jinoyat kodeksining 118 (nomusga tegish), 119 (jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish), 121 (shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish), 128 (oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish), 1281 (oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish), 129 (oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar boʻyicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergovni faqat prokuratura organlari tomonidan amalga oshirish;
(b) voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan shahvoniy shilqimlik boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish hujjatlarini qilmishda jinoyat alomatlari mavjud emasligi haqida prokuror tomonidan qaror qabul qilinganidan soʻng sudga yuborish.
15. Keng jamoatchilik, ekspert va faollarning jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan quyidagi takliflari maʼqullansin:
(a) Jinoyat kodeksining 118 va 119-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etganlik uchun sudlangan shaxslarni manzil-koloniyalarga oʻtkazilmaydigan mahkumlar toifasiga kiritish;
(b) mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan jinoyatlar uchun jazoni oʻtayotgan mahkumlarni psixologik tuzatish dasturidan oʻtmasdan, saqlash sharoitlarini yengillashtirish amaliyotiga chek qoʻyish.
16. 2027-yil 1-yanvardan boshlab ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik bilan bogʻliq jinoyatlar, qoida tariqasida, maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan tergovchilar va sudyalar tomonidan tergov qilinishi va koʻrib chiqilishi belgilansin.
17. Bosh prokuratura, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud va Ichki ishlar vazirligi:
(a) 2026-yil yakuniga qadar har bir hududdagi ish hajmidan kelib chiqqan holda kamida 1 nafar tergovchi va sudya xalqaro standartlarga asoslangan dastur asosida maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazilishi hamda ular tomonidan ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka oid ishlar tergov qilinishi va koʻrilishini taʼminlasin. Bunda qoida tariqasida maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazishda ayol tergovchi va sudyalarga ustuvorlik berilishiga eʼtibor qaratilsin;
(b) 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Odil sudlov akademiyasida xalqaro va milliy ekspertlarni jalb qilgan holda tergovchi va sudyalar uchun “Jinoyatdan jabrlangan ayollar va bolalar bilan ishlashning oʻziga xos protsessual jihatlari” maxsus oʻquv dasturini tashkil etsin.
18. Ichki ishlar vazirligi Bosh prokuratura, Oliy sud, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritsin:
(a) Jinoyat kodeksida voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar hamda ular bilan jinsiy aloqa qilish va uyatsiz-buzuq harakatlarni sodir etish bilan bogʻliq jinoyatlar uchun muqaddam sudlangan shaxslar quyidagi jinoyatlarni sodir etganda ularga tegishincha umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilash:
(i) oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish;
(ii) oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish;
(b) oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlarni bir guruh shaxslar tomonidan sodir etganlik uchun ogʻirroq javobgarlikni belgilash, shuningdek, tergov va sud amaliyotidan kelib chiqqan holda Jinoyat kodeksi 129-moddasi dispozitsiyasiga aniqlik kiritish;
(v) Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda shahvoniy shilqimlik va nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarlik uchun jazo sanksiyalarini oshirish, shuningdek, jinoyat ishini qoʻzgʻatish rad etilgan boʻlib, maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari aniqlangan hollarda javobgarlikka tortish tartibini takomillashtirish.
19. Barcha koʻrinishdagi tazyiq va zoʻravonlik holatlaridan himoya qilish tizimini takomillashtirish maqsadida uch oy muddatda quyidagilar yuzasidan asoslantirilgan takliflar kiritilsin:
(a) Adliya vazirligi Bosh prokuratura, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) bilan birgalikda – ayollar va bolalarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy amaliyotni oʻrgangan holda xotin-qizlarni aynan jinsi sababli qasddan oʻldirish (femitsid), oila aʼzolarini qasddan oʻldirish (familitsid), shaxsni uning erkiga qarshi ravishda noqonuniy taʼqib qilish (stalking), Internet yoki ijtimoiy tarmoqlarda sodir etiladigan zoʻravonlik (kiberzoʻravonlik), voyaga yetmagan shaxslardan jinsiy foydalanish hamda shu maqsadda Internet orqali voyaga yetmagan shaxsning ishonchini qozonish (onlayn gruming) uchun qonunchilikda javobgarlik belgilash;
(b) Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi hamda Adliya vazirligi – zoʻravonlik holatlarini sodir etgan shaxslar (agressor) bilan ishlash tizimini takomillashtirish, shu jumladan, bu jarayonda oila va xotin-qizlar maskanlari imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirish.
V. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
20. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Farmon mazmun-mohiyatini tushuntirish,
shu jumladan, oila institutini mustahkamlash va maishiy zoʻravonlikning oldini olish masalalari boʻyicha kreativ industriya mutaxassislari, bloger va inflyuyenserlarni jalb qilgan holda mediamahsulotlarni tayyorlash boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.
21. Sudyalar oliy kengashi va Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining ikki hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi reja-grafikni tasdiqlab, amaliyotga joriy etish haqidagi takliflari maʼqullansin:
(a) har bir viloyat kesimida “mahalla yettiligi” bilan oilaviy (maishiy) zoʻravonlik tushunchalari va uning oldini olishga qaratilgan oʻquv seminar mashgʻulotlari oʻtkazish;
(b) umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarida sud va huquqni muhofaza qilish organlari faxriylari ishtirokida ayollar va bolalarning huquqlarini taʼminlash, ularning jamiyatdagi oʻrnini oshirish borasida yoshlar bilan uchrashuvlar oʻtkazish.
22. Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
23. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazirning oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Z.B. Mahkamova, Bosh prokuror N.T. Yoʻldoshev va ichki ishlar vaziri A.A. Tashpulatov belgilansin.
24. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari N.J. Xakimova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring