“Ochiq urush” bayonoti: Pokiston–Afgʻoniston chegarasida keskinlik kuchaydi

11:07 27 Fevral 2026 Dunyo
499 0

Foto: Getty Images

Pokiston Qurolli kuchlari Afgʻoniston hududidagi bir qator shaharlarga havo zarbalari berdi. Bu haqda BBC hukumat rasmiysiga tayanib xabar bermoqda.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, zarbalar Kobul, Qandahor va Poktika shaharlariga qaratilgan. Bu hujumlar ikki davlat oʻrtasida 2025-yil oktyabrda eʼlon qilingan oʻt ochishni toʻxtatish kelishuviga qaramay amalga oshirilgan.

Nangarhordagi qochqinlar lageriga zarba

“Tolibon” amaldorlarining maʼlum qilishicha, Pokiston tomonidan Nangarhor viloyatidagi, Pokistondan qaytgan afgʻon fuqarolari joylashgan qochqinlar lageriga raketa zarbasi berilgan. “BBC Afgʻon” xizmati xabariga koʻra, buning oqibatida kamida 9 kishi jarohatlangan — ularning 7 nafari ayol, 2 nafari erkak. Yaradorlardan birining ahvoli ogʻir ekani aytilmoqda.

Xalqaro hamjamiyat munosabati

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish hamda inson huquqlari boʻyicha oliy komissar Folker Tyurk tomonlarni xalqaro huquq, xususan xalqaro gumanitar huquq talablariga qatʼiy rioya etishga chaqirdi. Tyurk Afgʻoniston va Pokistonni chegaradagi toʻqnashuvlar va halokatli havo zarbalari fonida muloqotga undadi.

Harbiy imkoniyatlar oʻrtasida katta farq

Tahlilchilarning fikricha, “Tolibon” hukumati Pokistonga qarshi anʼanaviy urush olib borishi ehtimoldan yiroq. Pokiston armiyasi yadroviy qurolga ega boʻlib, harbiy qudrat boʻyicha dunyodagi eng kuchli 15 armiya qatorida qayd etiladi. “Tolibon” esa asosan sobiq afgʻon armiyasidan qolgan qurol-yarogʻ, chet el kuchlari tashlab ketgan texnika hamda “qora bozor” orqali olingan vositalarga tayanadi. Mutaxassislar ular koʻproq yengil qurollar va partizan taktikalaridan foydalanishini taʼkidlamoqda.

Tinchlik va yuqori jangovar shaylik

Kobul, Qandahor va Nangarhorda vaziyat ayni paytda nisbatan tinch ekani aytilmoqda, ammo har ikki tomon chegarada yuqori jangovar shaylik holatida turibdi. “Tolibon” harbiy vakili “agar hujum qilinsa, javob qaytaramiz, ammo hozircha toʻqnashuvni boshlamaymiz”, deya bayonot bergan.

Oʻzaro ayblovlar va qurbonlar boʻyicha ziddiyatli raqamlar

Har ikki tomon birinchi boʻlib hujum qilinganini daʼvo qilmoqda. Pokiston bosh vaziri matbuot kotibi Mosharraf Zaydining maʼlum qilishicha, Pokiston zarbalari natijasida 27 ta “Tolibon” harbiy nuqtasi yoʻq qilingan, 9 tasi egallangan. Shuningdek, 80 dan ortiq tank, artilleriya vositalari va zirhli texnika yoʻq qilingan. Uning soʻzlariga koʻra, 133 nafar “Tolibon” aʼzosi halok boʻlgan, 200 dan ortigʻi yaralangan.

“Tolibon”ning javobi

“Tolibon” Mudofaa vazirligi esa Pokistonning 19 ta harbiy nuqtasi va 2 ta bazasi egallanganini, 55 nafar pokistonlik askar halok boʻlganini bildirdi. Biroq bu raqamlarni mustaqil manbalar orqali tasdiqlash mushkul. Keyinroq Pokiston ikki nafar askari halok boʻlgani va uch nafari yaralanganini tan oldi.

Portlashlar va “ochiq urush” bayonoti

AFP muxbirlari Kobulda tungi soat 01:50 atrofida kuchli portlashlar va samolyotlar ovozi eshitilganini xabar qildi. Oʻq ovozlari taxminan 02:30 gacha davom etgan. Pokiston mudofaa vaziri Xoja Muhammad Osif esa X tarmogʻidagi bayonotida “sabr kosamiz toʻldi, endi bu ochiq urush”, deb yozdi.

Siyosiy chaqiriqlar

AQSHning Afgʻoniston boʻyicha sobiq maxsus vakili Zalmay Xalilzod mojaroni “dahshatli dinamika” deb atab, ikki davlat oʻrtasida hududdan bir-biriga qarshi guruhlar foydalanmasligi boʻyicha diplomatik kelishuv tuzishni taklif qildi. Uning fikricha, bunday kelishuvni uchinchi tomon, masalan, Turkiya nazorat qilishi mumkin.

Mintaqaviy diplomatik harakatlar

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farhon Ol Saud Pokiston tashqi ishlar vaziri Isʼhoq Dar bilan telefon orqali muloqot qilib, mintaqadagi vaziyat va keskinlikni kamaytirish yoʻllarini muhokama qilgan. Ayni paytda Isʼhoq Dar rasmiy tashrif bilan Saudiya Arabistonida boʻlib turibdi.

Vaziyat hali ham keskinlashib, tomonlar bayonotlari esa turlicha va oʻzaro ziddiyatli boʻlib qolmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?