Narendra Modi Isroilda: tashrif kimlar uchun xavotirli

16:42 26 Fevral 2026 Dunyo
1081 0

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi chorshanba kuni Isroilga tashrif buyurdi. Bu uning ikkinchi kelishi boʻlib, 2017-yili ham mamlakatda boʻlgan.

Modi aeroportdan tushib kelar ekan, uni Binyamin Netanyahu qizil gilam yoyib kutib oldi. Netanyahu oldinroq mintaqadagi radikal kuchlarga qarshi ittifoq tuzishini aytgandi. Bosh vazir radikal kuchlarga qarshi kurashmoqchiligini aytib, “Sunniy” va “Shia oʻqi”ni nazarda tutgan edi.

Isroilning ochiq tanqidchisi boʻlgan Erdoʻgʻon Saudiya Arabistoni va Pokiston bilan strategik mudofaa shartnomasini rasmiylashtirayotganidan kelib chiqilsa, ittifoq kuchi kimga qaratilganini bilish qiyin emas.

Tahlilchilarning fikriga koʻra, shu fonda Hindistonning Isroil bilan chuqurlashib borayotgan hamjihatligi Islomobodning allaqachon beqaror mintaqadagi strategik hisob-kitoblariga bevosita taʼsir qiladi va ularni oʻzgartirishi mumkin.

Mudofaa va texnologiya aloqalarini kengaytirish

Hindiston-Isroil munosabatlari Modining 2017-yildagi tashrifidan beri keskin tezlashdi. Hindiston hozirda Isroilning eng yirik qurol mijozidir va navbatdagi uchrashuv kun tartibini mudofaa, sunʼiy intellekt, kvant hisoblash va kiberxavfsizlik masalalarini qamrab olgan.

Endilikda Isroil Hindistonga cheklangan harbiy texnika eksportini ochishi kutilmoqda. Muhokama qilinayotgan qurollar orasida 2025-yil dekabr oyida Isroil armiyasi qoʻshilgan 100 kvt quvvatga ega yuqori energiyali lazer quroli boʻlgan “Iron Beam” raketa mudofaasi texnologiyalarini mahalliy darajada ishlab chiqarish boʻyicha ham hamkorlik koʻrib chiqilmoqda.

“Yangiliklar shuni koʻrsatadiki, ular maxsus strategik bitim imzolashmoqchi, bu bitim oʻtgan yili Pokiston va Saudiya Arabistoni tomonidan imzolangan kelishuvga oʻxshaydi. Isroil allaqachon AQSH va Germaniya kabi davlatlar bilan shunday maxsus kelishuvlarga ega”, — deydi Pokistonning Qoʻshma Shtatlar va Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi sobiq elchisi Masud Xon.

“Biz oʻtgan yili Hindiston-Pokiston mojarosida Isroil dronlarining qanday ishlaganini koʻrdik (Hindistonning 2025-yil may oyida Pokistonga qarshi hujumlari paytida Isroil platformalaridan foydalanganligi nazarda tutilmoqda). Oʻshanda ikki mamlakat toʻrt kunlik shiddatli havo urushini olib borishgan edi”, — deydi Pokistonning Xitoydagi sobiq elchisi Masud Xolid.

Hindistonning Isroil bilan mudofaa aloqalari endi bir tomonlama emas. Al Jazeera yozishicha, 2024-yilda Isroilning Gʻazoga qarshi urushi paytida hind qurol firmalari Tel-Avivga raketalar va portlovchi moddalar yetkazib berishgan.

“Hindiston Isroil bilan strategik hamkorlikka kirganligi aniq va ikkala hukumat ham oʻz harakatlari uchun tanqid qilingan bir paytda, bu ikki tomonlama munosabatlar ikkalasi uchun ham tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda”, — dedi Ar-Riyodda joylashgan Qirol Faysal va Islom tadqiqotlari markazining hamkori Umer Karim Al Jazeera nashriga.

Netanyaxuning “Olti burchakli” ittifoqi va Pokiston

Netanyahuning “Olti burchakli” ittifoqi haqida hali aniq maʼlumot yoʻq. Bu haqida keyinroq batafsil maʼlumot berilishi aytilgan. Isroil 2024-2025-yillarda Hizbulloh va HAMAS kabi Eronga aloqador guruhlarga qarshi kampaniyasi orqali Netanyahu “Shia oʻqi” ni zaiflashtirganiga ishonsada yangi paydo boʻlayotgan “Sunniy oʻqi” uni xavotirga solmoqda.

Tahlilchilarning taʼkidlashicha, bu siyosat Isroilni keskin tanqid qiladigan davlatlar va harakatlarga, jumladan, Turkiyaga va Pokiston singari Ar-Riyod xavfsizlik aloqalarini mustahkamlagan mamlakatlarga tegishli boʻlishi mumkin. Pokiston, shuningdek, yadroviy qurolga ega boʻlgan yagona musulmon davlatidir. Bu Isroilni uzoq vaqtdan beri tashvishga solib kelmoqda: 1980-yillarda Isroil Pokistondagi yadroviy inshootga qarshi qoʻshma harbiy operatsiya uchun Hindistonni jalb qilishga harakat qilgan, ammo Nyu-Dehli betaraf qolganidan keyin rejadan voz kechgan edi.

Hindiston RAW (Qidiruv va Analiz Qanoti) hamda Isroil Mossad oʻrtasidagi razvedka maʼlumotlari almashinuvi oltmishinchi yillarga borib taqaladi.

Anqaralik mustaqil Fors koʻrfazi tadqiqotchisi Gokhan Ereli Isroil Pokistonga toʻgʻridan-toʻgʻri bosim qilishdan koʻra, Hindiston va Gʻarb bilan birgalikda tahdid qilish yoʻlini tanlashini aytadi. Ushbu fikrni boshqa tahlilchilar ham qoʻllab-quvvatlaydi.

Fors koʻrfazi muvozanati harakati

Pokiston uchun eng murakkab maydon Fors koʻrfazidir. Oʻnlab yillar davomida u iqtisodiyotining muhim ustunini tashkil etuvchi kreditlar va pul oʻtkazmalari kabi moliyaviy yordam uchun Fors koʻrfazidagi sheriklarga tayanib kelgan.

Oʻtgan yilning sentyabr oyida Saudiya Arabistoni bilan strategik oʻzaro mudofaa shartnomasi imzolangandan soʻng, Turkiyaning ham shu “frontga” qoʻshilishi boʻyicha munozaralar kuchaydi. Shunga qaramay, Pokistonning eng yaqin Fors koʻrfazi sheriklaridan biri boʻlgan Birlashgan Arab Amirliklari 2026-yil yanvar oyida Hindiston bilan strategik shartnoma imzoladi.

“Pokiston Yaqin Sharqning asosiy mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar va Quvayt bilan ikki tomonlama aloqalarini mustahkamlashda yaxshi ishlar qilmoqda. Ammo Fors koʻrfazi hamkorlik kengashidan tashqari, Pokiston mintaqaviy hamkorlikni, ayniqsa Markaziy Osiyo mamlakatlari, Turkiya, Eron va Rossiya bilan aloqalarni rivojlantirishi kerak. Savdo va hamkorlikni kengaytirish orqali geoiqtisodiyot ushbu mintaqaviy hamkorlikning asosi boʻlishi lozim”, — deydi Xolid chuqurroq iqtisodiy integratsiyaga chaqirib.

Vaziyatni yanada murakkablashtirayotgan jihat Eronning hozirgi mintaqaviy keskinlikdagi markaziy roli. Vashington Eronga qarshi potensial harbiy harakatlar bilan tahdid qilayotgani va Isroil Tehronda rejimni oʻzgartirishga bosim oʻtkazayotgani sababli, Pokiston diplomatiyani qoʻllab-quvvatlash orqali keskinlikni yumshatishga harakat qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?