Qadimiy qoʻlyozmalarni qadrlaylik

11:04 26 Fevral 2026 Jamiyat
376 0

Oʻtgan asrning 30 – yillarida Buxoro davlat pedagogika institutida faoliyat yuritgan Vohid Abdullayev qadimiy qoʻlyozma kitoblar daragini eshitib, Gʻijduvon tumanidagi Gajdumak qishlogʻiga yoʻl oladi. Yosh olim qishloq masjidi qoshidagi suvi sayoz tortgan quduqqa tashlangan kitoblarni bagʻriga bosib shaharga qaytadi.

Oʻsha kezlar sobiq shoʻro tuzumining dinga qarshi kurash niqobi ostidagi zugʻumlari avj pallaga chiqqan, odamlar qatagʻonga uchrashdan choʻchib, arabiy yozuvdagi neki kitob bor uni koʻzdan yashirish payida edi. Aftidan, shu qoʻrquv sabab kimdir kitoblarni quduqqa tashlagan. Buni qarangki, ularning xaloskori Vohid Abdullayev keyinchalik mumtoz adabiyotimizning yetuk tadqiqotchisi, akademik, Samarqand davlat universitetida qariyb qirq yil davomida talabalarga saboq bergan alloma sifatida dunyoga tanildi. Qishloq qudugʻidan topilgan qoʻlyozma asarlar va boshqa manbalar asosida “XVII – XVIII asrlar Xorazmda oʻzbek adabiyoti” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Shu tariqa Xorazm adabiy muhitida kamol topgan qator shoirlar nomi kashf etildi. Ularning adabiy merosidan xalqimiz bahramand boʻldi.

– Shu birgina misol ham qadimiy qoʻlyozmalarning xalqimiz boy madaniy merosida juda katta oʻrin tutishini koʻrsatadi, – deydi buxorolik tadqiqotchi Ahtam Ahmedov. – Oʻzligimizni anglash uchun bu merosni oʻrganish, diniy va dunyoviy tafakkur evolyutsiyasini bilish, tadqiq qilishga zaruriyat kuchaymoqda. Shu maʼnoda qadimiy qoʻlyozmalarni bebaho xazina oʻrnida koʻrib, asrab-avaylash va kelgusi avlodga yetkazish ham dolzarb yumush sanaladi.

Abu Ali ibn Sino nomidagi viloyat axborot – kutubxonasi Sharq qoʻlyozmalari boʻlimida arab, fors-tojik va turkiy tillardagi shunday nodir adabiyotlarning 872 tasi saqlanmoqda. Maskan binosining rekonstruksiya qilinib, taʼmirdan chiqarilgani tufayli ularni asrab-avaylash borasida qulayliklar yuzaga keldi. Jumladan, kitob javonlari davlat standartlariga javob beradi. Odatda, bunday javonlar poldan kamida 15 santimetr yuqorida turmogʻi kerak. Har tokchada toʻrttagacha kitob qoʻyilishi mumkin. Qolaversa, xonadagi namlik, yorugʻlik darajasi belgilangan meʼyorda boʻlmogʻi shart. Bu yerda shu talablarga rioya etilyapti.

– Har bir kitob turi va qaysi tildagi ekanligiga qarab tokchalarga qoʻyilgan, – deydi kutubxona xodimasi Gulbahor Isomova. – Shuningdek, qoʻlyozma manbalar alohida, toshbosma kitoblar alohida turibdi. Bu foydalanuvchilarga kerakli adabiyotni zudlik bilan taqdim qilish imkonini bermoqda.

Buxoroda oʻz tadqiqotchisini kutayotgan noyob qoʻlyozma asarlar juda koʻp. Shularning oz emas, koʻp emas 7 mingtasi Buxoro davlat muzey – qoʻriqxonasida saqlanmoqda. Ular orasida Sharqda yashab ijod etgan, jahon tamadduniga katta hissa qoʻshgan olimu fuzalolarning madaniyat, sanʼat, matematika, handasa, tib ilmi, biologiya, botanika, geografiya, kimyo, astronomiya, astrologiya, mantiq, falsafa, xattotlikka oid noyob asarlari bor.

– Asosiy vazifamiz bu asarlarni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, tadqiqotchilar uchun qulayliklar yaratib berishdan iborat, – deydi muzey – qoʻriqxona bosh muhofizi Firuza Sharopova. – Mazkur fond yaqin-yaqingacha Buxoro sanʼat muzeyida joylashgandi. Muzey binosi taʼmirlanayotgani tufayli qadimiy yozma manbalarni vaqtincha bu yerga koʻchirishga toʻgʻri keldi.

Muzey – qoʻriqxona koʻhna Ark qoʻrgʻonida joylashgan. Tabiiyki, bu yerdagi inshootlar qadimiy osori atiqalar, xususan, qoʻlyozma kitoblarni saqlashga moʻljallanmagan. Vaholanki, ayrimlarining yozilish sanasi VI –VIII asrlarga borib taqaladigan kitoblarni namlik, chang-gʻubor, hasharotlar zugʻumidan asrashning oʻzi boʻlmaydi. Qolaversa, bu adabiyotlar hozir qoʻlbola usulda tayyorlangan javonlarda turibdi. Fond har uch oyda hasharotlarga qarshi kurashish uchun maxsus dorilanadi. Bunday paytda qoʻlyozmadan foydalanuvchilarga ham, ularga xizmat koʻrsatuvchiga ham oson tutib boʻlmaydi. Chunki dori kishida allergiya qoʻzgʻatadi. Holbuki, bunday profilaktik yumushlarni bajarish uchun maxsus laboratoriya kerak.

Bebaho xazinani asrab-avaylash, nodir adabiyotlarni tadqiq etish uchun Buxoroda barcha talablarga javob beradigan bino qurish mavridi allaqachon keldi. Viloyat rahbarlari shu haqda oʻylab koʻrishsa ayni muddao boʻlardi. Bu davlatimiz rahbarining 2022-yil 10-fevralidagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida koʻzda tutilgan maqsadga ham mos tushardi.

– Prezidentimizning tegishli qaroriga koʻra, poytaxtdagi bir qator muassasalar bilan birga viloyatlar orasida faqatgina Buxoroda “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bakalavriat va magistratura bosqichlari uchun zarur kvota ajratilmoqda, – deydi Ahtam Ahmedov. – Shuningdek, BuxDU da “Buxoro tarixi” kafedrasi ish boshladi. Mazkur dargohda “Islom tarixi va manbashunosligi” taʼlim yoʻnalishi ochildi. Bevosita prezidentimiz tashabbusi bilan Mir Arab oliy madrasasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Tabiiyki, bu dargohlarda tahsil olayotgan ilmu toliblar hamda yosh tadqiqotchilar uchun qadimiy yozma manbalar suv va havodek zarur. Ular nazariy bilimlarini aynan qoʻlyozma manbalar asosida mustahkamlashadi. Amaliyotni fondlarda oʻtashadi. Aks holda ular argʻumoqni koʻrmagan chavandozga aylanib qolishlari tayin.

Binobarin, nodir qoʻlyozma asarlarni Buxoroda saqlash hayotiy zaruratdir. Qolaversa, arab tili va yozuvini chuqur biladigan mutaxassislar, shuningdek, bibliograflar, kitob restavratorlari tayyorlash, bu toifadagi kadrlarning maoshini oshirish, moddiy taʼminotini yaxshilash masalalari ham bor. Ularga oqilona yechim topmay turib ajdodlarimizdan bizga meros noyob kitoblarni kelajak avlodga bus-butun yetkazishni tasavvur etmoq mushkul.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?