Jizzaxda taʼlim tizimi masʼullaridan biri pora bilan ushlandi

10:13 26 Fevral 2026 Jamiyat
249 0

Jizzax viloyati taʼlim tizimi masʼullaridan birining noqonuniy harakati fosh etildi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Unda aytilishicha, korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmati va Prokuratura organlari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Aniqlanishicha, viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi oʻz mansab vakolatini suiisteʼmol qilib, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan birida tekshiruv oʻtkazmaslik evaziga, uning rahbaridan 4,8 million soʻm miqdorida pora talab qilgan.

Shundan soʻng, ushbu mansabdor shaxs soʻralgan pul mablagʻini tamagirlik yoʻli bilan olgan vaqtida tezkor tadbir xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari boshlab yuborilgan. Tergov jarayonida mazkur mansabdor shaxsning Jinoyat Kodeksining 167, 209 va 243-moddalarida nazarda tutilgan boshqa noqonuniy harakatlari ham maʼlum boʻlgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?