Matbuot – soʻz madaniyati muallimi

14:13 25 Fevral 2026 Jamiyat
430 0

Ustoz jurnalist, taniqli shoir Oʻtkir Rahmatning “Xalq soʻzi” gazetasining 2026-yil 24-fevral sonida eʼlon qilingan “Shovqin ichidagi daʼvatkor ovoz” maqolasini mutolaa qilib, ancha vaqt xayolga choʻmdim. Shovqin-suronlarga toʻla bugungi axborot maydonida haqiqiy daʼvatkor ovoz qanday yangrashi kerak, degan savol qalbimni bezovta qilib, shu oʻylarimni qogʻozga tushirishga jazm qildim.

Bugungi jurnalistika oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri — oʻquvchining nafaqat eʼtiborini, balki mehru ishonchini ham qozonishdan iborat. Zero, yuksak saviya, puxta tahlil va samimiy qalam mahsuli boʻlgan maqolagina gazetxon qalbidan joy oladi. Ana shunda oʻquvchi gazetani shunchaki varaqlamaydi, balki uni yaxshi bir asar mutolaa qilayotgandek hijjalab oʻqiydi.

Oʻzim muharrirlik qilayotgan, Sirdaryo viloyati yoshlari va pedagoglarining minbariga aylangan “Maʼrifat va yoshlar” gazetasiga kelayotgan xat va xabarlarni koʻzdan kechirarkanman, yoshlarimizning jurnalistika va adabiyotga boʻlgan qiziqishi ortib borayotganidan quvonaman. Gazetamizning navbatdagi soni oʻquvchilar qoʻliga biroz kechroq yetib borsa, tahririyat qoʻngʻiroqlarga toʻladi, soʻrab-surishtirishlar boshlanadi. Internet tezkorlik bilan hayotimizga chuqur kirib borayotgan bu davrda bosma nashrga nisbatan bunday ehtiyoj va intiqlik — quvonarli va umidbaxsh holatdir.


"Xalq so'zi" gazetasi | № 37 | 24.02.2026 (Yuklab olish)

“Shovqin ichidagi daʼvatkor ovoz” maqolasini oʻqib, tajribali jurnalistlardan biri aytgan voqea ham esimga tushdi. Kasbdoshimizning faxr bilan aytishicha, shogirdlaridan birining ilk maqolasi gazeta sahifasida chop etilgan kuni oilasi buni bayramdek nishonlabdi. Bu oddiy hodisa emas. Bu — matbuotga, soʻz qudratiga, chop etilgan fikrning qadriga boʻlgan yuksak ehtirom ifodasidir. Demak, gazeta hali ham jamiyat hayotida oʻz oʻrniga ega, uning taʼsir kuchi soʻnmagan.

Biroq quvonch bilan birga tashvishli holat ham bor. Yaʼni tahririyatimizga kelayotgan materiallarning koʻpida imlo xatolari uchraydi. Natijada tahrir jarayonida avvalo xatolarni tuzatishga vaqt sarflanadi, mazmun-mohiyatni chuqurroq tahlil qilish esa ikkinchi oʻringa surilib qoladi. Vaholanki, har bir yozilgan jumla — muallifning saviyasi, didi va masʼuliyatini namoyon etadigan koʻzgu.

Soʻz — muqaddas neʼmat. Unga eʼtibor, unga ehtirom, avvalo, imlodan boshlanadi. Mahorat maktabiga, jurnalistikaning haqiqiy amaliyot universitetiga aylangan gazetalar tahririyati har bir yosh qalamkash uchun avvalo tilga, soʻzga, yozuv madaniyatiga jiddiy munosabatda boʻlishni oʻrgatadi. Ana shunday yuksak ijodiy salohiyatga ega jamoalarda tayyorlangan bosma nashrlar mushtariylar uchun ham savodxonlik sabogʻini ulashadi. Demak, gazeta mutolaasi ham kitobxonlik bilan birdek maʼrifat va bilim beradi.

Alisher NURBOYEV,

“Maʼrifat va yoshlar” gazetasi bosh muharriri,

Sirdaryo viloyati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?